Sho`x-shaddot, dangalchi bu xonanda bilan suhbatlashish juda maroqli. Boshqa ba`zi hamkasblari singari o`zini “farishta” qilib ko`rsatishga urinmaydi. “Asling kabi ko`rin yo ko`ringaning kabi bo`l” naqliga amal qiladi. Anglaganingizdek, galdagi suhbatdoshimiz Nilufar USMONOVA bilan ochiqcha, dangaliga suhbat qurdik...
— Ko`ngildagidek ona ekaningizga yana bir karra amin bo`ldim. Kechagina ikkinchi o`g`lingiz Ibroximxonning tug`ilgan kuni munosabati bilan barcha ishlaringizni bekor qilib, uyda o`g`lingiz yonida bo`lganingiz taxsinga sazovor!
— Rahmat (samimiy kuladi)! Tug`ilgan kunni oila-a`zolarim va yillar sinovidan o`tib yonimda qolgan do`stlarim davrasida nishonladik. Bolaligimda onam tomonidan men uchun bunday vaqt ajratilmagan. Avvalo xalqning xizmatini qilib, so`ng oilaga e`tibor qaratgan. O`shandayoq “Oila qurib, farzandli bo`lganimda onam tutgan yo`lning teskarisiga amal qilaman!” deb o`zimga o`zim so`z bergandim. Qaysidir ma`noda onamning yuqorida ta`kidlaganimdek jihatini nabiralari qayta tarbiyaladi (kuladi). Sababi, Ibrohimxonning tavallud kunida onam ham barcha ishlarini chetga surib, vaqtini nabirasiga bag`ishladi.
— Kenjatoyingiz Sulaymonxonni OAVlarda ko`rsatishni qat`iy istamagandingiz. Vaqt o`tib, ijtimoiy tarmoqlarga uning rasmlarini joylashni boshladingiz. Bu beqarorligingizdan darakmi?
— Aslida bir so`zliman, lekin vaziyatga qarab qarorimni o`zgartirishim ham mumkin. Sulaymonxon katta bo`lib qolgani uchun ham uni ortiq yashirmayapman. Kichikligida atrofimdagilarning “ko`z tegadi”, degan gaplarini inobatga olgan holda o`g`limni ommaga ko`rsatishni istamagandim.
— Irimlarga ishonmasdingiz chog`i?
— To`g`ri! Lekin ko`z tegishiga ishonaman (kuladi).
— Nilufar Usmonovada yagona muammo bu — ozish. Uchinchi farzandingiz tug`ilgach, qomatingiz sabab, “depressiya”ga tushib qolgandingiz. Avvalgi xolingizga qaytgansiz...
— So`zingizni bo`laman, rosti, hozirgi qomatimdan haliyam qoniqmayapman. Ozishim o`n oy vaqtni talab qildi. Fitnes bilan shug`ullanish barobarida, to`g`ri ovqatlanish qoidalariga ham amal qila boshladim. Bilasiz, xalq xizmatlarida chin dildan raqsga tushib, qo`shiq kuylayman. Chunki peshonamdan ter oqmasa hisobmas! Xizmat haqqimni hallolab olishim kerak. Tinimsiz harakatda bo`lganim ham tezroq ozishimga sabab bo`ldi. Yana 5 kiloga ozsam bo`ldi (kuladi).
— Imidjingizni tez-tez o`zgartirib turishga odatlangansiz. Lekin ancha yildan buyon maxsus parvarish qilib kelayotgan uzun sochingizni kesishga qanday ko`zingiz qiydi?!
— Ketma-ket farzandli bo`lganim sabab, sochim to`kila boshladi. Yana “dipressiya”ga tusha boshladim. Bu xolatdan qutilish uchun sochimni kaltalatdim. Balki yaqin orada bundan ham kaltaroq soch turmagida ko`rib qolarsizlar (kuladi)...
— Nilufar, “shaxsiy hayotim batamom izga tushdi, kelajakdan ko`nglim to`q”, deyolasizmi?
— Kelajagimdan doim ko`nglim to`q bo`lgan. Shaxsiy hayotim iziga tushgan ham deyolaman. Hayotga real ko`z bilan qarab, taqdirga tan bermaslikka odatlanganman. Birinchi turmushim omadsiz bo`lganida, to`g`ri tushkunlikka tushganman. Lekin “demak, shunday bo`lishi kerak ekan”, deb yaxshilikka intilib yashayverganman. Siqilishdan foyda yo`qligini tushundim. Farzandlarim, meni oldinda kutib turgan yanada baxtli hayot uchun sog`ligimni asrashim kerak!
