AsosiyShou-biznes

Mahmud Namozov: “Surxon”ning bugungi kuniga achinaman!”

San`atda oltin o`rtalik tushunchasi bor. Bu ro`yxatga hamma ham kiravermaydi. Chunki o`z mavqeini bir necha yillar davomida bir maromda ushlab turish oson ish emas. O`zbekiston xalq artisti Mahmud Namozovni xuddi ana shu ro`yxatga kiritish mumkin. U ortiqcha mashhurlikni talab qilmaydi. Zo`rma-zo`raki ijod yo`lidan yurmaydi. Aksincha, oyda-yilda bir qo`shiq chiqaradi. Hamma hamkasblari singari emas, hech kim jazm qilmagan yo`nalishda namoyon bo`ladi. Ko`za qo`shig`ini isbot tariqasida keltirish mumkin. Anglaganingizdek, bugungi suhbatdoshimiz folklor san`atining taniqli vakili Mahmud NAMOZOV...

— Mahmud aka, Ijodingizda nima yangiliklar?” degan navbatchi savollarni chetga surib turaylik-da, suhbatni hammani qiziqtiradigan, jiddiy savollardan boshlasak.

— Bajonidil. Shundoq ham jurnalistlarimizning bir xil savollaridan charchaganman.

— So`nggi vaqtlarda internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda juda faolsiz. Yo bu sahifalardan sizning nomingiz bilan boshqa odam foydalanadimi?

— Rostini aytsam, faqat www.facebook.com tarmog`ida borman, xolos. Qolganlariga vaqtim etmaydi.

Ko`pchilik “Mahmud Namozov internetga kirib soatlab o`tirish u yoqda tursin, hatto uni ishlatishni ham bilmasa kerak”, deb o`ylashi turgan gap.

— Bu fikringizni rad etmayman. Shu vaqtgacha “Menga kompyuter nimaga kerak, yonimdagi yordamchilar hamma ishni o`zlari bajarib qo`yishadi-ku!” degan fikrda edim. Afsuski, yanglishgan ekanman. Hozir kompyuterni bilmasangiz, qaysidir ma`noda telefonni ham ishlata olmaysiz. Shuning uchun o`rganishga, ijtimoiy tarmoqlarga kirib, muxlislarim bilan fikr almashishga qaror qildim. Hozir o`zim foydalanadigan ijtimoiy tarmoqda Mahmud Namozov fan-klubi tashkil etilib, unga dunyoning turli mamlakatlaridan 17 ming muxlis a`zo bo`lishgan. Bu fan-klubda nafaqat men haqimda, balki milliy san`atimizga ulkan hissa qo`shgan boshqa san`atkorlar, shoir, yozuvchilar haqida ajoyib maqolalar chop etiladi. Xullas, internet bilan zerikmaysiz. Ammo juda ko`p vaqtimni o`g`irlagani sababli, har bitta odamga javob qaytarishga vaqtim etmaydi.

U erda joylashtirgan suratlaringizda juda yosh ko`rinasiz. Yo ataylab yosh ko`rinishga harakat qilasizmi?

— Yo`q, yoshini yashirib, borgan sari yigit bo`lishga intiladigan erkaklardan emasman. Sochimizga oq tushib, keksayapmizmi, bundan sarosimaga tushmasligimiz, aksincha quvonishimiz kerak. Axir bu kunlarga ham etmaganlar oz emas.

— Nega sochingizni bo`yaysiz?

(Kulib) Kim aytdi, sochini bo`yaydi, deb. Bu ma`lumotni birinchi bor eshitishim. Shukr, sochim shu yoshimda ham qop-qora. Lekin sochimga oq tushganda ham uni sun`iy yo`l bilan qoraytirmayman. Inson avvalo qalban pok, odamlarga yaxshilikni tilab yashaydigan, hasadni emas, havasni xush ko`radigan bo`lsa, albatta yosharib yuraveradi.

— Mahmud Namozovni so`ngi paytlarda TVda ham, konsert dasturlarida ham uchratmayapmiz. Go`yoki, sizning ijodingiz faqat to`y bo`lib qolgandek?

— Yo`q, adashasiz. Ko`pchilik yaxshi biladi, men o`zimni to`ylarga uraveradigan xonanda emasman. Agar istasam har kuni televizorga chiqib, har oy yangi klip taqdim etishim mumkin. Lekin o`shanda “Buncha ko`p chiqaverasiz, bo`ldi-da!” degan gap bo`ladi. Shuning uchun ora-orada etti yoshdan etmish yoshgacha bo`lgan muxlislarga ma`qul keladigan qo`shiqlar tayyorlab, ommaga havola etishni ma`qul ko`raman.

