O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Xalqaro tadqiqotlar axborot-tahliliy markazi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda boshqa idoralar vakillaridan iborat mamlakatimiz delegasiyasi besh kunlik tashrif bilan Germaniya Federativ Respublikasida bo`ldi.
Tashrif doirasida xalqaro ekspertlar bilan uchrashuvlar o`tkazildi. Xorijlik mutaxassislar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohatlar haqida o`z fikr-mulohozalarini bildirishdi.
Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo`mitasining Markaziy Osiyo bo`yicha mintaqaviy direktori Eduard Kinsbrunerning ta`kidlashicha, nemis biznes hamjamiyati O`zbekistonning valyuta siyosatini liberallashtirish, mulk huquqi himoyasini kuchaytirish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, shuningdek, mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish bo`yicha sa`y-harakatlarini qo`llab-quvvatlaydi. “O`zbekistondagi islohotlar Jahon banki tomonidan yuqori baholandi. Mazkur moliya instituti respublikani jadal iqtisodiy islohotlar olib borilayotgan mamlakatlar o`ntaligiga kiritdi. Bu O`zbekiston hamda GFRning savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorligini yanada chuqurlashtirishga qulay shart-sharoit yaratadi”, deb xulosa qildi E. Kinsbruner.






