AsosiyJamiyat

AQSh DOLLARINI OLIB ChIQIB KETAYoTGANIDA QO`LGA TUShDI

'AQSh DOLLARINI OLIB ChIQIB KETAYoTGANIDA QO`LGA TUShDI'ning rasmi

Bugungi kunda bojxonachilar tomonidan bojxona chegaralari orqali naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy olib o`tilishining oldini olish borasida muntazam sa`y-haratkatlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 2017 yil 20 noyabr kuni “Samarqand - aeroport” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan amaldagi tartiblarni qo`pol ravishda buzib, naqd horijiy valyutalarni noqonuniy yo`l bilan olib chiqishga uringan bojxona qoidabuzarlik holati fosh qilindi.

“Samarqand-Sankt-Peterburg” aviareysi bilan uchib ketayotgan yo`lovchilardan biri samarqandlik M.Xaydarov (ism-sharifi o`zgartirilgan) shaxsiy ko`rikdan o`tkazilganda yo`lovchi bojxona deklarasiyasida ko`rsatilmagan va og`zaki so`rovlar vaqtida ma`lum qilinmagan juda ko`p miqdordagi ya`ni, 9420 AQSh dollari va 325 880 Rossiya rublini bagaj sumkasining ichidagi ko`k rangli erkaklar sport kiyimiga o`ralgan qora rangli “Jeep Buluo” nomli qo`l sumkasiga bekitgancha olib o`tishga uringani aniqlandi.

O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki Samarqand bo`limining ekspertiza dalolatnomasiga ko`ra, fuqaro M.Xaydarovdan olingan Rossiya rubli va AQSh dollari banknotalari haqiqiy deb ko`rsatilgan, olingan chet el valyutalarining umumiy miqdori 120 mln. 417 ming 120 so`m 60 tiyinni tashkil etgan.

Hozirda, mazkur holat O`zbekiston Respublikasi fuqarosi M. Xaydarovga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning 182-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Bojxona Kodeksining 240-moddasiga binoan, O`zbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi va naqd chet el valyutasi olib kirilishi va olib chiqilishi ustidan nazorat jismoniy shaxslar bojxona chegarasini kesib o`tayotganda bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Amaldagi tartiblarga muvofiq, respublikamizda rezidentlarga 2000 AQSh dollari ekvivalentidagi naqd xorijiy valyutalarni yo`lovchi bojxona deklarasiyasida yozma qayd etish sharti bilan erkin olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi. Bundan ortiq miqdordagi naqd valyutalarni olib chiqish uchun esa vakolatli banklar yoki Markaziy bankning o`rnatilgan tartibdagi ruxsatnomasi talab etiladi.

Norezidentlarga esa O`zbekistonga kirib kelayotganda o`zi bilan olib kelgan hamda bojxonaga taqdim etilgan yo`lovchi bojxona deklarasiyasida qayd etilgan miqdordagi xorijiy valyutani olib chiqishlariga ruxsat etiladi.

    Boshqa yangiliklar