1

​RAJAB ADAShEV: “HOZIR O`ZBEK KINOSI O`TISh DAVRIDA”

Madaniyat 21.11.2017, 09:45
​RAJAB ADAShEV: “HOZIR O`ZBEK KINOSI O`TISh DAVRIDA”

“Abdullajon”dagi Bozorvoy roliga ettita aktyor kinosinov topshirgan

Galdagi qahramonimiz Konstantin Stanislavskiy ta`biri bilan aytganda, san`atdagi o`zini emas, o`zidagi san`atni sevadigan professional aktyor, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Rajab ADAShEV. Aktyor ortga nazar tashlab, umr va hayot yo`lini yodga oldi...

“Sho`xligim olamni buzardi”

— 1944 yilning 15 iyulida Samarqandning Urgut tumanida tug`ilganman. Aslida tug`ilganimga bir hafta bo`lganida tug`ilganlik guvohnomasini olish haqida onamga eslatishgan. Onam mas`ul xodimga aniq sana o`rniga oy to`lin bo`lgan kechada tug`ilganimni aytgani uchun tug`ilganlik guvohnomamga taxmin qilib, 15-sana yozilgan (kuladi). Rajab oyida dunyoga kelganim uchun ismim Rajab. Otam Adash Halimov Masxarabozlar truppasida masxarabozlik, keyinchalik kolxozda qorovullik qilgan, onam Mohtoboy Yo`ldosheva uy bekasi bo`lgan. Asli ota-onamning ikkinchi turmushidan bo`lgan farzandman. Otamning rafiqasi vafot etgan, onam beva qolganidan xabardor qo`ni-qo`shnilar ularning oila qurishiga sababchi bo`lgan. Otamning birinchi turmushidan oltita farzandi, onamning bitta qizi bo`lgan. O`rta hol oilada voyaga etganman. Bolaligimda juda sho`x edim, onam hatto mehmonga olib bormasdi. Yo`qsa, mehmonning uyidagi parrandalarga mumkin bo`lmagan narsalarni edirar, qozon, chelak singari dumalaydigan jihozlarini tepalikdan dumalatib o`ynardim. Mezbon “Mohtob o`g`lingga qarsang-chi”, deb dod-voy qilardi. Shataloq otib yuraverganimdan badanimga toshmalar toshardi, biroq onam shifokorlarni yoqtirmagani bois sira shifoxonaga olib bormagan...

HECh QAYSI BAHONI XAFA QILMAGANMAN”

— Maktabga chiqishim ham qiziq kechgan. Avgust oyi edi, do`stim Hotam “yur, maktabga boramiz”, deb uyimga kelib qoldi. Qiziqqanimdan birga bordim, bizni ro`yxatga yozib, “2 sentyabrdan kelasizlar”, deyishdi. U vaqtda maktabga qabul qilish uchun hujjatlar talab qilinmasdi-da. 2 sentyabrda do`stim yana kelib, meni olib ketdi. Olti yosh bola emasmanmi, maktabga qiziqishim yo`q, istasam borardim, istamasam yo`q. Maktab davri ham sho`xligim natijasida turli sarguzashtlar bilan o`tgan. Hech qaysi bahoni xafa qilmaganman, kundaligimda hammasidan bor (kuladi). 8-sinfni tamomlayotganimizda maktab qurilishida qatnashish, har bir o`quvchiga besh yuztadan g`isht quyish majburiy etib tayinlangan. 9-sinf yakunida esa 10 va 11-sinflar ochilishi va kolxozda ishlab pul topish imkoniyati borligi ma`lum qilingan. Mablag` topishga qiziqib, may oylarida kolxoz dalasida tamaki ekib, dekabrda davlatga topshirardim. Bu mehnatimdan topgan mablag`imni zaruriyatimga sarflardim. Shu bilan birga drama to`garagiga ham qatnashardim, rus tilida minispektakllar o`ynardik. U vaqtlarda san`atga qiziqishim bo`lmagan. Lekin poydevor o`sha vaqtlarda quyila boshlagani aniq. Rassomchilikka ixlosim baland edi, chizgan suratlarim tinimsiz devoriy gazetalarda chiqardi. Shu tariqa Urgutdagi 1-sonli maktabni 11-sinfigacha o`qiganman.

