O`zbekiston va Qozog`iston chegaradagi o`tkazish punktlari modernizasiyasi bo`yicha “yo`l xaritasi”ni amalga oshirishga kirishdi, deb xabar bermoqda O`zbekiston Respublikasi davlat bojxona qo`mitasi matbuot xizmati.
Ushbu masala ikki davlat bojxonachilari, chegarachilari va boshqa tegishli idoralari vakillari o`rtasidagi amaliy uchrashuv davomida muhokama qilindi. O`tkazish punktlarini, avtomobil yo`llarini rekonstruksiya va modernizasiya qilish, Qozog`iston-O`zbekiston davlat chegarasiga yaqin bo`lgan hududni obodonlashtirish bo`yicha “yo`l xaritasi” Qozog`iston Respublikasi prezidenti Nursulton Nazarboevning O`zbekistonga rasmiy tashrifi davomida imzolandi.
Rejalarga ko`ra, “yo`l xaritasi”ning amalga oshirilishi, birinchi navbatda, Qozog`iston bilan chegarada joylashgan eng muhim o`tkazish punktlarining o`tkazuvchanlik imkoniyatlarini ancha oshirishga hamda ham jismoniy shaxslar harakatlanishiga ijobiy sharoitlar yaratish, ham tranzit yo`nalishlari bo`yicha harakatlanayotgan yuk tashuvchilarga qulaylik yaratadi.
Tasdiqlangan rejaga muvofiq, “xalqaro” maqomga ega bo`lgan hamda Qozog`iston-O`zbekiston chegarasida joylashgan eng katta yuklamali o`tkazish punktlarida 2018-2019 yillar davomida chegara atrofidagi hududni rekonstruksiya qilish, kengaytirish, obodonlashtirish va mustahkamlash bo`yicha ishlarni bajarish mo`ljallangan.
Manfaatdor tomonlarning ishchi guruhlari, shuningdek, “G`isht-ko`prik”, “Zangiota” va “Toshkent” chegara o`tkazish punktlariga borishgan bo`lib, u erda tasdiqlangan reja bo`yicha ishlarni bajarishda ustuvor vazifalar belgilab olindi.





