1

TUG`RUQDAN KEYINGI MUAMMOLAR: ANIQLAYMIZ VA ZARARSIZLANTIRAMIZ

Salomatlik 28.11.2017, 13:10
TUG`RUQDAN KEYINGI MUAMMOLAR:  ANIQLAYMIZ VA ZARARSIZLANTIRAMIZ

Vanihoyat, eson-omon qutulib oldingiz. Endi qiyinchiliklar ortda qoldi deb o`ylaganingizda tug`ruqdan keyingi, ya`ni chilla davri muammolari sizni kutib turgan bo`ladi. Ular nimalardan iborat? Sabablari nima-yu, choralari qanday? Shular haqida ma`lumot beramiz.

Mutaxassis – oliy toifali shifokor ginekolog Mohira SODIQOVA

Tiklanish davriga marhamat!

Tug`ruqdan keyingi tiklanish davri har bir ayolda o`ziga xos bo`lib, o`rtacha 6 –10 hafta davom etadi, ya`ni shu vaqt ichida organizm tug`ruqqacha bo`lgan holatga qaytadi. Ammo doim ham bu davr ravon kechavermaydi. Ko`pincha endigina erishilgan onalik baxtini ayol salomatligidagi ayrim muammolar xira qiladi. Bunga asosiy sabablar quyidagilar:

  • Past immunitet yoki shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilmaslik;
  • Tug`ruq payti ko`p qon yo`qotish;
  • Avitaminoz, qonning yaxshi quyuqlashmasligi;
  • Tug`ruq payti jarrohlik aralashuvi;
  • Bachadonda plasenta qoldig`i qolib ketishi;
  • Іomilaning ona qornida uzoq vaqt suvsiz qolishi.

Tug`ruqxonadan chiqqan ayol qirq kungacha ana shu tug`ruqxona nazoratida bo`ladi, ya`ni biron muammo tug`ilsa, darrov o`zi tuqqan muassasa shifokorlariga murojaat qilishi kerak.

Bezovtaliklar

Quyida tug`ruqdan keyin uchraydigan asosiy muammolarni sanab o`tamiz:

  • Ko`p qon ketishi. Tug`ruqdan keyin bachadondan qon kelib turishi normal holat. Odatda, bir yarim haftagacha bu qonli ajralmalar yorqin qizil rangda bo`ladi, keyinroq u kamayib, rangi qorayib boradi. 6–8 haftada to`xtaydi. Ammo tug`ruqdan 2 hafta o`tib ham qon rangi yorqinligicha qolaversa, unda o`tkir hid va ba`zida yiringli aralashmalar paydo bo`lsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak. Bu bachadonda plasenta qoldig`i qolib ketganligi yoki boshqa asoratlar alomatidir. Shuningdek, qon etarli miqdorda kelmasligi, ya`ni 1-2 haftadayoq tugab qolishidan ham xursand bo`lmang, bu bachadonning qayrilib qolganidan dalolat bo`lishi mumkin.
  • Endometrit – eng ko`p tarqalgan asorat. Endometrit – bu bachadon shilliq qavatining yallig`lanishidir. Ko`pincha u bachadonga mikroblar tushishi oqibatida paydo bo`ladi. Tug`ruqdan 3 kun o`tiboq uning belgilari ayolni bezovta qila boshlaydi (og`ir endometrit), yoki 5–12 sutkaga kelibgina namoyon bo`lishi ham mumkin (engil endometrit). Ayol o`zini behol sezadi, tana harorati ko`tariladi, ajralmalar yiring hidiga ega bo`ladi. Darhol antibiotik terapiyasini boshlash kerak. Endometritning oldini olish uchun tug`ruqqacha va tug`ruqdan keyin gigiena qoidalariga rioya qilish hamda infeksion kasalliklardan himoyalanish lozim.
  • Mastit. Bu asorat sut bezlariga stafilokkok bakteriyasining tushishidan yuzaga keladi. Ko`krak qattiqlashib, issiq bo`lib qoladi. Bu muammodan himoyalanish uchun bolani ko`krakda to`g`ri emizish va ko`krak gigienasi qoidalariga rioya etish kerak. Ko`krak uchida yoriqlar paydo bo`lsa, ularni vaqtida davolash kerak.
  • Peritonit. Bu kesarcha kesishdan keyin ko`p uchraydigan asoratdir. Tug`ruqdan keyingi peritonit bachadondagi chokka infeksiya tushishi yoki tuxumdonlar shamollashidan kelib chiqadi. Ayolning tana harorati ko`tariladi, qorin dam bo`ladi va qorinning pastki qismida og`riq yuzaga keladi. Bu kasallik jarrohlik yo`li bilan infeksiya tushgan joyni olib tashlash orqali davolanadi. Uning oldini olish uchun kesarcha kesishdan so`ng gigiena qoidalariga to`liq amal qilish kerak.
  • Epidural anesteziyadan keyingi asoratlar. Bugungi kunda epidural anesteziya tug`ruq payti og`riqni qoldirishning eng xavfsiz usuli hisoblanadi. Chunki bunda ona va bola xayotiga xavf juda minimal darajada. Egiluvchan kateter yordamida 3-4-umurtqa pog`onalari orasiga og`riq qoldiruvchi vosita yuboriladi. Bunda ayol hushini yo`qotmaydi, tug`ruq tabiiy yo`l bilan amalga oshadi. Bordiyu kesarcha kesishda og`riqsizlantirish qo`llansa, ayol tezda o`ziga kelishi, sutga narkozning o`tmasligi kabi foydali jihatlari mavjud. Ammo bu usul qo`llanganda xuddi inson organizmiga chetdan amalga oshirilgan boshqa aralashuvlar kabi, ma`lum asoratlar xavfi yuzaga keladi. Eng ko`p kuzatiladigani – umurtqa pog`onalari orasidagi bog`lamlarning zararlanishi va orqa miya qobig`ining yallig`lanishidir. Natijada bel og`rishi, oyoqda sezuvchanlikning kamayishi, bosh og`rig`i kabilar ayolni bezovta qilishi kuzatiladi. To`g`ri, bu asoratlarni davolash mumkin, lekin baribir alohida zarurati bo`lmasa ushbu anesteziyani talab qilmaslik kerak. Unutmang, tug`ruq paytidagi og`riq qo`rqinchli emas. Agar 9 oy davomida faqat yaxshi niyat qilib, o`zingizni ijobiy narsalarga tayyorlab borsangiz, og`riqni engib o`ta olasiz. Axir, hamma ayollar bundan o`tishgan.
  • Depressiya. Ko`pincha yangi bo`shangan ayolning jismoniy toliqqanligi va organizmdagi gormonal o`zgarishlar tufayli yuzaga keladi. Butun hayotingiz chaqaloqqa bog`liqdek, eringiz sizni tushunmayotgandek, hech kim sizga yordam bermayotgandek tuyuladi. Xullas, kayfiyatingiz negadir yomon bo`lib yuraverasiz. Bunda vaziyatni o`zgartirish o`zingizning qo`lingizda. Avvalo, bu holat vaqtincha ekanini, bariga gormonlar sababligini o`ylang. Iloji bo`lsa, chaqaloqni bir-ikki soatga kimgadir qoldirib go`zallik saloniga borish, sayr qilishga imkon toping. Depressiya xuruji yaqinlashayotganini sezishingiz bilan yaxshi narsalar haqida o`ylang, orzularga beriling. Yana bir yo`li: biron mashg`ulot topish. Balki kitob o`qirsiz, to`qishni o`rganarsiz. Xullas, o`zingizni yomon xayollardan chalg`iting. Imkoni bo`lishi bilan uxlab oling, chunki kamuyqulik ham depressiyani kuchaytiradi.
  • Bavosir. Ko`pchilik ayollar homiladorlikda ich ko`p qotishi, tug`ruq payti qattiq kuchanish tufayli bavosirga chalinib qoladilar. Bu juda nozik va og`riqli dard. Afsuski, bu muammoni o`zingiz hal qila olmaysiz. Shu sababli mutaxassisga murojaat qiling. Bavosirning oldini olish uchun homiladorlikda to`g`ri ovqatlanib, ichingiz muntazam yurishib turishini ta`minlang. Dard kelganda huqna qildirmang, ich keltiruvchi turli shamchalardan foydalanmang. Іammasi tabiiy yo`l bilan hal bo`lishiga qo`yib bering.
  • Ortiqcha vazn. Ayrim ayollar tug`ishi bilan homiladorlikdan oldingi kiyimlariga sig`ib ketaverishadi, boshqalar esa ortiqcha vazn bilan oylab, hatto yillab kurashishadi. Odatda, ayol homiladorlikda o`rtacha 10-15 kg vazn qo`shadi. Tug`ruqdan keyin 7-8 kg vazn darhol yo`qotiladi. Qolganlari esa vaqt o`tishi bilan yo yo`qoladi, yo bir umrga ayol bilan qoladi. Іar kimda har xil. Nima qilmoq kerak? Ayollarimizning asosiy xatosi – noto`g`ri kun tartibi. Siz chaqaloq parvarishiga butunlay berilib ketib, o`zingizni unutasiz. Ertalab xotirjam o`tirib nonushta qilmaysiz, ba`zida tushlikka vaqt topolmaysiz va kechqurun qo`lingizga tushgan narsani eb ketaverasiz: qorningiz to`ysa bo`ldi. Albatta, semirasiz-da. Tug`ruqdan keyin darhol ozdiruvchi parhezlarni boshlash kerak emas. Bu siz uchun befoyda, bolaga esa zararli bo`lishi mumkin. Keyin bolalarning ketidan uvol bo`lmasin deb ovqatlarini eb qo`yish odatingizni ham tashlang. Tez-tez oz-ozdan ovqatlaning, uzoqroq sayr qiling.
Shahnoza TO`RAXO`JAEVA tayyorladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1