AsosiyJamiyat

​HUSAYN BOYQARONING DUNYo  KEZGAN ShOHONA DEVONI

'​HUSAYN BOYQARONING DUNYo  KEZGAN ShOHONA DEVONI'ning rasmi

Husayn Boyqaroning devoni o`z davrida bir necha marotaba ko`chirilgan va shohona kutubxonalarda saqlangan. Ayni paytda Rossiya Fanlar akademiyasining Sharq qo`lyozmalari instituti (Sobiq Osiyo muzeyi) da ham Husayniy devonining shohona nusxasi saqlanmoqda.

Mazkur qo`lyozmani “davlat maslahatchisi” unvoniga ega bo`lgan mashhur sharqshunos olim V.S. Golenishev (1856-1947) hadya qilgan. Ma`lumotlarga ko`ra, Golenishev kuchli sharqshunos olim bo`lib, Mirs tarixi bo`yicha juda katta tadqiqotlarni amalga oshirgan. Umrining so`nggi yillarida Fransiyada Nissada yashagan. U 1884 yilda Usmoniylar davlati poytaxtida Istanbulga boradi. Bu erda u Husayn Boyqaroning shohona devonini qo`lga kiritadi.

1910 yilda Peterburgga qaytgan Golenishev ushbu nodir qo`lyozmani muzeyga taqdim etadi. Afsuski, olim bu qo`lyomani qay tariqa va kimdan olgani haqida ma`lumot bermagan.

28-29 noyabr kunlari Toshkent shahrida bo`lib o`tadigan “Zamonlar chorrahasi – O`tmishning boy merosi – ma`rifiy kelajak poydevori” mavxzusidagi media-forum doirasida ushbu shohona devonning zamonaviy texnologiyalar asosida olingan nusxasi O`zbekistonga olib kelinadi. Ushbu qo`lyozma nasta`liq xatida, sifatli qog`ozda ko`chirilgan va shohona bezaklar berilgan. Sahifalariga oltin zarralari sepilgan.

Devonda o`ta mahorat bilan bilan ishlangan to`rtta miniatyura, nafis naqshlardan hosil qilingan ikkita zarvaraq, Husayn Boyqaroning turli davrlarda bitilgan 154 ta g`azali (shundan ikkita g`azali to`liq emas) o`rin olgan.

Kitob o`zining shohona badiiy bezaklari, shakl-shamoyili, naqsh va miniatyuralarning bejirimligi bilan sharq kitobat san`atining bebaho durdonasi bo`la oladi. Shuningdek, bu kitob Temuriy davri madaniyati, xususan, xattotlik, tasviriy san`at va va kitobat san`ati xususida muayyan tasavvur uyg`otadi.

Bu bebaho qo`lyozmaning faksimile nusxalari Evropaning bu borada juda katta tajribaga ega bo`lgan mashhur bosmaxonalarida chop etildi. Ushbu qo`lyozmalar oltin bilan sayqallanib, maxsus qog`ozlarda, asl nusxasiga juda yaqin ko`rinishda ko`chirildi. Nusxalar shu qadar ajoyibki, ularni bir qarashda haqiqiysidan ajratib bo`lmaydi. Rossiya Fanlar akademiyasining Sharq qo`lyozmalari instituti hamda Fransiya Milliy kutubxonasida saqlanayotgan bu nodir qo`lyozmalarning faksimile nusxalari “Sharq yozma yodgorliklari durdonalari” loyihasi doirasida O`zbekistonga taqdim etiladi.

    Boshqa yangiliklar