— Ijtimoiy tarmoqlardan birida rasmingizga qoldirgan izoxingiz e`tiborimni tortdi. “Meni sevgan inson, buni ochiqcha tan olishini istayman. Yo`qsa bu haqorat bilan teng”, degansiz. Yoningizdagi insonning sevgisidan ko`nglingiz to`lmayaptimi?
— To`g`ri, ochiqchasiga sevishini istayman! Lekin buning iloji yo`qligini ham bilaman... Shu xolatga tayyor bo`lganim uchun ham o`sha inson bilan hayot qurdim. Ba`zida ko`ngil amri bilan shunday o`zim ham anglolmaydigan xolatga tushib qolaman. Baxtga “cho`milib” yashayapman, deyolmayman, o`zimga yarasha ikir-chikirlarim bor. Biroq ularga e`tibor bermay, yashashga o`rgandim. Hayotimni “sarguzashga boy umr”ga qiyoslayman. Bolaligimdan “sarguzasht”da yashab kelaman, lekin bundan afsuslanmayman. Hayotimdagi bunday keskin burilishlar o`zimga yoqadi (sirli kuladi).
— Rasmlaringizda qoldirgan izoxlaringizdan keyin sevgan insoningizdan qanday javob olasiz?
— (Kulib) Ko`nglimni olish uchun sovg`a-salomlar bilan xursand qiladi.
— Odamlardan biror nimani bekitib yashaysizmi?
— Sevgim va oilamni yashiraman... Bu borada qo`rqoq bo`lsam kerak. Chunki atrofdagilar sevgan insonim bilan o`rtamizga sovuqchilik tushirishlarini va yo`llarimiz ayro tushishini istamayman. Birinchi turmushim omadsiz bo`lgani ham etadi. Qolaversa, qizg`anchiqman (kuladi)!
— Atrofida qizlarni ko`rib qolsangiz rashkingiz “til”ga kiradimi?
— Yo`q, chunki o`zim ham qarshi jins vakillari bilan ko`p muloqotda bo`laman-da (miriqib kuladi)! Lekin kimgadir qiziqishi paydo bo`lganini payqasam, dangal gapiraman.
— Judayam dangalchisiz. Bu sizga pand beradimi yo dars?
— Dangalchilik onamdan o`tgan bo`lsa kerak. Odatda pand beradi. Bo`lgan voqeadan xulosa chiqaraman, lekin keyingi safar takrorlanmasligiga kafolat berolmayman-da (kuladi)!
— So`ngi vaqtlardagi ijodingizga e`tibor bersak, kuylagan barcha sho`x va maxzun qo`shiqlar sevgan insoningizga qaratilgani qo`shiq ruhiyatidan sezilib turadi. Ichki kechinmalaringizni qo`shiq orqali chiqarish qulayroqmi?
— Bilasizmi, ko`nglimda kechayotgan g`alayonlar faqat o`zimga ayon. Chunki hech kim bilan dardlashmayman, hatto onam bilan ham. Chunki u kishi menga otadek, aytgani aytgan, degani degan. Onamning qarorlari hech qachon muhokama qilinmaydi. Judayam hissiyotli, romantikman. Yuragim aqlimga bo`y sunmaydi. Shu ma`noda ko`nglimdagilarni qo`shiq orqali chiqarish qulayroq. Qo`shiqda o`zimni ko`rmasam, kuylolmayman! Yuragimdan kuylamasam, Nilufar Usmonovani tinglamay qo`yishadi. Shoir Muhammad Yusufning “Biz baxtli bo`lamiz Xudo xohlasa, Xudo xohlamasa uchrasharmidik...” satrlari mazmunini sakkiz yil oldin tushundim. Hozir ham baxtliman, lekin bundan ham ko`prog`ini kutib yashayapman...
— Ayriliq haqidagi qo`shiqlaringiz sevgan insongizga aytolmagan dilingizdagi gaplar, desa bo`ladimi?
— Ha... Hamkorlikda ishlaydigan ijodkorlarning taklif qilayotgan she`rini o`qisam, nozik nuqtamni topgan bo`ladi. Va albatta u qo`shiq bo`ladi. Meni qo`rqitadigan hodisa bu — kuylagan qo`shig`im hayotimda o`z aksini topib qoladi. “Unutgin” qo`shig`i mening hayotimdan olinmagan. Hamkorimiz Shuhrat aka rafiqasi vafot etgan qo`shnisining taqdirini qo`shiq qildi. Buni bilgach, o`zimni ruhan tayyorlab, so`ng kuyladim. Uchinchi farzandimni tug`gach, juda ta`sirchan bo`lib qolganman.
