1

Hech kim bizni enga olmaydi, agar...

Jamiyat 26.02.2014, 14:41
Hech kim bizni enga olmaydi, agar...
Bugungi farovon, tinch osuda turmushimiz qalbimizda shukronalik hissini uyg`otsa-da, bunday dorilomon kunlarga erishguncha xalqimiz ne-ne kunlarni boshdan kechirganini barchamiz yaxshi bilamiz. Ko`hna tarix sahifalarini varaqlar ekanmiz, ona zaminimiz ne-ne bosqinlarni, musibat va kulfatlarni boshidan kechirganini anglaymiz.

“O`zimizdan sotqin chiqmasa...”

Xususan, Chingizxon boshchiligidagi mo`g`ul bosqinchilarining yurtimizga qilgan yovuzliklarini arab tarixchilari quyidagicha ta`riflaydilar: “Agar kimki Tangri Odamni ato qilganidan boshlab to hozirgacha jahonda bu tariqa hodisa ro`y bermagan, desa uning gapi haqdir.

Chindan ham solnomalarda andakkina bo`lsada, bu yanglig` hodisaning bayoni uchramaydi”. 
Shuni ta`kidlash kerakki, Chingizxonning yurtimizga yurishini har bir tarixchi o`zicha baholaydi. Urushning boshlanishiga, ayrimlar Muhammad Xorazmshohni, ba`zilar uning onasi Turkonxotunni, yana kimdir O`tror hokimi Qayirxonni, boshqa birovlar esa Chingizxonning o`zini ayblashadi. Fikrimizcha, bu urush kelib chiqishining bosh sababchilari o`z vatanlariga, el-yurtiga xiyonat qilib, Chingizxon xizmatiga kirib Movarounnahr to`g`risida hamma zarur ma`lumotlarni etkazgan sotqinlar edi. Mana shu vatanfurushlar Chingizxonga O`rta Osiyoga boradigan hamma yo`llarni ko`rsatib berishgan edi. 

Oqibatda yurtimiz toptaldi, boyliklarimiz yondirildi, tashib ketildi. Hozirgi kunda ham vatanini, millatini sotgan kimsalar borki, ular o`zlarini demokrat hisoblab, chet el matbuoti orqali yurt sha`niga har xil bo`htonlar yog`dirishmoqda, safsatalar sotishmoqda. 

Shu o`rinda Yurtboshimizning “Agar biz ahil bo`lsak, el-yurt manfaati yo`lida bir tanu bir jon bo`lib yashasak, o`zimizdan sotqin chiqmasa, o`zbek xalqini hech kim hech qachon enga olmaydi” degan so`zlari zamirida qanchalk buyuk hikmat yotganini anglab etamiz.

“Bir kun janjal chiqqan uydan...”

Shimoliy Afrika va Yaqin sharq mamlakatlarida yuz bergan “Arab bahori” (aslida voqealar chuqur tahlil qilinsa “Arab qahratoni” ekani oydinlashadi) o`sha mamlakatlar iqtisodiyotini xonavayron qilib, xalqni sarson-sargardon qildi. 

Bir vaqtlar gullab-yashnagan Iroq, Liviya, Suriyada yuz minglab odamlarning halok bo`lishi, millionlab odamlarning jarohat olishi bepul pishloq qopqonda bo`lishini oshkor qilib qo`ydi. 

O`z mamlakatlarida “demokratiya qaror topishi yo`lida” ko`chaga chiqqan odamlar endilikda qattiq yanglishganlariga iqror bo`lishmoqda. Biroq otdan tushsa ham egardan tushishni istamayotgan muxolifatchilar hamon o`z maqsadlari yo`lida qon to`kilishiga yo`l qo`yishmoqda.

Urushlar nimalarga sabab bo`lishini qo`shni Afg`oniston misolida ko`rish mumkin. Bu mamlakatda 35 yildan beri qon to`kilmoqda. O`sha yilda tug`ilgan bola bugun bir necha farzandning otasiga aylandi. Uning bolalari qo`lda qurol bilan tug`ildi, desak yanglishmagan bo`lamiz. Ularning qo`lidagi o`q otar qurollarni olib, o`rniga mehnat qurollarni berish uchun ancha ish qilinishi kerak. 

Urush qadimiy sivilizasiya beshiklaridan biri bo`lgan Afg`onistonni xarob qildi. Bugungi kunda Afg`oniston jahondagi eng qoloq va qashshoq, hatto yovvoyi mamlakat sifatida tan olinadi. Zotan “bir kun janjal chiqqan joydan qirq kun baraka ketadi” degan naql ham bejiz aytilmagan.

Tinchlikda hikmat ko`p


Bundan bir necha yil avval Gollivud tomonidan suratga olingan “Buddaning ko`z yoshlari” deb nomlangan filmni tomosha qilgan edim. Bu filmda maktabga borish ishtiyoqida bo`lgan qizaloq haqida hikoya qilinadi. U o`qish maqsadida uydagi tuxumlarni, tovuqlarni sotib, daftar-qalam xarid qiladi. Ammo bozordan uyga qaytar ekan, yo`lda urush-urush o`ynayotgan bolalar qizning daftar-qalamlarini olib qo`yishadi. 

Mana shu jihatlari bilan film ishonarli suratga olinganki, bugungi Afg`onistondagi hayotni to`laligicha namoyish qiladi. Bu filmni ko`rib, ota-bobolarimiz, momolarimiz qo`llarini duoga ochganlarida “Tinchlik-xotirjamlik bo`lsin” deya tilak bildirishlari bejiz emasliklarini anglaymiz. 

