O`zbekiston Haj delegasiyasi Saudiya Arabistonida safarda bo`ldi

Jamiyat 06.03.2014, 10:28
O`zbekiston Haj delegasiyasi Saudiya Arabistonida safarda bo`ldi

Joriy yilning 24 fevral - 2 mart  kunlari Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj ishlari vazirligi taklifiga binoan Din ishlari bo`yicha qo`mita raisi O.Yusupov, O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimov va idora matbuot kotibi J.Nuriddinovdan iborat O`zbekiston Haj delegasiyasi mazkur davlatda xizmat safarida bo`lib qaytdi.

25 fevral kuni Makka shahrida umra amallarini bajarayotgan o`zbekistonlik ziyoratchilar joylashgan “Navo mavadda” mehmonxonasidagi shart-sharoitlar, oziq-ovqat va transport ta`minoti darajasi o`rganildi, ziyoratchilar bilan mustaqillik va tinchlik ne`mati tufayli yaratib berilayotgan sharoitlar haqida suhbatlashildi. Suhbat davomida ziyoratchilarimiz yaratib berilayotgan sharoit va qulayliklar uchun O`zbekiston hukumati, shaxsan Prezidentimizga o`zlarining samimiy tashakkurlarini izhor qilgan holda mamlakatimizni tinch-osoyishta, xalqimizning hayoti yanada farovon bo`lishini tilab, duolar qildilar.

26 fevral kuni O`zbekiston Haj delegasiyasi Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj ishlari vaziri Bandar bin Muxammad Xajjar  tomonidan qabul qilindi. Qabul davomida vazirlikning haj ishlarini tashkil etish bo`yicha barcha idoralari, shuningdek, Makka va Madina shaharlaridagi vakilliklari tomonidan o`zbekistonlik hojilarning Saudiya hududidagi tartibli va uyushgan harakatiga yuksak baho berildi. Xususan, o`zbekistonlik ishchi guruhining tezkor faoliyatiga to`xtab o`tilib, kelgusi haj mavsumida ham shunday yaxshi natijalarga erishishga umid bildirildi.
Qabul marosimi ishtirokchilari tomonidan O`zbekiston haj ishchi guruxi va ziyoratchilarining Saudiyadagi faoliyati va xatti-harakati bugungi kunda boshqa davlatlar uchun o`rnak bo`ladigan darajaga erishganligi bir necha bor ta`kidlandi.
O`zbekiston Haj delegasiyasi o`tgan haj mavsumini tartibli  va yuqori darajada o`tkazishda ko`rsatilgan yordam uchun Haj vazirligining barcha idora va vakilliklariga minnatdorchilik bildirdi.

Xususan, mavjud qiyinchiliklarga qaramay, o`zbekistonlik hojilar uchun o`tgan yilgi haj kvotasi to`liq saqlanib qoldirilganligi munosabati bilan, avvalam bor, ikki Haram xodimi, podshoh Abdulla bin Abdul Aziz as-Saud janobi oliylariga va Haj vazirligining barcha mutasaddilariga minnatdorchilik bildirildi. Shuningdek, ziyoratchilarimizni Saudiyaga tashib boruvchi “O`zbekiston havo yo`llari” Milliy aviakompaniyasi samolyotlarini Madina shahar aeroportiga qo`ndirishdagi ijroatlarni engillashtirishda ko`rsatilgan ko`mak uchun ham minnatdorchilik izhor etildi.

Qabul marosimi yuqori daraja va do`stona kayfiyatda o`tdi. Shu kuni kechqurun Saudiya Arabistoni televideniesi birinchi kanalining “Axborot” dasturi, ertangi “Al-Vatan” va “Al-Ukkoz” gazetalari orqali uchrashuv tafsilotlari keng yoritib berildi. Ushbu xabar Saudiya Haj vazirligining internetdagi saytidan ham joy oldi.

26 fevral kunning ikkinchi yarmida Jidda shahrida joylashgan Birlashgan vakilliklar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Axmad Baxsh boshchiligidagi hay`at a`zolari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Uyushma rahbari tomonidan o`tgan haj mavsumida o`zbekistonlik hojilarning belgilangan talablar asosida haj amallarini tartibli va to`liq bajarganliklari, mavjud qonun-qoidalar buzilishiga yo`l qo`yilmagani ta`kidlandi. Shuningdek, uyushma tomonidan o`zbekistonlik hojilarning barchasi shartnomaga rioya etgan holda mamlakatga havo yo`llari orqali kirib kelgani va haj mavsumidan so`ng o`z vaqtida Saudiya hududini tark etgani alohida qayd etildi.

