AsosiyJamiyat

SANAMAY SAKKIZ DEMANG YoXUD NAVOIY G`AZALINI NOTO`G`RI TUShUNGANLARGA IZOH!

'SANAMAY SAKKIZ DEMANG YoXUD NAVOIY G`AZALINI NOTO`G`RI TUShUNGANLARGA IZOH!'ning rasmi

Yaqinda uza.uz saytida Hazrat Navoiyning g`azallari qo`yildi. Ular orasidan biri ko`pchilikning e`tiborini tortib, turli fikrlarga sabab bo`ldi.

Mana o`sha g`azal:

Alisher Navoiy

Yigitligimda edim mubtalo yigitlarga,

Qarib ham o`zni tilarmen fido yigitlarga.


Yuzi sarig`, boshi oq bir qari gar o`lsa, ne hayf,
Engi qizil,ko`zi,qoshi qaro yigitlarga.


Desang qarib bo`layin zuhdu ofiyat birla,
Magarki bo`lmag`asen oshno yigitlarga.


Tilar esang qariliq izzu rutbasini, magar
Ko`ngulni bermagasen dilrabo yigitlarga.


Nechaki bo`lsa yigitlikda sho`xliq matlub,
Vale adab bila xushtur hayo yigitlarga.


Qarig`a har necha bo`lsa sitam yigitlardan,
Ne bo`lg`usi qaridin juz duo yigitlarga.


Ne nav` zuhd ila taqvoni asrayin mahfuz,
Ki uchradim qarilikda balo yigitlarga.


Etar azob qarib, noxalaf o`g`ullardin,
Nechaki tutsam o`zumni ato yigitlarg`a.


Chu husn bo`ldi, vafo istamang yigitlardin,
Ki Tengri bermadi husni vafo yigitlarga.


Nechaki mast yigitlarni ahli ishq tilar,
Valek ishqdurur porso yigitlarga.


Navoiyo, qarisang ham jahonda bir necha kun
Rafiq bo`l, tilar ersang navo yigitlarga.


Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo`layotgan ushbu g`azalda yigitlarga radifli g`azali ko`pchilikning ham qiziqishi, ham hayrati, ham kulgisini uyg`otmoqda. Avvalo Hazrat Navoiyning minglab g`azalari turib, ayni shu g`azalini muhokama qilishayotgani g`alati. Qolaversa, eski o`zbek tili, qadimgi turkiy til, so`zlarning semantikasi haqida etarlicha tasavvurga ega bo`lmay turib, bahsga kirishmaslik kerak.

So`zlar davr o`tishi bilan, asrlar o`tishi bilan o`zining ma`nosini, vazifasini, qamrovini o`zgartirib boradi. Bundan tashqari bir so`z ma`lum bir tilda bitta ma`noni ifodalasa, boshqa tilda unga yaqinroq bo`lgan boshqa bir ma`noni bildiradi. Masalan oddiy “tuhmat” so`zi bizda birovni nohaq ayblash (kleveta) ma`nosini bersa, Ozarboyjonda hayfsan (vgovor) ma`nosini beradi. “Hatto” so`zi bizda kuchaytirilgan ta`kid yuklamasi bo`lsa, arab tilida bu “...gacha” degan ma`noni anglatadi. Zamon nuqtai nazaridan ham so`zlarning vazifalari, ma`nolari o`zgarib boradi. Deylik, dastavval muxolifat so`zi shunchaki qarshi chiqish, xilof ish tutish ma`nosida bo`lsa, bugun u siyosiy atamaga aylanib ketgan. Fuqaro so`zi ilgari kambag`allarga nisbatan ishlatilgan bo`lsa, bugun u grajdan ma`nosini berishini hamma biladi.

Xuddi shuningdek, “Yigit” so`zi ishlatilganda, bugungi o`zbek tilida o`spirin, yosh erkakni tushunamiz. Xuddi shu so`z bugungi turk tilida (yiğit ) “qat`iyatli”, ozarboyjon tilida (igid) mard, jasur ma`nolarini beradi. O`tmishda bu so`z sal kengroq ma`noda ishlatilgan. Navoiy, Husayn Boyqaro, Bobur g`azallarida “yigit” so`zi “qari” so`zining antomimi tarzida ishlatilib, tazod sifatida foydalanilgan. Ya`ni bu so`z “yosh” degan ma`noni bildirgan. Yosh so`zi esa asosan yangi, barra, ho`l ma`nolarida kelgan. Bugun ham Buxoroning ayrim hududlarida “ho`l” so`zi o`rniga yosh so`zini qo`llaydilar. Turkman tilida ham ayni ma`noda ishlatiladi.

Burhoniddin Rabg`uziyning “Qisasul-anbiyo” asarida Yusuf bilan Zulayhoning uchrashuv paytida bir suhbat ketadi. Umr bo`yi Yusufning dardida kuyib yashagan Zulayho o`z sevgilisi visoliga etganida yoshi o`tib qolgandi. Shunda u Yusufga qarab “men senga yigitligimni fido qildim, seni deb yigitligim o`tib ketdi” degan so`zlarni ishlatadi. Bu o`rinda Rabg`uziy xato qilganmi? Yo`q, Rabg`uziy yigit so`zidan o`z davridagi ma`nosida foydalangandi.

Navoyning bir bayti esingizdadir:

Yigitlig`da yig` idmning maxzani,

Qarig`an chog`i sarf qilg`il ani...

Yigit so`zining asl ma`nosini bilmaganlar, bu o`rinda so`z faqat erkaklar ustida bormoqda deb o`ylashi mumkin. Holbuki, ilm olish erkagu ayolga farz qilingan. Bu hadisi sharifdan Hazrat Navoiy ham yaxshi xabardor bo`lganlar. Shu bois, “Yigitlig`” so`zini faqat yigitlarga emas, yosh qiz-juvonlarga nisbatan ham ishlatilgan.

Demak, bu so`zlardan murod bitta: Navoiynig bu va boshqa g`azallarida ishlatilgan “yigit” so`zi yosh erkak ma`nosida ishlatilmagan. Shuni esdan chiqarmanglar. Bu haqda navoiyni tushuna oladigan istalgan navoiyshunosdan so`rab ko`ringlar

Baraka topkurlar, bilib bilmay, buyuk zotga nisbatan har xil fikrlarni ishlatmanglar! Navoiyning qanchalik pokiza inson ekanligini mana bu baytidan ham bilish mumkin:

O`ttizu qirqda erur ishrat chog`i,

Ul emas erdi manga qismat dog`i

Hazrat Navoiy umrining aysh-ishratga berilagan davri 30-40 yoshlarida ham nafsga, hirs-havoga mayl ko`rsatmaganlar. Umr bo`yi ilm, ijod va ibodat bilan yashab, harom ishlardan hazar qilganlar. Bugun ko`pchilikning taajjubini qo`zg`agan o`sha baytdagi mana bu baytga ham diqqat qiling:

Nechaki bo`lsa yigitlikda sho`xliq matlub,

Vale adab bila xushtur hayo yigitlarga.

Bu erda ham aynan yoshlik nazarda tutiladi. Ya`ni yoshlikda sho`xlik tabiiy hol bo`lsa-da, odob va hayo yoshlarga yana ham ko`proq yarashadi deyilyapti.

Ruslar “har kim o`z buzuqlik darajasida fikrlaydi” deyishadi. Shu bois, ayrimlar Navoiy haqida bilib-bilmay fikr yuritib, o`z darajasini namoyish etmasligini iltimos qilardik.

    Boshqa yangiliklar