Mutaxassislar fikriga ko`ra, Boysun giyohlar manbaiga boy hudud hisoblanadi. Bu erda “Omonxona”, “Xo`jamayxona” kabi davolanish maskanlaridan tashqari tumanning tog`, adirliklar, soy qirg`oqlarida yovvoyi holda yuzlab turdagi shifobaxsh o`simlik va mevalar o`sib, etiladi. Tuman 371 ming 829 gektar er maydonidan iborat bo`lib, uning 22 183 gektari ekin erlari hisoblanadi. Ayni shu sabablarga ko`ra, Prezidentimizning 2017 yil 3 maydagi PF-5032-sonli farmoyishi bilan mazkur tumanda “Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish ko`zda tutilgan.
Ushbu yo`nalishda Surxondaryo viloyati Boysun tumani, “Sayrob” shirkat xo`jaligi “Xo`jabulg`on” uchastkasidan “Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish maqsadida 39 gektar er maydoni ajratildi. Tumanni farmasevtika sanoati markaziga aylantirish, xorijiy investisiyalar jalb etish, yangi ish o`rinlarini tashkil qilish maqsadida 15 xil tibbiyot buyumlar va dori-darmon vositalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar tashkillashtirish bo`yicha 44,2 mln. AQSh dollari qiymatidagi loyixa smetasi ishlab chiqilgan.
Farmon asosida tashkil etilgan erkin iqtisodiy zonalarning faoliyat muddati keyinchalik uzaytirish imkoni bilan 30 yil etib belgilangan bo`lib, ushbu hududlarda alohida soliq, bojxona va valyuta tartiblari amal qiladi.
Xususan, O`zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, chetdan keltiriladigan texnologik asbob-uskunalar, xom-ashyo hamda butlovchi buyumlarni olib kirishda ushbu texnik vositalar bojxona to`lovlaridan ozod etilishi nazarda tutilgan. Mazkur farmonning 19-bandi ijrosi yuzasidan “Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasi hududida bojxona posti va bojxona omborlari faoliyatini tashkil etish nazarda tutilmoqda.
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi Axborot xizmati ma`lumotlariga ko`ra, ushbu Farmon ijrosini to`liq ta`minlash hamda amalga oshirilayotgan ishlar, yangi tashkil etilayotgan erkin iqtisodiy zonada uchrayotgan muammo va takliflarni o`rganish, ular yuzasidan asosli takliflar kiritish yuzasidan, shuningdek “Boysun-farm” erkin iqtisodiy zona vakillari tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlariga murojaat bo`lganda, bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini belgilangan tartibda tezkorlik bilan amalga oshirish uchun Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining mas`ul xodimlari belgilangan.
Aytish kerakki, ushbu masalalarda Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining (0376)225-05-87 yoki mazkur masalalarga bevosita ma`sul xodimlarning (0376)225-24-51 yoki 0595-502-30-16 telefon raqamlariga murojaatlar qabul qilinmoqda.
Oldinda bajariladigan ishlar talaygina bo`lsada, asosiysi maqsad sari ilk qadamlar qo`yildi. O`ylaymizki, yaqin kelajakda “Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasi plantasiyalarida etishtirilgan shifobaxsh o`simliklardan tayyorlangan dori-darmonlar “O`zbekistonda ishlab chiqarilgan” savdo belgisi ostida mamlakatimiz dorixonalarining peshtaxtalarini to`ldirib turadi.






