Aholi uchun interaktiv davlat xizmatlaridan erkin foydalanishlariga imkoniyat yaratilgan bo`lsada, vazirliklarning ishonch telefonlariga qo`ng`iroq qilish ehtiyoji mavjud. Tahririyatimizda mushtariylar tomonidan bo`layotgan murojaatlar orasida ayrim vazirliklar ishonch telefonlarining ishlamayotgani bilan bog`liq masalalar hamon uchrab turibdi. Quyidagi murojaat ana shulardan biri:
Ko`pincha vazirlik yoki boshqarmalarning ishonch telefonlariga qo`ng`iroq qilib tusha olmaymiz. Ularga o`z murojaatimizni, muammolarimizni aytish uchun ko`p bor urunishimizga yoki pul sarflab vazirlik yoki boshqarmaning o`ziga borishimizga to`g`ri keladi. tashkilotlar mavjud ishonch telefonlarini nazoratga olishsa hammamiz uchun yaxshi bo`lardi.
(Dilafro`z Eshonqulova Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumani)
Ana shunday murojaatlarni inobatga olib, bu mavzuga qaytishga qaror qildik. Har bir vazirlikda mavjud ishonch raqamlari faoliyati bilan qiziqdik.
O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining (8-371) 232-65-55,
O`zbekiston Resspublikasi Moliya vazirligining (8-371) 200-50-50,
O`zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo`jaligi vazirligining (8-371) 241-00-42,
O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligining (8-371) 239-47-95,
O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining (8-371) 233-39-39,
O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining (8-371) 269-82-00,
O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining (8-371) 246-37-12,
O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining tezkor xizmat guruhi raqami (8-371) 234-87-20,
O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 1-008 qisqa raqami va (8-371) 236-05-09,
O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining (8-371) 236-05-09 ishonch telefon raqamlari orqali murojaatlar qabul qilinayapti. Ushbu vazirlikning ishonch raqamlariga biz birinchi urunishdayoq ulana oldik. Mushtariylarda ham bu borada muammo bo`lmasligi aniq.
Gazetamizning 30.08.2012 yildagi 35-sonida ham ayni shu mavzu yuzasidan o`tkazgan surishtiruvimizda O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining ishonch raqamlari sifatida bizga (8-371) 239-41-12 raqami taqdim etilgan edi. Ammo bugungi kunda bu raqam bilan bog`lanish muammo. Ehtimol mazkur vazirlik ishonch telefon raqami o`zgargandir, degan umid bilan ushbu davlat organining www.mehnat.uz saytiga kirib tegishli raqamni izladik. Ammo topa olmadik. Shundan so`ng saytdagi (8-371) 239-41-13 raqamiga qo`ng`iroq qilib, fuqarolar murojaatlarini qabul qilish uchun tashkil etilgan raqamni aniqlashga urindik. Ammo go`shakni ko`targan vazirlik xodimi ishonch telefonining ishlayotgani yoki ishlamayotgani borasida biror fikr ayta olmadi. Xodim vazirlikda fuqaro murojaatlarini qabul qilish kunlarida aholiga xizmat ko`rsatadigan (8-371) 239-88-50 raqamlari mavjudligini aytdi. Biz ushbu raqamga ham bir necha kun mobaynida qo`ng`iroq qildik. Ammo urinishimizdan ham natija chiqmadi. Vazirlikning ushbu raqamiga ham hech kim javob bermadi.
O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligining ishonch raqami (8-371) 239-46-48. Garchi vazirlikning ishonch telefon raqamlari mavjud bo`lsa-da, surishtiruvimiz jarayonida faksga ulanish signalidan so`ng qo`ng`irog`imiz javobsiz qolaverdi. Vazirlikning internetdagi sayti orqali matbuot xizmatining (8-371) 239-17-35 raqamini oldik va qo`ng`iroq qilib, nima uchun ishonch telefoni ishlamayotgani haqida so`raganimizda, ushbu raqam doimiy ravishda ishlab turgani va odamlarning savollari qayd daftariga muntazam yozib borilayotgani haqida aytishdi. Balki bu raqamga qilingan qo`ng`iroqlarni qabul qilishi kerak bo`lgan kishilar biror boshqa ish yuzasidan xonadan chiqqan bo`lishlari mumkin degan tahmin ham aytildi.
Vazirliklarning ishonch telefonlari borasida o`tkazgan reytimizni bur muddat keyinroq chop etishga qaror qilib, ushbu fursat davomida ham qo`ng`iroqlarga javob bermagan har ikki vazirlikning ishonch telefonlariga qo`ng`iroq qilib turdik. Ammo afsuski oradan garchi qariyb ikki hafta o`tgan bo`lsa ham hali hamon qo`ng`iroqlarimizga hech kim javob bermadi.
Aksariyat vazirliklarning ishonch raqamlari ishlab turibdi. Agar siz viloyatdan ushbu raqamlarga qo`ng`iroq qilmoqchi bo`lsangiz, raqamlar oldiga Toshkent shahri kodi - 8-371 raqamini tergan holda bog`lanishingiz mumkin.
Surishtuvni xonamizdagi telefondan turib amalga oshirishga kirishar ekanmiz, diktofonni yoqqan holda birma-bir vazirliklarning ishonch telefonlariga qo`ng`iroq qila boshladik. Chunki o`tgan davr mobaynida vazirlikning ishonch raqamlari o`zgargan va shu sabab ham aholi ushbu raqamlarga tusha olmayotgan bo`lishlari mumkin.
