25 fevral kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan taklif etilgan kun tartibi tasdiqlanganidan keyin deputatlar “Sudyalarning malaka hay`atlari to`g`risidagi nizomga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ko`rib chiqdilar. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining axborot xizmati xabar beradi. Qonun loyihasi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 30 noyabrda qabul qilingan “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish bo`yicha tashkiliy chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmoniga muvofiq ishlab chiqildi. Unda sudyalar lavozimlariga nomzodlarni tanlash, tayyorlashning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari tizimini tubdan yaxshilash, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini bundan buyon ham ta`minlash, sudyalarning malaka hay`atlari faoliyatining tashkil etilishini takomillashtirish chora-tadbirlari nazarda tutilgan. Muhokama chog`ida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda Qonunchilik palatasi ushbu qonunni qabul qildi. Qonun ma`qullash uchun Oliy Majlis Senatiga yuboriladi. So`ngra deputatlar “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartishlar kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasini ko`rib chiqdilar. Qonun loyihasi O`zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligining O`zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari davlat qo`mitasi etib o`zgartirilishi munosabati bilan ishlab chiqildi. Ayrim huquqiy normalarni amaldagi qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish maqsadida “Radiochastota spektri to`g`risida”gi, “Aloqa to`g`risida”gi qonunlarga, O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi va Havo kodeksiga tuzatishlar kiritilmoqda. Har tomonlama moddama-modda muhokama chog`ida deputatlar qonun loyihasini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar va fikr-mulohazalarni bildirdilar. Mas`ul qo`mitaga qonun loyihasini keyingi o`qishda ko`rib chiqish uchun tayyorlash chog`ida deputatlar fikrlarini inobatga olish topshirildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi o`z vakolat doirasiga taalluqli boshqa masalalarni ham ko`rib chiqdi.