O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Xalqaro tadqiqotlar axborot-tahliliy markazi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda boshqa idoralar vakillaridan iborat mamlakatimiz delegasiyasi besh kunlik tashrif bilan Germaniya Federativ Respublikasida bo`ldi.
Delegasiya a`zolari Federal Kansler va Federal Prezident idoralarida, Bundestag, Tashqi ishlar, Iqtisodiyot va energetika, Iqtisodiiy rivojlanish va hamkorlik federal vazirliklari, Sharqiy Evropa va xalqaro tadqiqotlar markazi, Germaniya tashqi siyosat jamg`armasi, Xalqaro xavfsizlik siyosati universitetida muzokaralar, maslahatlashuvlar o`tkazdi. Muzokaralar natijasida O`zbekiston tadqiqot muassasalari hamda Germaniyadagi siyosiy partiyalar “aql markazlari” — K. Adenauer, F. Ebert nomidagi jamg`armalar, Evropa Kavkaz va Kaspiy tadqiqotlari instituti o`rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Berlinda bo`lib o`tgan uchrashuvlarda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligi qayd etildi. O`zbekistonga etakchi nemis kompaniyalari tomonidan zamonaviy texnologiyalar hamda investisiya jalb qilish, ta`lim va kadrlar tayyorlash, sog`liqni saqlash hamda turizm sohasida hamkorlikni yo`lga qo`yish ustuvor yo`nalishlar sifatida ko`rsatib o`tildi. Tomonlar diniy ekstremizmga qarshi kurashish, yosh avlodning barkamol inson bo`lib voyaga etishi uchun sharoit yaratish, shu jumladan, O`zbekiston Prezidentining Yoshlar huquqlari to`g`risidagi xalqaro konvensiyani ishlab chiqish tashabbusini amaliy ro`yobga chiqarishda hamkorlik o`rnatishdan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi.
K. Adenauer nomidagi jamg`arma akademiyasida tashkil etilgan “O`zbekiston o`zgarishlar jarayonida. Islohotlar siyosati: kutilayotgan natijalar va istiqbollar” mavzuidagi davra suhbatida GFR Tashqi ishlar federal vazirligi, ilmiy doiralar, biznes hamjamiyati, parlament vakillari hamda jurnalistlarga 2017 — 2021 yillarga mo`ljallangan Harakatlar strategiyasining asosiy g`oyalari, O`zbekiston tashqi siyosatining bugungi tashabbuslari haqida atroflicha ma`lumot berildi.
Masalan, jamg`arma boshqaruvi a`zosi Betina Adenauer (GFRning birinchi kansleri K. Adenauerning nabirasi) O`zbekistonda aholi farovonligini yuksaltirish, demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyati asoslarini yanada mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlik hamda barqarorlikni ta`minlashga qaratilgan Harakatlar strategiyasi qabul qilinganini e`tirof etdi. U jamg`arma Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni hayotga tatbiq etishga har tomonlama ko`maklashishga tayyorligini bildirdi.
GFR Bundestagi deputati Kristian Xirte O`zbekiston Prezidentining fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta`minlashga qat`iy kirishganiga alohida e`tibor qaratdi. Uning fikricha, bu keng ko`lamli islohotlarni aholi tomonidan faol qo`llab-quvvatlashga xizmat qildi.
28.11.2017 14:14
MAMLAKATIMIZ DELEGASIYaSI GERMANIYaDA BO`LDI






