AsosiyJamiyat

2026 йилда Рамазон ойи 19 февралда бошланади

Turkiy davlatlar tashkiloti Fatvo hay’ati qaroriga ko‘ra, 2026 yilda muqaddas Ramazon oyining birinchi kuni 19 fevral, payshanbaga to‘g‘ri keladi. Ramazon hayiti esa 20 mart, juma kuni nishonlanishi kutilmog‘da.

'2026 йилда Рамазон ойи 19 февралда бошланади'ning rasmi

Ma'lum qilinishicha, mazkur qaror 2–4 fevral kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari musulmon diniy idoralari rahbarlari kengashi huzuridagi Fatvo hay’atining maslahat yig‘ilishida qabul qilingan.

Tadbir O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbarligida tashkil etilgan bo‘lib, unda tashkilotga a’zo mamlakatlar diniy idoralari va islom ulamolari ishtirok etgan.

Qayd etilishicha, Ramazon oyi va Ramazon hayiti sanalarini belgilash bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma qaror turkiy davlatlar musulmon jamolari o‘rtasidagi birlikni mustahkamlash hamda diniy amaliyotlarni zamonaviy ilmiy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan.

Fatvo hay’ati tarkibiga Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston hamda kuzatuvchi davlatlar — Turkmaniston va Vengriyaning rasmiy musulmon diniy idoralari vakillari kiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasi Ramazon oyi 19 fevraldan boshlanishini, 18 fevral kechqurun mamlakat masjidlarida ilk taroveh namozi o‘qilishini ma'lum qilgan edi.

Shuningdek, Qozog‘iston va Qirg‘iziston diniy idoralari 2026 yilgi Ramazon va hayit bayramlarining dastlabki sanalari haqida oldinroq axborot bergan.

    Boshqa yangiliklar