“TAQDIRIMGA AKTYoR BO`LISh BITILGAN EKAN”

— Rassom bo`lish istagi kuchliligidan Toshkentdagi P.P.Benkov nomidagi Respublika Rassomlik bilim yurtiga hujjat topshirdim. Biroq qabul komissiyasidagilar chizgan rasmlarim kamligi sabab, kelasi yil kelishimni aytishgan. Ochig`i, Urgutga xursand bo`lib qaytganman, boisi onam yolg`iz qolgandi-da. Otam o`n ikki yoshimda vafot etgan, hamma mas`uliyat onamning zimmasida qolgan. Uyda yaktak, to`n tikib, tikuvchilik orqali qora qozonni qaynatardi. O`qishdan omadim kelmagach, Urgutdagi 2-qurilish trestiga ishchi bo`lib bir yil ishladim. So`ng yana poytaxtga o`qish ilinjida kelsam, yana o`sha gapni eshitdim, hafsalam pir bo`lib izimga qaytganman. Urgutdagi Xalq teatriga ishga olishgan, ajablanmang, u vaqtlarda kadr yo`qligi uchun sohadan oz bo`lsa-da xabari bo`lsa ishga olaverishgan. Uning ichida kinoteatr ham bor edi, kinolar afishasini yozardim. Bir yil davomida spektakllarda qatnashdim, teatr qoshidagi “Besh qarsak” ansamblida akkordeon ham chalganman. 1964 yili “O`zbekiston adabiyoti va san`ati” gazetasida “O`zbekfilm” kinostudiyasi qoshida Kinoaktyor studiyasi ochilayotgani va unga havaskorlar uch bosqichli imtihon asosida qabul qilinishi yozilgandi. Omadimni sinab ko`rdim, peshonamga go`zal taqdir bitilgan ekan, oradan vaqt o`tib, “O`zbekfilm” kinostudiyasi qoshidagi Kinoaktyor studiyasiga shogird qilib ishga olindingiz”, degan telegramma kelgan. (O`ylanib) o`shanda onamni yolg`iz qolishini o`ylamay, Toshkentga yo`l olgan ekanman. 1965 yildan boshlab, ko`zga arang ko`rinadigan rollar o`ynab yurdim. Bu vaqt mobaynida Kinoaktyor studiyasida aktyorlik mahoratidan saboq ham berishgan. U vaqtda aktyorlikning sir-asrorlarini qunt bilan o`rganmaganmiz. Kinoga qadam qo`ygan har bir yosh aktyorlar singari tezroq bosh rollarni o`ynash, tanilish, qizlarni yoqimtoyiga aylanish dardida bo`lganmiz. Biroq bu istaklar esa olg`a intilishga undaydi. Hozir o`ylasam, kamera qarshisida zarracha hayajonlanmay, berilgan vazifani bajargan ekanman. Rejissyor Latif Fayzievning “Natashaxonim” filmidagi rolim taqazosi bilan ot minishni ham o`rgandim, qishloqda eshakdan boshqasini mingan emasman-da (kuladi).