Kasb taqozosi bilan bir necha yil avval xitoylik diplomatlardan biri bilan suhbatlashishga to`g`ri kelgandi. O`shanda diplomat Xitoy davlat arboblaridan biri Den Syaopin islohotlar o`tkazilishidan avval mamlakatda barqarorlik o`rnatilishi lozimligini ta`kidlaganini so`zlab bergan edi. 

Tarixdan ma`lumki, Den Syaopin olib borgan islohotlar tufayli “osmon osti” deb atalmish Xitoy osmonga chiqdi. Hozirgi kunda bu mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni dunyoning barcha mamlakatlari bozorlarida ko`rish mumkin.

Darxaqiqat, tinchlik-xotirjamlik sabab ozod vatanimizda obodlik, bunyodkorlik ishlari amalga oshmoqda. Chekka qishloq atamasi faqat jug`rofiy tushuncha bo`lib qoldi. Tog`li qishloqda yashayotgan ota o`zining poytaxtda(yoki xorijda) tahsil olayotgan, mehnat qilayotgan  farzandi bilan zamonaviy texnologiyalar orqali diydor ko`rishish, suhbatlashish imkoniyatiga ega bo`ldi. 

Farzandlarimiz hech kimdan kam bo`lmagan holda kamol topmoqda. Ularning barkamol avlod bo`lib voyaga etishlari uchun barcha shart-sharoit, imkoniyatlar yaratilgan. Bu imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan o`zbekistonlik  bolalar xalqaro darajada o`tkazilayotgan fan va sport musobaqalarida sovrinli o`rinlarni qo`lga kiritib, Vatanimiz shuhratini olamga yoyishmoqda. 

Obamaning iqrori

AQSh Prezidenti Barak Obamaning 2009 yil 4 iyun kuni Qohira Universitetida so`zlagan nutqini ko`p eslayman va ko`p uchrashuvlarda aytib yuraman. Oq uy raxbari o`shanda shunday degan edi:  

“Tarixga qiziqqan inson sifatida men sivilizasiya islom oldida qanchalik qarzdor ekanligini ham bilaman. Aynan islom asrlar davomida ilm nurini taratib keldi va Evropadagi tiklanish va ma`rifatga yo`l ochdi. Musulmon jamiyatlarining ilg`orlik ruhi  tufayli algebra tartib-qoidalari, magnitli kompas va navigasiya uskunalari, yozuv mahorati va nashriyotga ega bo`ldik, kasalliklar tarqalishi va ularni davolash yo`llari haqida tushuncha hosil qildik. 

Islom tamadduni bizga ulug`vor arkalar va baland minoralar, vaqt hukmiga bo`ysunmaydigan she`riyat va jozibali musiqa, husni hattotlik va huzur-halovat ila tafakkur qilish imkonlarini berdi”. 

Bu nutq bilan tanishar ekansiz, AQSh prezidenti o`zbek mutafakkirlarini (algebra tartib-qoidalari deganda Al-Xorazmiyni, magnitli kompas deganda Abu Rayhon Beruniyni, navigasiya uskunalari deganda al-Farg`oniyni, kasalliklar tarqalishi va ularni davolash yo`llari deyilganda Ar-Roziy va Ibn Sino) nazarda tutganligiga ishonch hosil qilasiz.

Ulug`vor arkalar va baland minoralar (Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz), vaqt hukmiga bo`ysunmaydigan she`riyat (A. Navoiy, Z.Bobur) va jozibali musiqa(Al-Farobiy) deyish bilan Barak Obama O`zbekistonni nazarda tutmadimikan. Demak AQSh prezidenti fikricha, “Sivilizasiya islom oldida qanchalik qarzdor” bo`lsa xalqimiz oldida xam shunchalik qarzdordir. 

Oqqan daryo oqaveradi...
   
G`arb olami bu haqiqatni bugun tan olayotgani yo`q. Bundan olti asr ilgari Ispaniya qirolining elchisi Don Ryui Gonzales de Klavixo “Samarqanddagi  Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi” asarida quyidagi gaplarni yozib qoldirgan. 

“Bu xalq bilan shox (ya`ni Amir Temur ) ko`plab ulug`vor jasoratlar ko`rsatdi, ko`plab g`alabalar qozondi.  Bu mehnatsevar, mohir chavandoz kamondan otuvchi mergan, umuman sabot-matonatli xalq. Issiq va sovuqqa, ochlik va tashnalikka jahondagi har qanday eldan ko`ra sabotli va chidamli xalq”. Bir paytlar Amir Temur boshchiligida shon-shuhrat qozongan halq bugun yana azaliy dovrug`ini qayta tiklayotir.

Bugungi kunda prezident Islom Karimov olib borayotgan to`g`ri va oqilona siyosat tufayli mamlakatimiz o`zining qadimiy obro`sini qayta tikladi. Prezidentimizning “O`zbekiston-bozor munosabatlariga o`tishning o`ziga xos yo`li” kitobidagi  “O`zining milliy davlat manfaatlari ustuvorligida o`zaro manfaatlarni har tomonlama hisobga olib, respublika biror bir buyuk davlatning ta`sir doirasiga kirmasligi darkor”, degan fikrlari bugungi kunda amaliy ifodasini topmoqda. 

Mamlakatimizda olib borilayotgan oqilona ichki va tashqi siyosat tufayli xalqimiz nimalarga qodir ekanligini dunyoga namoyon qilmoqda. Yana xalqimiz iboralariga qaytadigan bo`lsak, oqqan daryolar yana sharqirab oqaveradi. 

                                              [right]Sharofiddin TO`LAGANOV, siyosiy sharhlovchi[/right]

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1