— Sizning yoshingizdagi ko`pchilik san`atkorlar oyda bir yig`ilib, gurunglashib turishlaridan xabarimiz bor. Hatto qo`l telefoni orqali ijtimoiy tarmoqlardan birida Ozodbek Nazarbekov, Gulsanam Mamazoitova, Hosila Rahimova va qator taniqli san`atkorlarimiz guruh tashkil qilib, har daqiqada suhbatlashib turishadi. Ammo na o`sha guruhda va na yig`inlarda sizni uchratmaymiz. Hatto hamkasblaringizning konsertlariga ham bormaysiz?

— Nega? Borib turaman.

— Xo`sh, 2013 yilda kimning konsertiga bordingiz? Sizni “E`tirof” taqdimot marosimidan tashqari, boshqa konsert dasturda ko`rmadik.

— To`g`ri, o`tgan yili konsertlarga bormadim. (O`ylanib) Ko`pchilik san`atkorlar konsert dasturlariga taklif qilishadi. Gapingiz rost, ishlarim ko`pligi tufayli konsertlariga bora olmayapman. Endi o`ylab qarasam, odamlar shunga ham e`tibor berarkan. Demak, o`zimning shu qozonda qaynayotganimni bildirib turish uchun bunday davralarga borib turishim kerak ekan.

— Har yili katta bayram tadbirlarida ishtirok etgan san`atkorlar bayramdan so`ng bir dasturxon atrofiga to`planishni odat qilishgan. Bu yil xonanda Ziyoda va Malika Egamberdieva hammani bir piyola choyga taklif qildi. Lekin u erda ham ko`rinmadingiz. Yo ular bilan munosabatlaringiz yaxshi emasmi?

— Yo`q. Hammasi bilan juda yaxshi munosabatdamiz. O`sha o`tirishga meni ham taklif qilishgandi. Lekin o`sha kuni rejalashtirgan boshqa ishlarim borligi uchun bora olmadim. Ochig`ini aytsam, menga bunday davralarda o`tirish unchalik qiziq emas.

— Nima uchun? U erdagi “suhbat”lardan qochasizmi?!

(Kulib) Siz meni yomon qistovga olyapsiz-da. Bir ishni bajarayotganimda o`zimni go`yo hech narsaga ulgurmayotgandek his qilaman. Shuning uchun bunday tadbirlarga borishni ham yig`ishtirib qo`yganman.

— So`nggi vaqtlarda ijodingizdagi sustlik nimadan dalolat?

— Men ijodimni sust, deb aytolmayman. Chunki yangidan-yangi qo`shiqlar ustida ishlayapmiz. Masalan, Navro`z bayramiga folklor yo`nalishda juda katta chiqish tayyorladik. Bundan tashqari, Samarqand-Buxoro yo`nalishida 15 ta qo`shiqni yozib tugatdim. Bilasizmi, shuning o`zi kishidan qancha mehnat talab qiladi. Samarqand-Buxoro yo`nalishi — juda qadimiy va og`ir yo`nalish. Bu yo`nalishda qo`shiq kuylashdan avval ustozlar ijodini o`rganish talab etiladi. Shaxsan mening bu borada xato qilishga haqqim yo`q!

— Mahmud Namozov qaysi qo`shiqlarida o`z “men”ini ko`radi?

(O`ylanib) 2012 yil lisenziyam muddati tugatilib, ijodimda biroz uzilishlar bo`ldi. O`shanda qattiq tushkunlikka tushgandim. Bo`ldi, san`atimning oxirgi nuqtasiga etib keldim, shekilli, degan fikrda edim. Yaratganning o`zi menga kuch berib, har qanday yomon fikrlarni ongimdan chiqarib tashlab, ijod qilishga undadi. Oradan ko`p o`tmay lisenziyamni qaytarib berishdi. Va “2012 yil fevral” nomli yangi musiqiy albom chiqardim. Bu albomdagi qo`shiqlarni eshitib ko`rsangiz, nima demoqchi bo`lganimni, hayotda bor topganlarim-u yo`qotlarimni, Mahmud Namozov qalban qanday inson ekanini bilib olasiz. Albomni “2012 yil fevral” deb nomlashimga sabab, ayni o`sha damda lisenziyam muddati tugatilib, qattiq tushkunlikka tushganim bo`ldi.

— “Nola” guruhi ajralganida O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Abdulla Shomag`rupov ko`p narsa yo`qotmadi, mavqeini ushlab qoldi. “Sato” guruhi esa ajralish arafasida turganidan xabaringiz bor. Ko`pchilikning fikricha “Sato” ajralsa, Toir Qo`ziev yutqazmaydi. “Surxon” guruhi ajralganidan ham siz ko`p narsa yutqazmadingiz. Aksincha, guruh avvalgi mavqeini ushlab qola olmadi.

