AsosiySport

MUHTARAMA ALIEVA 12 MARTA JAHON ChEMPIONI BO`LDI

'MUHTARAMA ALIEVA 12 MARTA JAHON ChEMPIONI BO`LDI'ning rasmi

MUHTARAMA ALIEVA 12 MARTA JAHON ChEMPIONI BO`LDI

Gresiya poytaxti Afina shahrida tosh ko`tarish bo`yicha bo`lib o`tgan bahodirlar o`yinida ko`p karra jahon chempioni, yurtdoshimiz Muhtarama Alieva o`z kuch va mahoratini yana bir bor namoyon etdi.

Mamlakatimizda xotin-qizlar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e`tibor va g`amxo`rlik, iste`dodli sportchilar qo`llab-quvvatlanayotgani samarasida xalqaro sport maydonlarida opa-singillarimiz erishayotgan yutuqlar salmog`i yildan-yilga ortmoqda.

Gresiyada bo`lib o`tgan bahodirlar o`yini musobaqalarida Germaniya, Polsha, Fransiya, Italiya, Rossiya, AQSh singari jahonning 20 dan ortiq davlatidan 100 dan ortiq polvon g`oliblik uchun bahs olib bordi.

Musobaqaning xotin-qizlar o`rtasidagi bahslarida 60 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan andijonlik Muhtarama Alieva 16 kilogramm og`irlikdagi toshni “uzun usul” (erdan elkaga, elkadan yuqoriga, yuqoridan elkaga va elkadan erga)da 10 daqiqa ichida 105 marta ko`tarib, eng yuqori natijaga erishdi va o`n ikkinchi bor jahon chempionligini qo`lga kiritdi.

– Nomdor va kuchli sportchilar ishtirok etgan musobaqada g`olib bo`lish oson kechgani yo`q albatta, – deydi Muhtarama. – Jiddiy tayyorgarlik hamda muayyan tajriba va mahorat menga juda asqotdi. Yakunda g`olib bo`lib, O`zbekistonimiz bayrog`ini xalqaro musobaqada yana bir bor baland ko`tarish sharafiga muyassar bo`lganimdan xursandman.

    Boshqa yangiliklar