1969 yilda Po`lat Fayzievning “Oy borib, omon qayt” filmida Qudrat Suyunov qahramoniga kinosinov topshirganman-u, ijodiy guruh ta`tilga chiqqanmiz. Bu orada onamga nohaqlik qilib, “bu kampirning o`g`li Toshkentda, bir o`zi yashaydi”, deb Kommunistik partiya qo`mitasining binosi oldida uyimiz xarobadek ko`ringani uchun buzdirish taraddudiga tushishgan ekan. Mazkur gaplarni eshitib, Urgutga ketgandim. O`shanda rahmatli pochcham xonadoni oldidagi bo`sh erni bizga bergan. U erga poydevor quyib, uyni ko`tarayotgan vaqtimda Toshkentdan rolga tasdiqlanganim va tezda ortimga qaytishim haqida telegramma kelgan. Uydagilar “hech nimani o`ylama!” deya meni poytaxtga kuzatishgan. “Oy borib, omon qayt” filmidan so`ng Rajab Adashev bo`lib tanilganman. Va ketma-ket filmlardan takliflar tusha boshlagan.

U vaqtlarda tomoshabinlarning saviyasi yuqori edi, kinoteatrlarni bo`sh qo`yishmasdi. Shuning uchun ham chin ma`nodagi “yulduz”lar ko`p edi, lekin men ular safiga kirolmaganman. Yoqimtoy emasdim, sochim ham 1974 yildan to`kila boshlagan. Biroq “Abdullajon”dan keyin “yulduz” bo`lib uyg`onganman. Ko`cha-kuyda ko`rganlar “Rajab aka, qo`lingizni bitta olib qo`yay”, deyishar, javoban “keyin qaytarib berasiz-a?” deb kuldirardim. Mashhurlikning yomon tomoni kibrga “do`st” qilib qo`yar ekan. Kunlarning birida hamkasbim Farhod Haydarov “Rajab, filmlarda o`ynab, “ko`tarilib” ketibsanmi? Kimsan o`zi? Ko`rishishlaring boshqacha? O-o-o, Farhod aka, deysan”, deb qoldi. O`ylab qarasam, o`sha damda kibr, manmanlikka berilish ostonasida turgan ekanman. Farhod akadan minnatdorman, u “ko`chalar”ga kirib qolishimdan asragan. Aktyor samimiyati bilan tirik ekanini o`z vaqtida angladim.

Aslida “Abdullajon”ning suratga olinishi boshlanishidan bir yil avval rejissyor Zulfiqor Musoqovning O`zbekiston xalq artisti Obid Yunusovga “sizga atab zo`r rol yozyapman”, deganini eshitgandim. Shunga qaramay, ettita aktyor Bozorboy roliga kinosinov topshirganmiz. Badiiy kengashning 95 foizi meni tanlagan.

“HAMKASBLARIMNI O`YLAB, TEATRGA IShGA KIRMADIM”

— So`nggi vaqtlarda ijodga bo`lgan chanqoqlik va moddiyat “xontaxta” filmlarda ham ko`rinishimga majbur qilyapti. Lekin ularning orasida ham pichoqqa ilinadiganlari bor. Kinotanqidchilar, muxlislar xususiy kinostudiyalarga salbiy nazar bilan qarayvergani bois yaxshilari ham ko`zga ko`rinmay qolyapti. Bu bilan “maktab” ko`rmagan “rejissyor”lar ham borligini inkor etmoqchimasman. O`zimni takrorlaydigan rollar bo`lsa, o`ylab o`tirmay rad etaman. Masalan, rejissyor Farhod Xudoyberdievning “Barakasini bersin” filmida bosh rolni berishgandi, ssenariy yoqmadi, bugungi kunning qahramoni, muammolari yo`q edi. Shu bois bosh rolni emas, epizodik rolni tanladim. Biroq bosh roldan ham a`lo qilib o`ynaganim uchun ko`pgina sahnalarimni qisqartirishdi. Rejissyorlar bosh qahramonlardan e`tiborni tortib oladigan epizodni o`ynaydigan aktyorlardan qo`rqishadi. Shu bois ham filmlarda kamnamo bo`lsam kerak, biroq rejissyorlardan xafa emasman.

