11.02.2014 15:32
Ertaga Janubiy Koreya va KXDR muzokaralar o`tkazadi
Bu Janubiy Koreyaga Pak Kin Xe prezident bo`lganidan keyingi ilk uchrashuv bo`lishi kutilmoqda, deya xabar beradi Renxap axborot agentligi.
Koreya birlashishi bo`yicha vazirligi vakilining xabar berishicha, bu mislsiz uchrashuv chorshanba kuni mahalliy vaqt bilan 10:00 da, Pxanmunchjom chegara punktida bo`lib o`tadi.
Janubiy Koreyadan muzokarada Milliy havfsizlik xizmati o`rinbosari Kim Gyu Xen, KXDRdan Vatanni tinchlik yo`li bilan birlashtirish bo`yicha Qo`mita rahbari o`rinbosari Von Don En qatnashadi.
Janubiy Koreya vazirligi vakilining aytishicha, muzokaralar 1950-1953 yillardagi Koreya urushi vaqtida ajralib ketgan oilalarning uchrashuvlari to`g`risida bo`lib o`tadi. Shuningdek, muzokaralar davomida bu oilalar uchrashuvini tez-tez uyushtirib turish masalasi ko`tariladi.
Avvaliga ajralgan oilalar uchrashuvlari 20-25 fevral kunlari bo`lib o`tishi qabul qilingan edi. 2013 yilning kuzida tomonlar uchrashuvni tashkil qilishga tayyor edilar, ammo so`nggi pallada uchrashuv bekor qilingan.