Respublika Markaziy banki va «Moody’s» xalqaro reyting agentligi hamkorlikda tijorat banklari tomonidan xalqaro reyting baholarini olish, banklar faoliyatini baholash va tahlil etishning xalqaro standartlarini joriy etish masalalariga bag`ishlangan navbatdagi yillik konferensiya o`tkazdi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «2011-2015 yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish, uning barqarorligini oshirish va yuqori xalqaro reyting ko`rsatkichlariga erishishning ustuvor yo`nalishlari to`g`risida»gi qarori talablari doirasida tashkil qilingan mazkur tadbirda tijorat banklarining rahbarlari va mas`ul xodimlari ishtirok etishdi, bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Markaziy bank mamlakatimiz bank tizimining bosh muvofiqlashtiruvchisi sifatida tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, banklarning yuqori xalqaro reyting ko`rsatkichlariga erishish, ularning moliyaviy barqarorligini oshirish va banklar faoliyatini baholash va tahlil etishning xalqaro standartlarini joriy etish, xalqaro moliya bozorlarida banklarning ishtirokini kengaytirish orqali ularning investision salohiyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil amalga oshirib kelmoqda.
Konferensiya davomida banklarning moliyaviy hisobotlarini «Moody’s» reyting metodologiyasi asosida tahlil etish hamda tijorat banklari faoliyatiga xalqaro norma va standartlarga asoslangan zamonaviy baholash tizimini joriy etish imkoniyatlari bilan bog`liq masalalar ko`rib chiqildi.
Xususan, «Mudis» agentligining ekspertlari o`z metodologiyasi asosida banklarga kredit reytingini berish jarayoni to`g`risida batafsil tushuntirishlar berishdi, MDH mamlakatlari bank tizimlarining hozirgi holati obzori bilan tanishtirishdi, shuningdek O`zbekistonda bank tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari yuzasidan o`z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Agentlik ekspertlari qayd etishicha, bugungi kunda «Moody’s» MDHning 6 ta davlati, ya`ni O`zbekiston, Rossiya, Ukraina, Belorussiya, Ozarbayjon va Qozog`iston bilan hamkorlik qilmoqda. Ulardan faqat ikki davlat, shu jumladan O`zbekiston bank tizimining rivojlanish istiqboli «barqaror» darajada baholanmoqda.
Ekspertlar ta`kidicha, O`zbekistonning asosiy eksport tovarlari bo`yicha dunyo bozorlaridagi narx barqarorligi, davlat va xususiy sektorning sezilarli darajadagi kapital qo`yilmalari, aktivlar sifati va kapitalning o`sish tendensiyasi, tizimda likvidlik holatining yaxshiligi, kapitalning ichki resurslar hisobiga oshib borishi, iqtisodiyotning o`sishi hisobiga banklar daromadining oshib borishi, hukumatning banklarni faol qo`llab-quvvatlashi bank tizimining rivojlanish istiqboli barqarorligi omili bo`lib qolmoqda.
Ta`kidlash lozimki, 2013 yil avgustida «Moody’s» xalqaro reyting agentligi “O`zbekiston bank tizimining rivojlanish istiqbollari” to`g`risida hisobotini e`lon qildi va ketma-ket to`rtinchi yil ham O`zbekiston bank tizimining rivojlanish istiqbollarini “barqaror” deb baholadi.
«Moody’s» agentligi fikriga ko`ra, ushbu ijobiy bahoning asosiy omili banklarga qulay operasiya muhitini yaratib berayotgan respublika iqtisodiyotining barqaror o`sish sur`atlaridir.
So`nggi yillarda mamlakatimizda moliya-bank tizimining barqarorligini oshirish bo`yicha katta ishlar amalga oshirildi. Bank tizimining ko`rsatkichlari nafaqat xalqaro standartlarga javob beradi, balki bir qator normativlar bo`yicha yanada mustahkam o`rinlarga ega.
Natijada bugungi kunda barcha tijorat banklari katta uchlik - «Moody’s», «Standard&Poor’s» va «Fitch Ratings» xalqaro reyting agentliklarining barqaror reyting ko`rsatkichlariga ega.
Mazkur konferensiyada ishlab chiqilgan tavsiyalar respublika bank tizimining barqarorligini oshirish va islohotlarni yanada chuqurlashtirishga, etakchi reyting agentliklarning standartlari va baholash ko`rsatkichlari asosida tijorat banklari faoliyatini baholash tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.