Kino hozir o`tish davri jarayonida. Kuni kecha yig`ilish bo`lganida so`zga chiqib, “Yaxshi otga bir qamchi...” degan maqolni ishlatdim. Gapim zamirida ikkinchi qamchi tushmasin, degan ma`no bor edi. Prezidentimiz kinoga shu qadar imkoniyat yaratib berayotganlaridan unumli foydalanib, yuqori ko`rsatgichlarga erishish kerak. Ochig`i, kinoning bugungi ahvoli hech kimni qoniqtirolmayapti. Hech qaysi rejissyor zamon qahramonini topolgani yo`q, fikrlolmayapti. Birinchi Prezidentimiz ikki marta shu mavzuda to`xtaldilar, lekin birorta rejissyor filmi bilan “labbay!” deya javob berolmadi. Agar kinochilar shu alfozda yuraversa, bu o`zbek kinosi uchun juda katta fojia, uyat! Kinochilarga hozir bitta qamchi urildi, lekin shunda ham mas`uliyatni chuqur his qilishmayapti. Ikkinchi qamchi esa og`ir bo`ladi...

Kino teatrdan ham murakkab soha. Teatrda voqea ketma-ketlikda davom etadi. Filmda esa voqeaning istalgan qismidan ish boshlanadi. Bu esa aktyordan yuqori mahorat, professonalizmni talab etadi. Teatrda so`zni yodlab, rejissyorning vazifasini bajarib bersangiz bas, kinoda esa yashash kerak! Bir nechta teatrlarga ishga chaqirishdi, “nega buni ishga olishdi, Rajab Adashev o`ynaydigan rollarni men ham o`ynay olaman-ku”, degan gap-so`zlar bo`lishini o`ylab, rad etdim. Boisi teatrda mening ampluamdagi aktyorlar ko`p, faqat ularga rol tegmaydi...

Kinodagi faoliyatimga qirq yil to`lganida nafaqaga chiqdim. Lekin hanuz filmlarga chaqirib turishadi, aktyorga talab borligining o`zi katta baxt!

TURLI QIYINChILIKLARGA ChIDAB KELGANI UChUN RAFIQAMDAN BENIHOYa MINNATDORMAN”

— 1971 yil onamning tanlovi bilan o`qituvchi qiz Ra`noxon Sirojova bilan unashtirilganmiz. Bir yil davomida to`yga tayyorgarlik ko`rilgan. U vaqtlarda bo`lajak kelin-kuyovni to`ydan avval uchrashishi uyat edi (samimiy kuladi). Rafiqam meni uzoqdan ko`rib qolsa ham qochib qolardi. 1972 yil may oyida to`y qildik. Hech qancha vaqt o`tmay, rafiqam va onamni Urgutda qoldirib, rejissyor Ali Hamroevning “Tansoqchi” filmi bilan Tojikistonga ketganman. Iyunda esa suratga olish ishlari Samarqandda o`tgan “Ustaning vasiyati” nomli to`rt qismli filmda ishtirok etganman. Ikkita o`g`lim tug`ilganida ham safarda edim, rafiqamning yonida bo`lolmaganman. Urgutga – uyga kam borganim uchun hatto farzandlarim gohida meni tanimasdi. Tinimsiz suratga olishda band bo`lganim uchun uyga uch-to`rt kungagina borardim-da. Yarim yillab ishsiz qolganimda “nega bu kasbni tanladim o`zi?” degan xayollar ham o`tgan. Toshkentda ijarada turardim, 1979 yilda o`sha vaqtdagi davlat rahbari Sharof Rashidovdan uy so`rab, xat yozganimda, iltimosim bir yilda qondirilgan va to`rt xonali uy berilgan. So`ng oilamni Toshkentga ko`chirib kelganman. Unga qadar turli qiyinchiliklarga chidab kelgani uchun rafiqamdan benihoya minnatdorman. Shukr, baxtli hayot kechirdik, ikki o`g`il, ikki qizning ota-onasi, o`nta nabiraning buva-buvisimiz.

Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.

Fotomuxbir: Islom RO`ZIEV

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1