Istiqlol yillarida yurtimizda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilishi natijasida ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizda keng ko`lamli yangilanishlar yuz bermoqda. Bu jarayonda xususan, moliya muassasalarining ham o`ziga xos tayanch bo`layotgani diqqatga sazovordir.
Darhaqiqat, bugunga kelib mazkur tizim iqtisodiyotda amalga oshirilayotgan yangilanish va o`zgarishlar, umuman mamlakatimizni modernizasiya qilishni ta`minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo`lmoqda. Zamonaviy bank tizimini shakllantirish va uni xalqaro me`yorlarga mos ravishda rivojlantirish borasidagi ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Xususan, tizimning kreditlash yo`nalishidagi yangilanishlar, valyuta va naqd pul muomalasining tartibga solinishi ijobiy natijalar bermoqda, shuningdek, xizmat ko`rsatishning yangi va zamonaviy mexanizmi ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda. Ana shunday muvaffaqiyatlardan mamlakatimizdagi nufuzli banklardan biri hisoblangan ATIB "Ipoteka bank" ham mustasno emas edi.
"Edi" degan so`zga urg`u berishimizga hayron bo`lmang, buning o`ziga yarasha sabablari bor. Avvalo, "Ipoteka bank"ning faoliyatida oqsashlar bo`lgani yo`q. Shuningdek, mijozlarga xizmat ko`rsatish masalasida ham u etakchi banklar qatori oldingi o`rinlardan birini egallab turibdi. Hali ham o`sha nufuzga ega.
Ammo afsuski, so`nggi ikki-uch yil davomida deyarli barcha banklarning kiraverishiga yozib qo`yilgan "Mijoz bank uchun emas, bank mijoz uchun", degan shiorga "Ipoteka bank" rahbarlari amal qilmadilar.
Aniqrog`i, ular bu shiorni "Mijoz bank uchun emas, bank mijoz uchun ham emas, bank mutasaddilarning cho`ntaklari uchun" deya o`zgartirishga qaror qiladilar va bu qarorni amalga oshirish maqsadida ishga kirishadilar.
2010 yil avgust oyining oxirlarida ATIB "Ipoteka bank"ning boshqaruv raisi lavozimiga Otabek Jo`raev tayinlanadi. Eng shimarib ish boshlagan yangi rahbarning ko`p o`tmay fikri buziladi. Axir "Davrim kelgandan keyin, surib qolish kerakmasmi", deydi-da, o`sha vaqtda boshqaruv raisining o`rinbosari vazifasini bajaruvchi bo`lib ishlayotgan Muzaffar Ermatovni huzuriga chorlaydi.
Ikkovlon biroz suhbatlashib o`tirgach, O.Jo`raev sekin-asta M.Ermatovning "qo`ltig`iga qo`l tiqib" ko`radi. Ya`ni uning ishlaridan mamnunligini aytib, yaqin kunlarda o`ziga o`rinbosar etib tayinlash fikrida ekanligini gap orasida qistirib o`tadi.
Bu xushxabardan M.Ermatovning boshi osmonga etadi va shu zahoti ishonch uchun minnatdorchilik bildirib, har qanday xizmatga tayyorligini aytadi. O.Jo`raevga ham aynan shu kerak edi. U keyinchalik zarur bir masalada maslahatlashib olishlari kerakligini aytib, unga javob beradi.
Darhaqiqat, M.Ermatovni 2011 yilning yanvar oyida o`rinbosar lavozimiga tayinlaydi. Fevral oyida rahbarning huzuriga kirgan o`rinbosar bu safar anchagacha qolib ketadi.
Ular nima haqda gaplashishgani faqat o`zlariga va yaratganga ayon bo`lsa-da, ammo shu suhbatdan keyin o`rinbosar muassasada bo`ladigan yig`ilishlarga qadam ranjida qilgan "Ipoteka bank"ning turli hududlarda joylashgan filiallari boshqaruvchilarini birma-bir chetga tortib, ularga allanimalarni tushuntira boshlaydi.
Oradan ko`p o`tmay, bu erga tashrif buyurgan aksariyat filiallar boshqaruvchilari ishlarini bajarib bo`lgach, birin-ketin o`rinbosar, ya`ni M.Ermatovga uchrashib ketishni odat qilishadi.
O`rinbosar ham o`z navbatida, ularni kuzatib, cho`ntagini qappaytirgancha, raisning qabuliga yo`l oladi. Birozdan so`ng o`rinbosar raisning xonasidan chiqadi va shu zahoti rahbar xonasidagi seyf eshigi ochilib, zumda yopiladi...
Shunday qilib, ATIB "Ipoteka bank"ning Toshkent shahar filiali boshqaruvchisi A.Usmanov, bankning Toshkent shahar Yunusobod filiali boshqaruvchisi Q.Abdullaev, Chilonzor filiali boshqaruvchisi Z.Adilov, Shayxontohur filiali boshqaruvchisi V.Qayumov, Mirobod filiali boshqaruvchisi I.Hasanov, bankning Toshkent viloyati filiali boshqaruvchisi A.Tadjixodjaev, Angren filiali boshqaruvchisi U.Haydarov, Ohangaron filiali boshqaruvchisi U.Hatamov, Chirchiq filiali boshqaruvchisi F.To`ychievlar M.Ermatov bilan "salom-alik" qilishni odatga aylantirishadi.
Har qanday qing`irlikning ham cheki bo`ladi. 2012 yilda bankka tekshirish kelishi haqidagi mish-mish tarqaldi-yu, bu haqda eshitgan bank mutasaddilarining "paytavasiga qurt tushdi". U yoqdan-bu yoqqa yugurib, qilmishlarini xaspo`shlashga, noqonuniy faoliyatlariga qonuniy tus berish harakatiga tushib qolishdi.
Ammo har qancha urinishmasin, buning uddasidan chiqa olishmadi.Taftishlar jarayonida ma`lum bo`lishicha, O.Jo`raevning topshirig`i bilan Markaziy bank tomonidan ajratilayotgan hamda ATIB "Ipoteka bank"ning o`z resursi hisobidan aholiga sotilishi belgilangan valyuta qimmatliklarini filiallarga taqsimlashda raisning gumashtalari hisoblangan boshqaruvchilar rahbarligidagi bank filiallariga valyuta qimmatliklari limiti miqdori boshqa filiallarga nisbatan muntazam ravishda ko`p ajratilgan ekan.
Filiallar boshqaruvchilari esa filiallar tasarrufidagi valyuta ayirboshlash shoxobchalarida Markaziy bank tomonidan o`rnatilgan tartib-qoidalarga zid ravishda, belgilangan kurs bo`yicha chet el valyuta mablag`larini faqat o`zlariga qarashli kimsalarga hech qanday to`siqsiz sotilishiga imkon yaratib berishgan.
Bu shaxslar ham o`z navbatida ma`lum miqdordagi mukofot puli evaziga fuqarolarning pasportlariga noqonuniy yo`llar bilan almashtirilgan valyuta mablag`larini qora bozorda ancha qimmatiga sotib, o`rtadagi foydani rahnamolariga keltirib berishgan. Shundan keyin bu foyda M.Ermatov orqali O.Jo`raevga etkazilgan.
Xodimlariga daromad topish yo`lini ko`rsatgan boshqaruv raisi umumiy hisobda 2011 yilning fevralidan 2012 yil oktyabr oyigacha bo`lgan muddatda o`rinbosari orqali oz emas, ko`p emas, taxminan 1 mln. AQSh dollari miqdoridagi mablag`ni yoniga urgan ekan.
Albatta, bu orada rahnamolariga shunchalik qayishgan gumashtalar ham qo`l qovushtirib o`tirishmagan. Yaqin qarindosh-urug`larining nomiga rasmiylashtirilgan hovli-joylar, kvartiralar, turli rusumdagi avtomobillar ularning raisga uzatilganidan ortganlari hisobiga xarid qilingani ham tergov davomida aniqlandi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Shayxontohur tuman sudida nafaqat valyuta ayirboshlash shoxobchalarining faoliyati yuzasidan fuqarolarning noroziliklariga, balki O`zbekiston Respublikasining iqtisodiy salohiyatiga, shuningdek, milliy valyuta qiymatining rasmiy kursi chet el valyutalariga nisbatan beqaror bo`lishiga ham sababchi bo`lgan kimsalarning noqonuniy faoliyatlari ko`rib chiqildi va ularning har biriga qilmishiga yarasha tegishli jazo tayinlandi.
Miraglam MIRZAEV,
Toshkent shahar prokurorining birinchi o`rinbosari