Mutaxassislarning ma`lum qilishicha, mavsum davomida bitta asalari oilasi 25-30 kilogramm gul changi yig`adi va 100-120 kilogramm asal etishtiradi.
Asalarining asali, propolisi, zahri, gulchangi, mumi, suti tabiatning insonga ko`rsatgan saxovatidir. Tibbiyotda organizmga quvvat beruvchi tabiiy vosita sifatida ishlatiladi. Asal shamollashda, jigar kasalliklarini davolashda keng qo`llaniladi.
Tahlillardan ma`lum bo`lishicha, mamlakatimizda asal ishlab chiqarish bo`yicha mavjud imkoniyatlardan to`la foydalanilmayotgani bois asalari oilalarining mahsuldorligi 20 kilogrammdan oshmayapti. Bu jahondagi o`rtacha ko`rsatkichlardan ancha past. Demak, asalarichilik sohasidagi ilg`or tajribalarni o`rganish, asal etishtirishning zamonaviy texnologiyalarini keng joriy etish va yuqori texnologik usullardan foydalanish masalalariga etarli darajada e`tibor qaratilmayapti.
Prezidentimizning 2017 yil 16 oktyabrdagi “Respublikamizda asalarichilik tarmog`ini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori sohadagi bu va boshqa muammolarni hal etish hamda rivojlanishning ustuvor vazifalarini belgilab olishda dasturilamal bo`layotir.
Yurtimizda faoliyat yuritayotgan asalarichilarni birlashtirish, o`zaro tajriba almashish hamda ko`maklashish maqsadida O`zbekiston asalarichilari uyushmasi tashkil etilmoqda. Uyushmaga a`zo xo`jaliklar chetdan olib keladigan asalarichilik sohasida qo`llaniladigan uskunalar, asalari uyalarini tashish uchun maxsus transport vositalari, asalari kasalliklari va zararkunandalariga qarshi qo`llaniladigan veterinariya dori vositalari, preparatlar, mumparda va mum mahsulotlari 2023 yilgacha bojxona to`lovlaridan ozod etildi.
– Qarorga ko`ra, asalarichilar uchun etarli sharoitlar yaratiladigan bo`ldi, – deydi O`zbekiston Qishloq va suv xo`jaligi vazirligi parrandachilik, baliqchilik va asalarichilikni rivojlantirish bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi Yozil Shukurov. – Endi bu yo`nalishda faoliyat yuritadiganlar yanada samarali mehnat qilishi, izlanishi uchun barcha imkoniyatlar eshigi ochiq. Shuningdek, asalari naslchiligini keng yo`lga qo`yish, asalni qayta ishlaydigan hamda qadoqlaydigan kichik korxonalar tashkil etish kerak. Shunda asal yanada ko`payadi, bozorlarimiz sifatli, toza, arzon bol bilan to`ladi.
Qarorda O`zbekiston asalarichilari uyushmasining “Apimondiya” xalqaro asalarichilik uyushmalari federasiyasiga a`zo bo`lishi nazarda tutilgan. Uyushmani tashkil etish va uning faoliyati bilan bog`liq barcha xarajatlar hamda “Apimondiya” federasiyasiga a`zo bo`lib kirish, a`zolik badali to`lovi dastlabki uch yil davomida “Aloqabank” mablag`lari hisobidan amalga oshiriladi.
– Ruminiyada joylashgan mazkur uyushma har ikki yilda kengaytirilgan sessiyasini o`tkazadi, – deydi Chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutining asalarichilik laboratoriyasi mudiri To`ra Omonov. – Unda asalarichilik bo`yicha yangi texnologiyalar, ari kasalliklarini aniqlash va davolash borasidagi yangiliklar ma`lum qilinadi. Sohani rivojlantirishga tegishli ilmiy asoslangan usullar va yangi ishlanmalar keng muhokama qilinadi.
Ta`kidlash joizki, yurtimizda keng tarqalgan asalari zotlari kasallikka chidamliligi, iqlim-sharoitga moslashuvchanligi, yaxshi asal berishi kabi jihatlari hisobga olinib tanlangan. Bular sirasiga «Karpat», «Kavkaz», «Ukraina», «Kavkaz tog`» kulrang zotlari va mahalliy asalarilar kiritilgan bo`lib, mamlakatimizning barcha hududlarida parvarish qilinmoqda. Kelgusida ularning naslini yanada yaxshilash va mahsuldorligini oshirish choralari ko`riladi. Shuningdek, asalarichilik sohasida oliy ma`lumotli kadrlar tayyorlash maqsadida 2018/2019 o`quv yilidan boshlab Farg`ona davlat universitetida zootexnika fakulteti tashkil etiladi
28.11.2017 14:19
ASALNI QAYTA IShLAYDIGAN KORXONALAR TAShKIL ETISh LOZIM






