13.02.2014 11:35
97 million so`mlik pensiya va nafaqa pullari talon-taroj qilindi
Shu maqsadda mustaqillikning dastlabki yillaridanoq, respublikamizda aholini ijtimoiy himoya qilishning qonuniy asoslari yaratildi. Jumladan, yoshga doir pensiya, nogironlik nafaqasi va boquvchisini yo`qotganlik nafaqasini tayinlanishda “Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida”, “O`zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to`g`risida”gi qonunlarda nazarda tutilgan tartibda davlat tomonidan nafaqa bilan ta`minlanish huquqi belgilab qo`yildi.
Shu bilan birga ijtimoiy ta`minotning eng muhim shakllari, ya`ni fuqarolarga davlat tomonidan to`lanadigan pensiya va nafaqalarni, davlat tomonidan belgilangan yordam pullarining manzilli etkazilishini tashkillashtirish va nazoratini olib borish ham muhim ahamiyat kasb etadi. O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012 yilning 28 sentyabrida ro`yxatga olingan “O`zbekiston pochtasi” OAJ pochta aloqasining mintaqaviy (viloyat) tashkilotlari va pochta aloqasi ob`ektlari orqali pensiyalar, nafaqalar va boshqa to`lovlarni to`lashni tashkil etish to`g`risida”gi Yo`riqnoma bu borada mukammal dastur, zaruriy huquqiy hujjat bo`lib xizmat qilmoqda. Ushbu Yo`riqnomaning 2-bo`limi bandlariga asosan aloqa bo`limlari tomonidan joriy oy uchun qabul qilingan pensiya va ijtimoiy nafaqa pullari oy yakuniga qadar to`liq tarqatilib, to`lov qaydnomalari va hisobot hujjatlar tuman pochta aloqa tarmog`iga topshirilishi lozim. Shunga ko`ra, keyingi nafaqa pullari talabi belgilanadi.
Garchi har bir aloqa bo`limi xodimi mazkur Yo`riqnomada ko`rsatilgan talablarga qat`iy rioya qilgan holda faoliyat yuritishi lozimligini bilsa-da, o`z lavozimini suiiste`mol qilgan ba`zi kimsalar fuqarolarning haqiga xiyonat qilishdan ham tap tortishmaydi.
Samarqand viloyatining Bulung`ur tumanidagi “Bedana” aloqa bo`limi boshlig`i lavozimida ishlab kelgan Asliddin Xolmanovning kirdikorlarini eshitsangiz, hayratdan yoqangizni ushlashingiz tayin. Tuman pochta aloqa tarmog`i xazinasidan o`tgan yilning sentyabr oyida o`n holatda tegishli sonli 4-shakl varaqalariga asosan, u jami 132 million 85 ming so`m naqd pul mablag`larini qabul qilib olgan. So`ng A.Xolmanov Bulung`ur tuman Pochta aloqa tarmog`ining sobiq boshlig`i, marhum B.I. va tarmoqning pensiya yo`riqchisi qismi amnistiya aktiga asosan harakatdan tugatilgan shaxs bilan o`zaro jinoiy til biriktirgan. Ular o`rtasida oldindan o`zaro jinoiy kelishuv asosida g`arazgo`ylik va boshqa manfaatlarni ko`zlab soxtakorlik yo`li tutilgan. Rasmiy hujjat hisoblanuvchi va qat`iy hisobda turuvchi 130-shakl daftarining har besh kunda tarmoqqa topshiriladigan hisobotida go`yoki sentyabr oyi yakuniga qadar 841 nafar fuqaroga 132 million 85 ming so`m pul tarqatildi, degan qaydnoma bilan hujjatlarni
qalbakilashtirishgan.
Tuman Pochta aloqa tarmog`i xazinasidan qabul qilingan 132 million 85 ming so`mdan 34 million 954 ming 11 so`mi 35 nafar fuqaroga pensiya va ijtimoiy nafaqa puli sifatida tarqatilgan. 806 nafar fuqaroga sentyabr oyi holatiga ko`ra, jami 97 million 130 ming 989 so`mni egalariga tarqatmasdan, uning 77 million 129 ming 586 so`mini tarmoqning o`sha paytdagi boshlig`i, marhum B.I.ga tortiq qilgan. Qolgan 20 million 1 403 so`mini o`z manfaati yo`lida sarflagan. Shu tariqa Asliddin Xolmanov o`ziga ishonib topshirilgan va ixtiyorida bo`lgan o`zganing jami 97 million 130 ming 989 so`mlik juda ko`p miqdordagi mulkini o`zlashtirish va rastarata qilish yo`li bilan talon-taroj qiladi. Mansabdor shaxsning o`zgalarning haqiga ko`z olaytirishi oqibatida pensionerlar va ijtimoiy nafaqa oluvchilarning qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlariga jiddiy zarar etkaziladi.
Sud sudlanuvchi A.Xolmanovni O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 167-moddasi 3-qismining “a” bandi va 209-moddasi 2-qismining “a” bandlari bilan aybdor deb topib, jazo tayinladi. Jinoyat kodeksi 59-moddasiga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo`shish yo`li bilan jinoyatlar majmui bo`yicha uzil-kesil uch yil muddatga moddiy javobgarlik va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan, olti yil muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm chiqardi.
Sudlanuvchi A.Xolmanovga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining “O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining yigirma yilligi munosabati bilan amnistiya to`g`risida”gi Qarorining 7-bandi “a” kichik bandi tatbiq etilib, ozodlikdan mahrum qilish jazosining o`talmagan qismi uchdan biriga qisqartirildi.
A.Xolmanovdan sudga qadar qoplanmagan 64 million so`m etkazilgan zarar “O`zbekiston Pochtasi” OAJ Samarqand filialining hisobiga undirilishi qayd etildi.
Shuni ta`kidlash joizki, bu kabi noxush holatlarga barham berish maqsadida hududlarda aynan fuqarolarning pensiya tayinlanishi va ta`minoti bo`yicha olib borilayotgan ishlarni adolatli taftish etish, davlatimiz tomonidan ijtimoiy himoyaga yo`naltirilgan mablag`larning maqsadli sarflanishiga tegishli soha mutaxassislari alohida e`tibor va mas`uliyat bilan yondashsa maqsadga muvofiq bo`lardi. Zero, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning ham pirovard maqsadi inson manfaatlarini himoya qilish, xalq turmush darajasini yanada yaxshilash, ijtimoiy barqarorlikni ta`minlashdan iboratdir.
[left]Vahobjon FAYZULLAEV,
jinoyat ishlari bo`yicha Bulung`ur tuman sudining raisi
Shahlo Xudoyberganova, jurnalist[/left]
[right]"Darakchi" gazetasi 3-son[/right]