— Ko`pchilik xalqaro miqyosda o`tkazilgan “Turkvision”da “Unutgin” qo`shig`ini emas, biror “xit”ini kuylaganda g`olib bo`lardi”, degan fikrni bildirdi...
— U erdagi ishtirokim tajriba bo`ldi. Jarayonni bevosita kuzatib, uni his etish bu juda yoqimli! “Unutgin” qo`shig`i masalasiga kelsak, eski qo`shiqni kuylashni ta`qiqlashdi. Va shu qo`shig`imni tanlab berishdi. Biroz ranjigan tomonim — ba`zi davlatlarning xonandalari jonli kuylamadi. Qolaversa, eski qo`shiqlarini kuylashdi. Lekin shuncha davlat orasida to`rtinchi o`rinni qo`lga kiritish ham hazil gapmas!
— Shahzoda, Manzura, Rayhon, Lola, Munisa. Ijodkor sifatida ketma-ketlikni to`g`irlab, o`zingizning o`rningizni ham belgilab bering.
— Shahzoda-Nilufar Usmonov, Lola, Rayhon, Manzura, Munisa. Shahzodani sahnadagi tajribasi katta, “yulduzlik kasalligi”ga chalinmagan. Nilufar Usmonova o`z imkoniyat darajasini biladi. Lolaning sahna madaniyati yuqori. Rayhon juda tirishqoq. Manzura o`z mehnati bilan bugungi darajaga etdi, qandini ursin! Hozirgi repertuariga nisbatan, undan ilk ijodini boshlagan damdagi “Men seni sevaman jonim” kabi qo`shiqlar eshitgim keladi. Munisaning yutug`i — ancha yillar mehnat qilib, bugungi darajaga erishgan xonandalar qatorida nomi tilga olinayotgani. Lekin Munisani bu ro`hatga qo`shmagan bo`lardim.
— Reyting siz uchun muhimmi?
— Reyting emas, qo`shig`imning mazmuni muhim! Chunki yosh avlod bizni qo`shig`imizni tinglab katta bo`ladi. Balki o`zim ona bo`lganim uchun hamkasblarimdan farqli o`laroq, bu haqda o`ylarman. Hech qachon birinchi raqamli san`atkor, bo`laman deb orzu qilmaganman. Hali ham fikrim o`zgarmagan!
— So`nggi eshitgan “xit” qo`shig`ingiz qaysi?
— 2013-14 yillarda birorta “xit” qo`shiq eshitganim yo`q! Onamning “Devonalarmiz” qo`shig`ini hisobga olmaganda, albatta!
— Onangiz bo`lgani uchun shunday fikrdamisiz?
— Yo`q! To`g`ri, radio, TV orqali “aylanmayapti”. Lekin muxlislar orasida shu qo`shiq juda talabgir.
— Tanqidni ko`tara olasizmi?
— Albatta! “Mashhurman”, deb ko`krak kermay, atrofdagilarning fikrlariga ham quloq tuta bilish kerak. Tanqid qilmoqchisiz shekilli-a (kuladi)?
— Ko`pchilikning fikriga ko`ra xalq xizmatlarida onangiz bilan kuylagan “Illo” duetingizdagi onangiz kuylagan qismida ham o`zingiz og`iz qimirlatib turgan emishsiz?
— (Qizishib) Nilufar hech qachon og`zini qimirlatib turmagan! Doim jonli ijroda kuylaydi. “Illo”ni o`zim kuylagan varianti ham bor. Xalq xizmatlarida “Onangiz bilan kuylagan “Illo” duetingizni kuylab bering”, deyishsa, original nusxasini kuylayman. Va onam aytgan qismida jo`r bo`laman.
— Hamkasblaringizning konsert dasturlarida duet kuylab chiqqaningizda ko`nglingizdan qanday kechinmalar o`tadi?
— Men ham konsert bersam, degan xayol o`tadi, albatta. Nasib etsa, shu yil kuzda yakkaxon konsert dasturimni muxlislarga havola etaman!
— Nilufar Usmonovaning konserti jonli bo`ladimi yo fonogramma?
— Albatta JONLI!
— Niyatingizga eting!
Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi





