1

Oq xalatning qora dog`lari

Jamiyat 07.03.2014, 11:50
Oq xalatning qora dog`lari

Muxlisa Ibrohimovaning bira-to`la to`rt nafar egizak farzand – ikki o`g`il, ikki qizni dunyoga keltirganiga bir necha oy bo`lgandi, xolos.

Biroq, oila a`zolarining quvonchi uzoqqa cho`zilmadi: egizaklarning biri nobud bo`ldi. Sabab nima?  Noo`rin parvarishmi?  Kasallikmi? Balki, tajribasizlik sabab bo`lgandir? Chaqaloqlar dunyoga kelgan Respublika ixtisoslashgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ham bu savolga aniq javob bera olishmayapti.

Mamlakatimizda istiqlolning ilk yillaridan boshlab, mamlakat kelajagi bo`lmish yosh avlod kamolotiga juda katta e`tibor qaratib kelinmoqda. Bu jarayonda pediatriya va patronaj xizmati ham muhim o`rin tutadi. Xususan, tizimda “Sog`lom ona – sog`lom bola” shiori ostida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Onalar salomatligini mustahkamlash, ular o`rtasida kasallanish va erta o`limning oldini olish 2000 yilda Mingyillik sammitida belgilangan sakkizta eng muhim maqsadlardan biri hisoblanadi. O`zbekiston 2015 yilga borib, onalar o`limi ko`rsatkichlarini 1990 yilga nisbatan to`rtdan uch qismga qisqartirish vazifasini o`z zimmasiga olgan. Onalar va bolalar o`limi dinamikasini baholash reproduktiv salomatlikni mustahkamlash, dasturini rejalashtirish, mamlakat miqyosida onalik va bolalikni mustahg`kamlash hal qiluvchi  ahamiyat kasb etadi.

O`smirlar bilan ishlash Reproduktiv salomatlik xizmatining  muhim yo`nalishlaridan sanaladi. Jamiyatimizda va sog`liqni saqlash tizimida erta yoshdagi nikohlar va tug`ruqlarning oldini olish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.  O`smirlar bilan ishlashda, yoshlar o`rtasidagi turli yuqumli kasalliklar tarqaplshining oldini olish borasida sog`liqni saqlash tizimi xodimlari tomonidan samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Respublika ixtisoslashgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mamlakatimizda akusherlik xizmatidagi peshqadam muassasa sanaladi. U Prezidentimizning tegishli qaroriga binoan, Akusherlik va ginekologiya ilmiy tekshirish instituti va uning davolash bazasi, ayollar reproduktiv salomatligi markazlari negizida tashkil etilgan.

Markazning samarali ish yuritishgi uchun davlat tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan, Uning moddiy-texnik bazasi ham mustahkamlanib borayotir – bino kapital ta`mirining birinchi navbati yakunlandi, yangi tibbiy jihozlar keltirildi. Bu boradagi ishlar davom etmoqda. Biroq bu islohotlar jarayonida markazning barcha xodimlari o`z burchi va mas`uliyatini his qilmayotganga o`xshaydi.

Respublika ixtisoslashgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida fevraal oyida boshlangan tekshirishlar davomida, markaz bo`limlaridan birida belgilangan me`yor va qoidalarni qo`pol tarzda buzish hollari ko`zga tushlangan.

Xususan, abort bo`limida amalga oshirilgan 61 ta kichik jarrohlik operasiyalaridan 51 tasi sterillanmagan sharoitlarda o`tkazilgan. Axir ushbu muassasa xodimlari o`z ishlariga nisbatan yuksak mas`uliyat hissi bilan boshqalarga o`rnak bo`lishlari kerak emasmidi?

Markaz mutasaddilarining  bunday holatlarda hamma aybni tajribasiz tibbiy xodimlarga va yosh hamshiralarga yuklab, o`zlarini oqlashga urinishlari kishini taajjubga soladi, xolos. Axir qaysi tibbiyot maskani rahbari har qanday tartib va me`yorlarning buzilishiga befarq qarab tura oladi.

Markaz rahbariyati O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 13 aprelda qabul qilingan “Ona va bola sog`ligini saqlash,, sog`lom avlodni shakllantirishning qo`shimcha chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori  ijrosi bo`yicha, Sog`liqni saqlash vazirining 2011 yilda chiqargan 378-sonli qarorida ko`rsatilgan talablarni ham buzishgan. Aniqrog`i, ushbu qarorning ettinchi bandini.

Bu erda yangi tug`ilgan go`daklar patologiya bo`limi yo`q. Hozirgi paytda bunga hojat ham yo`qdek ko`rinadi. Chunki bu markazda ilmiy fikr va qarashlar takomillashadi, bu erda ko`plab malakali mutaxassislar xizmat ko`rsatadi, aynan patologiya bo`limi xodimlari  eng mas`uliyatli vazifa – inson hayotini asrab qolishni o`z zimmalariga olishadi.

Biroq, bunday bo`lim yo`q ekan, demak, tug`ruq jarayonida yuzaga keladigan turli muammolarni bartaraf etish, go`daklar hayotini  saqlab qolish, ularning ota-onalarini farzand dog`idan qutqarishning ham iloji bo`lmasligi mumkin.

Muxlisa Ibrohimova ham ana shunday fojia bilan to`qnashdi. U o`z chaqaloqlarining dunyoga kelishidan faqat shodlanishi lozim edi.

To`rtta egizakning birvarakayiga tug`ilishi kamdan-kam uchraydigan hodisa sanaladi. Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasining ushbu chaqaloqlarga  Toshkent shahridan uch xonali uy berish haqida qarori ham imzolangan. Biroq hukumatning bu sovg`asi ham endi bu onaga tatimasligi aniq.

Bu noxush hodisa nainki ona, balki, ushbu markazning oq xalatga dog` tushirgan mas`uliyatsiz qalbida ham o`chmas iz qoldirdi. Bu hodisaning “Sog`lom bola yili”da yuz bergani yanada achinarlidir.

Zero, hukumatimiz tomonidan qabul qilingan “Sog`lom bola yili” Davlat dasturida ham yurtimiz kelajagi bo`lgan avlodni sog`lom dunyoga keltirish va barkamol etib tarbiyalashga katta e`tibor qaratilgan. Azaldan xalqimiz ham bolajonligi bilan ajralib turadi. “Bolali uy – bozor, bolasiz uy – mozor” degan naql ham bejiz aytilmagan.

Bunday noxush holatlar yurtimizdagi hech bir xonadonda takrorlanmasligini tilab qolamiz.   

Xurshida Nodirova

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1