— Bu mavzuga ortiqcha to`xtalish tarafdori emasman. Vaholanki, ularni tahlil qilishga, kerak bo`lsa tanqid qilishga ikki yuz foiz haqqim bor. Lekin bu mardning ishi emas. Yuqoridagi misollarni juda to`g`ri keltirdingiz. Bilasizmi, qachondir mening o`g`lim va siz qo`shiq aytsangiz, o`g`limning tanilib ketishiga nisbatan kafolat kuchliroq bo`ladi. Chunki uning ortida Mahmud Namozovdek otasi turibdi. Bu misolni bejiz keltirayotganim yo`q. “Surxon” guruhiga ijodni o`shanday ushlab turishga ellik foiz kafolat berib, o`zim noldan boshlayman, deb chiqib ketgandim. Ammo yigitlar guruhning oldingi mavqeini ushlab turishni eplay olishmadi. Xullas, bu mavzuga ortiqcha to`xtalib, kimnidir xafa qilib qo`ygim kelmaydi. Nima bo`lsa ham omadlarini bersin.

— Guruhning bugungi faoliyatiga qarab, nimalarni o`ylaysiz?

(O`ylanib) achinaman... Bu guruhning shu darajaga etishiga oz mehnat qilmagandik.

— O`tgan yili bir tadbirda xuddi avvalgidek “Surxon” guruhi tarkibida chiqdingiz. Ayni o`sha damda yuragingizdan nimalar o`tdi?

— Hech narsa. Odam o`zi egisi kelmagan ovqatni zo`rlab edirishsa qanday ahvolga tushadi? Men xuddi shunday bo`ldim.

— Folklor yo`nalishda ijod qilayotgan san`atkorlarimizdan birortasi qandaydir yangilik qilmagunicha, hamma qo`l qovushtirib o`tiradigan bo`lib qolgan. Siz “Ko`za afsonasi”ni kuylab chiqqaningizdan keyin Hosila Rahimova ham shu yo`nalishdagi “Roksana” nomli qo`shiqni havola etdi. Lekin “Ko`za”chalik ommalashmadi. Umuman olganda bugungi hamkasblaringizning folklor yo`nalishidagi ijodiga qanday baho berasiz?

— Kimnidir yaxshi, kimnidir yomon, deyish fikridan yiroqman. Lekin siz aytgan gaplarga qo`shilmaslikning iloji yo`q. Yaqinda bir shogirdim “Mahmud aka, bir qo`shiq yozgan edim, eshitib ko`rsangiz. Klip ham oldirdim”, deb yonimga keldi. Sazasini o`ldirmay qo`shiqni eshitib, klipini tomosha qildim. Qo`shiq oxiriga etmasdan haligi yigitdan  “Bu qo`shiqni kim yozdi?” deb so`radim. Axir sen mening yo`nalishimda ijod qilib, “Nihol” mukofotini olganding-ku, turkcha yo`nalishda qo`shiq aytishni kim qo`yibdi, senga deb koyib berdim. Haligi yigit shunchalar soddami bilmadim, hatto “Klipingga qancha pul sarflading” desam, “Hozir dadamdan so`rab ko`ray?” deydi. Demoqchi bo`lganim, biz bu yo`nalishda ancha yo`lni bosib o`tdik. Shuning uchun navbat shogirdlarning qo`lidan tutib, to`g`ri yo`lni ko`rsatishga. Qanday kuylashidan qat`i nazar, o`zbekligi bilinib tursin. Mana, masalan, Munisa Rizaevani o`z yo`lida yangilik yaratdi, deyishadi. Vaholanki, bu “yo`l” avval ham bor edi. O`sha biz bir paytlar aytgan zamonaviy va etno qo`shiqlarning yangicha uslubi, xolos. Ammo bu qiz ayni shu yo`nalishda e`tibor topdimi, omadini bersin. Sardor Mamadaliev ham juda katta san`at sohibi bo`lmasa-da, o`z yo`nalishini topgan xonanda. Uning ham ijodi o`ziga yarasha.

— Bugun sochiga hatto oq oralashga ulgurmagan Mahmud Namozov ikki nabiraning bobosi. Xo`sh, bobo bo`lish qanday ekan?

— Bunga ortiqcha ta`rif berib o`tirmayman. Chunki dono ota-bobolarimiz eng sodda, eng ko`rkam, eng yoqimli ta`rifni aytib ketishgan. Nima ham derdim “Danagidan mag`zi shirin-da!”

Qamariddin ShAYXOV tayyorladi.

Fotomuxbir: Ravshan ShOKIROV.

    Boshqa yangiliklar