Shu o`rinda yana bir gap. Yuqoridagi vazirliklarga qo`ng`iroq qilib o`zimizni tanishtirib, kundalik murojaatlar yuzasidan fikrlarini so`raganimizda ularning aksariyati bu haqda ma`lumot berishni istamadi. Lekin ularning bir nechtasi fuqarolarning o`zlari ham amal qilishlari lozim bo`lgan talablarni fuqarolarimizga etkazishimizni iltimos qilishdi.
“Biror muammo bilan bizga qo`ng`iroq qilayotgan shaxs ism, familiyasi, manzili kabi ma`lumotlarni qoldirishi shart. Biroq ko`pchilik muammoim hal qilinsa bo`ldi, men o`zim haqimda hech qanday ma`lumot bermayman, degan fikrlarni ham bildirishadi. Bu noto`g`ri! Fuqaro biror ishonch telefoniga o`z mumamosi bilan qo`ng`iroq qilar ekan, o`zi haqidagi ma`lumotlarni oshkor qilishi lozim, aks holda biz uning murojaati anonim sanaladi va qayd etilmaydi, unga chora ko`rilmaydi” degan fikrni bildirdi.
To`g`ri, darhaqiqat ishonch telefoniga qo`ng`iroqni amalga oshirishda har bir fuqaro o`zi haqida ma`lumot berishi lozim. Lekin murojaatchining iltimosiga ko`ra Vazirlik yoki tegishli boshqa idora shaxs haqidagi ma`lumotlarni sir saqlashi lozim, shunday qilinadi ham. Biz ham o`zi haqida ma`lumot qoldirmaslik anonim qo`ng`iroqlar sirasiga kirishini va ko`rib chiqilmasligini ma`qullaymiz, lekin ushbu murojaatchining fikrlaridan kelib chiqib, u o`zi haqida hech qanday ma`lumot qoldirmaganda ham u aytgan muammo yuzasidan tahlil olib borilsa maqsadga muvofiq bo`larmidi...
“Odatda chekka qishloqlardagi fuqarolar shu raqamlar orqali o`z muammolarini aytgani qo`ng`iroq qilishadi. Ba`zilari esa garchi murojaati bizning vazirlikka tegishli bo`lmasa ham muammolarini xal qilish istagida qo`ng`iroq qilishadi. Biz ularga avvalo o`z hududingizdagi vazirlikning quyi tizimlariga murojaat qiling, deb tushuntiramiz. Shuni aytish lozimki, ko`pchilik o`z yashash joyi yaqinidagi quyi tizimlarga qo`ng`iroq qilmasdan to`g`ridan-to`g`ri vazirlikka murojaat qilishadi. To`g`ri, muammolar o`z echimini topmasa qo`ng`iroq qilishlari o`rinli, faqat quyi tizim buni hal qila olmagan yoki eshitmagan taqdirda. Biz biror muammosi hal qilinishi istagida qo`ng`iroq qilgan har bir kishidan avval qo`yi tizimga murojaat qildingizmi? degan savolni beramiz. Afsuski aksariyatlari birinchi bo`lib bizga murojaat qilayotganliklarini aytishadi. Biz esa ularga avval o`z hududingizdagi quyi tizimlarga murojaat qilishlarini aytib kerakli raqamlarni beramiz. Odatda ularning muammolari o`sha quyi tizimning o`zidayoq echim topadi. Agar muammo echimini topmasa, ularning arzini hech kim eshitmasa, bizga qo`ng`iroq qilishlarini aytamiz. Biz ham ko`plar qatori odamlarning muammolari o`z echimining topishi tarafdorimiz.”
Darhaqiqat, afsuski bu holatning borligi rost. Chunki tahririyatga qo`ng`iroq qiladigan ba`zi fuqarolarimiz ham bu gazeta tahririyati ekanini unutib qo`ygan holda tahririyat vakolatiga kirmaydigan talablarni aytishadi. Biz har qanday muarojaatni xat yoki qo`ng`iroq asosida qabul qilib murojaatni tegishliligi bo`yicha kerakli tashkilotga jo`natamiz.
Surishtiruvlardan ham ko`rinib turibdiki, aksariyat vazirliklarning ishonch raqamlari o`zgarmagan, aholining barcha savollariga, murojaatlariga “labbay” deb javob berayapti. Ammo bu boradabir necha kun mobaynida bir necha qo`ng`iroqlar orqali ham ishonch raqamini aniqlash imkoniyati bo`lmagan, ulanishning imkoniyati bo`lmagan ishonch raqamlari ham bor. Agar ularning faoliyati ham ko`ngildagidek yo`lga qo`yilsa, odamlarning og`iri engil, uzog`i yaqin bo`lgan bo`larmidi? Biz surishtiruvni ularni nazoratga olish yoki biror boshqa istakda o`tkazganimiz yo`q. Bu maqolaning tayyorlanishiga o`nlab fuqarolarimizning iltimoslari, qo`ng`iroqlari turtki bo`ldi. To`g`ri, balki tashkil qilingan www.my.gov.uz sayti orqali aholi qo`ng`iroq qilib ulanish imkoniyati bo`lmagan vazirliklarga to`g`ridan-to`g`ri murojaat qilib, o`z muammolarining echimini topayotgandir, biroq aynan ishonch telefonlarga ehtiyoj sezayotgan aholi vakillari bizdan shu mavzuda chiqish qilishni iltimos qilganliklari uchun ham tayyorlandi bu material. Biz yaqin kunlarda vazirlikning ana shu ishonch raqamlari ishlashiga, qo`ng`iroqlar birin-ketin qabul qilinishiga tilakdoshmiz.
Umida Yakubova tayyorladi