Axmad Baxsh kelgusi haj mavsumidagi shartnoma matniga to`xtalib, unga bu yil hech qanday yangiliklar kiritilmaganini bildirdi.

Shu kuni Makka shahrida joylashgan Haj mavsumi tadbirlarini elektron tizimlash markazida qisqa muddatli seminar-trening mashg`ulotlari bo`lib o`tdi. Unda joriy yilning aprel oyida mazkur loyiha Haj vazirligi orqali tasdiqlanishi va tatbiq etilishi rejalashtirilayotgani haqida ma`lumot berildi. Shuningdek, mavzuga doir tarqatma materiallar taqdim etildi.

Shu kuni Turkiya, Evropa, Amerika va Avstraliya hojilari uchun xizmat ko`rsatuvchi milliy muassasa hay`ati a`zolari bilan ham uchrashuv bo`lib o`tdi. Suhbat boshida hay`at raisi Tariq bin Muhammad Anqavi so`nggi yillarda O`zbekiston haj ishchi guruhi bilan muassasa o`rtasidagi uzviy hamkorlik aloqalari takomillashib borayotgani, buning natijasida o`zbekistonlik hojilarning haj amallarini bajarishlarida qulaylik va engilliklar yaratilayotganini ta`kidladi.

Suhbat davomida o`tgan haj mavsumida boshqa davlatlar orasida o`zbekistonlik hojilarning tartibli va uyushgan harakatlari alohida qayd etib o`tildi. Shuningdek, O`zbekiston tajribasini muassasaga tegishli bo`lgan boshqa davlatlar ishchi guruhlariga namuna sifatida ko`rsatilayotgani ma`lum qilindi.

27 fevral kuni Makka shahridagi transport xizmati tashkilotining rahbari Axmad bin Abdulla Sambava boshchiligidagi hay`at a`zolari bilan uchrashuv o`tkazildi. Suhbatda kelgusi haj mavsumida transport uchun oldindan to`lanadigan kafolat pullarini o`tkazish bo`yicha tushuncha berilib, barcha zarur ma`lumotlarni internet tizimi orqali olish mumkinligi qayd etildi. Tashkilot tomonidan Zul-hijja oyining 5-kuniga qadar barcha hojilar Madina shahridan Makka shahriga etib kelishlari zarurligi eslatib o`tildi.

28 fevral kuni Birlashgan vakilliklar milliy muassasasining Madina  shahridagi hay`ati a`zolari bilan uchrashuv o`tkazildi. Muassasa rahbari doktor Yusuf bin Axmad al-Xavala suhbatda o`zbekistonlik hojilarning o`tgan xaj mavsumida Madina shahridagi tartibli va uyushgan faoliyatini yuqori baholadi. Kelgusi haj mavsumida ham shunday natijalarga erishishga umid bildirib, ishchi guruhi tomonidan samolyotlar qatnovi jadvali, haj ishchi guruhi qarorgohi manzili, aloqa telefonlarini o`z vaqtida muassasaga etkazish zarurligini ta`kidladi.

Yusuf Xavala tomonidan Madina shahrida ijaraga olingan mehmonxonalarni o`z vaktida muassasa orkali kayd etilishi lozimligi ta`kidlandi.

1 mart kuni  Madina shahrida umra ibodatlarini amalga oshirayotgan o`zbekistonlik ziyoratchilarning mehmonxonadagi shart-sharoitlari bilan tanishildi. “Safo mavadda” mehmonxonasi haramdan 50 metr masofada joylashgan bo`lib, barcha sharoitlarga ega. O`rganish jarayonida umra ishchi guruhi hamda hamkor shirkat a`zolariga o`zbekistonlik ziyoratchilarga ko`rsatilayotgan xizmat turlarini yanada yaxshilash, mehmonxonalarda sanitar holatga yanada jiddiy e`tibor berish bo`yicha tavsiya va ko`rsatmalar berildi.
2 mart kuni Haj ishlari vazirligining Jidda shahridagi qarorgohida 2014 yilgi haj mavsumini tartibli o`tkazish bo`yicha shartnoma bayonnomasi imzolandi. Shartnomada O`zbekistondan keladigan hojilarning miqdori 5200 kishi etib belgilandi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1