Davlat bojxona qo`mitasi tomonidan O`zbekiston Milliy matbuot markazida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun ““Bojxona kompleks va postlarini katta hajmdagi yuk avtotransport vositalari va temir yo`l vagonlarini skaner qiluvchi nazorat-ko`rik majmualari bilan ta`minlash, ularning imkoniyatlari va afzalliklari” mavzucida matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda Davlat bojxona qo`mitasi Raisi o`rinbosari B.Raimov ishtirok etib, bojxona organlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 10 avgustdagi “Davlat bojxona xizmati organlarining faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori va Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 11 aprelda “Davlat bojxona xizmati organlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori muhim dasturulamal bo`lib xizmat qilayotganini alohida ta`kidlab o`tdi.
Vazirlar Mahkamasining ushbu qaroriga ko`ra, Davlat bojxona qo`mitasining byudjetdan tashqari maxsus jamg`armasi mablag`laridan qat`iy maqsadli foydalanish, birinchi navbatda, tasdiqlangan 2011-2015 yillarda davlat bojxona xizmati organlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash tadbirlari dasturini amalga oshirish, eng avvalo bojxona postlarini bojxona chegarasi orqali o`tadigan tovarlarni to`liq qamrab olish va hisobga olishni ta`minlash imkonini beradigan zamonaviy skanerlash va maxsus asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun sarflanishi belgilab qo`yildi.
Mamlakatimizning bojxona postlari yuqorida keltirilgan Dasturda belgilab berilgan chor-tadbirlarga ko`ra bosqichma-bosqich katta hajmdagi yuk avtotransport vositalari va temir yo`l vagonlarini skaner qiluvchi nazorat-ko`rik majmualari bilan ta`minlanib kelinmoqda. Hozirda respublikamizning 10 ta bojxona postlarida jami 11 komplekt, shulardan 9 tasi mobil va 2 tasi temir yo`l katta xajmli skaner qurilmalari foydalanishga topshirildi.
Joriy yil birinchi yarmi yakuniga qadar bitta komplekt avtotransport va
bitta komplekt temir yo`l transportlarini skaner qiluvchi qurilmalar bilan ta`minlash ko`zda tutilgan.
Ta`kidlash joizki, o`rnatilgan skaner qurilmalari ko`magida birgina o`tgan 2013 yilda bojxona ko`rigini o`tkazilishi natijasida umumiy qiymati 13,4 mlrd. so`mlik 105 ta bojxona qonunbuzarlik holatlari aniqlangan.
Bundan tashqari, bugungi kungacha dastur doirasida 13 ta axborot tizimlari va 20 ta interaktiv xizmatlar joriy etilgan. 31 ta chegara bojxona postlari Yagona axbrot tizimiga birlashtirilgan radiasion nazorat komplekslari, 66 ta bojxona postlari va ob`ektlari videonazorat tizimi bilan ta`minlandi.
Dastur doirasida bojxona organlari 28 ta turli quvvatdagi server uskunalari bilan ta`minlandi. Tabiiyki, mazkur server qurilmalari DBQning Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimlari faoliyatini rivojlantirish, axborot xavfsizligi ta`minlash va tizim tezligini oshirishga hamda bojxona organlarida to`liq elektron hujjat aylanuvini tashkil etishda katta hissa qo`shadi.
Ayni paytda DBQ Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi o`z ichiga 25 ga yaqin axborot tizimlarini qamrab olgan. Ulardan 12 tasi davlat axborot tizimi sifatida ro`yxatdan o`tgan. Prezidentning 1595-sonli qarori asosida ushbu tizimlar soni yana 3 taga ko`paydi. Ya`ni, “Markirovka va audit”, “Tovar kodi” va “Xorijiy davlatlar bojxona xizmatlari bilan axborot almashuv” avtomatlashtirilgan axborot tizimlari amaliyotga joriy etildi.
Mazkur tizimlarning bojxona organlari faoliyatiga tatbiq etilishi nafaqat bojxona nazoratini ta`minlash va rasmiylashtiruv jarayonini tezlashtirishga, balki bojxona organlarining yagona axborotlar manbasini yaratishga ham xizmat qilmoqda.
Axborot tizimlaridan tashqari DBQ veb-sayti orqali 20 ta interaktiv davlat xizmatlari ishga tushirilgan.
Tadbirkorlik sub`ektlariga ko`rstilayotgan elektron xizmatlar sifatini ko`tarish maqsadida 2014 yilda ham bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Ular orasida tadbirkorlarning ruxsat berishga doir sertifikat va ruxsatnomalarni olishda ularning bir nechta vazirlik va idoralar orasida sarson bo`lishlariga yo`l qo`ymaslik maqsadida, sertifikat va ruxsatnomalarni elektron ko`rinishda olish imkonini beruvchi “Yagona oyna” axborot tizimini ishga tushirish, Internet tarmog`i orqali ko`rastilayotgan interaktiv xizmatlari ko`lamini kengaytirish, xususan qo`shimcha 13 ta interaktiv xizmatlarni joriy etish kabi qator yangiliklar mavjud.
Ayni paytda “O`zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit ravishda harakatlanuvchi yuklarning elektron kuzatuvini ta`minlash” va “Bojxona qiymati” avtomatlashtirilgan axborot tizimlarini joriy etish hamda bojxona chegaralarini kesib o`tish chog`ida jismoniy shaxslar tomonidan to`ldirilishi lozim bo`lgan “T-6” shakldagi bojxona deklarasiyasining qog`oz shaklidan voz kechgan holda, Internet tarmog`i orqali oldindan deklarasiya taqdim etish tizimini hozirgi kun talablari asosida rivojlantirish ustida aniq ishlar olib borilmoqda.
Xususan, endilikda mamlakatimizga kirib kelayotgan yoki chiqib ketayotgan jismoniy shaxslar T-6 shaklidagi bojxona bayonnomasi blankasini Davlat bojxona qo`mitasi veb-saytidan ko`chirib olishlari mumkin.
Bundan tashqari 2014 yilda DBQning Yagona korporativ axborot tarmog`ini rivojlantirish, qo`mita ma`lumotlar bazasining Asosiy va Zahira markazlari o`rtasida 100 mb/s tezlikka ega bo`lgan hamda 51 ta bojxona postlari bilan hududiy bojxona boshqarmalari o`rtasida optik tolali aloqa kanallarini tashkil etish ham rejalashtirilgan.
Anjumanda jurnalistlar mavzu yuzasidan o`zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob oldilar.