1

​QIRG`IZISTON DAVLAT RAHBARINING MAMLAKATIMIZGA RASMIY TAShRIFI DOIRASIDA 140 MILLION DOLLARLIK ShARTNOMALAR IMZOLANDI

Siyosat 14.12.2017, 08:38
​QIRG`IZISTON DAVLAT RAHBARINING MAMLAKATIMIZGA RASMIY TAShRIFI DOIRASIDA 140 MILLION DOLLARLIK ShARTNOMALAR IMZOLANDI

13 dekbar kuni mamalakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Qirg`iziston Respublikasi Prezidenti Sooronboy Jeenbekov bilan davom etgan keng doiradagi muzokaralarda ikki mamlakat rasmiy delegasiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etgan muzokaralarda asosiy e`tibor O`zbekiston bilan Qirg`iziston o`rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport kommunikasiyalari, ilmiy-texnikaviy, bank-moliyaviy, madaniy-gumanitar va hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, energetika, sanoat, qishloq va suv xo`jaligi, turizm va boshqa sohalardagi aloqalarni mustahkamlash masalalariga qaratildi.

Savdo-iqtisodiy aloqalar rivojida O`zbekiston Respublikasi bilan Qirg`iziston Respublikasi o`rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo`yicha hukumatlararo komissiya muhim o`rin tutmoqda. Ikki mamlakat Bosh vazirlari mazkur komissiyaning hamraislari etib tayinlangani tomonlarning o`zaro hamkorlikni rivojlantirishga yuksak e`tiboridan dalolat beradi.

Keyingi paytda mamlakatlarimiz o`rtasidagi tovar ayirboshlash ko`rsatkichi sur`at bilan yuksalmoqda. Joriy yilning yanvar-noyabr oylarida o`zaro savdo hajmi 56 foizdan ziyodga o`sib, 235 million dollardan oshdi.

Ammo, muzokarada ta`kidlanganidek, bu ko`rsatkich ikki mamlakatning mavjud imkoniyatlarini to`liq aks ettirmaydi. Ikki tomonlama tovar ayirboshlash nomenklaturasini diversifikasiya qilish va yaqin yillarda uning hajmini 500 million dollarga etkazish borasida ulkan salohiyat mavjudligi qayd etildi.

Tashqi savdo infratuzilmasi va eksport-import operasiyalarini qo`llab-quvvatlash mexanizmlarini faol rivojlantirish, birgalikda savdo uylari ochish, biznes-forumlar va sanoat mahsulotlarining milliy ko`rgazmalarini o`tkazish zarurligi ta`kidlandi.

Qirg`iziston Prezidentining rasmiy tashrifi doirasida tashkil etilgan sanoat mahsulotlari ko`rgazmasi va ishbilarmonlarning muzokaralarida ikki mamlakatdan ko`plab etakchi biznes vakillari ishtirok etgani, uning yakunida 140 million dollarlik shartnomalar imzolangani savdo-iqtisodiy munosabatlar jadal rivojlanish pallasiga kirganini namoyon qiladi.

Iqtisodiy hamkorlik haqida so`z borar ekan, Qirg`iziston Respublikasi hududida O`zbekistonning qishloq xo`jaligi texnikasi, engil avtomobillari, avtobuslari, maxsus priseplari va maishiy buyumlarini birgalikda yig`ishni tashkil qilish loyihalarini amalga oshirish hamda qurilish materiallari va to`qimachilik sanoatida qo`shma korxonalar tuzish zarurligi qayd etildi.

Tomonlar bu loyihalar bilan cheklanmasdan, sanoat kooperasiyasi sohasida istiqbolli yo`nalishlarni birgalikda topishga kelishib oldilar.

Ishbilarmonlarning tashriflarini tashkil qilish, hamkorlikning barcha sohalarida qo`shma tadbirlar o`tkazish, ikki mamlakat fuqarolari o`rtasidagi aloqalarni kengaytirish orqali O`zbekiston bilan Qirg`iziston o`rtasida hududlararo hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga bundan buyon ham alohida e`tibor beriladi.

Qirg`iziston tomoni O`zbekistonning ikki mamlakat Bosh vazirlari rahbarligida Hokimlar va chegaradosh viloyatlar ma`muriyatlari rahbarlari kengashining birinchi majlisini o`tkazish to`g`risidagi taklifini qo`llab-quvvatladi.

Prezidentlar qisqa muddatda jahon bozorlariga chiqish imkonini beradigan transport va tranzit yo`laklarni rivojlantirish sohasida ikki tomonlama hamkorlik strategik ahamiyatga egaligini qayd etdilar.

Davlat rahbarlari «O`zbekiston-Qirg`iziston-Xitoy» temir yo`lining qurilishi imkon qadar tezlashtirish mintaqa mamlakatlarining tub manfaatlariga xizmat qilishini alohida ta`kidladilar. Bu Markaziy Osiyoni jozibadorligini oshirish va uning tranzit salohiyatini yuzaga chiqarish imkonini beradi.

2017 yil 30 oktyabr-3 noyabr kunlari «Andijon-O`sh-Irkishtom-Qoshg`ar» yo`nalishi bo`yicha o`tkazilgan tajribaviy avtopoygaga yuksak baho berildi. U mintaqadagi transport yo`nalishlarini diversifikasiya qilishda yana bir muhim omil bo`ldi.

O`zbekiston bilan Qirg`iziston o`rtasida suv-energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Bu masalalarni konstruktiv tarzda echish uchun Qo`shma ikki tomonlama suv xo`jaligi komissiyasini tuzish va yaqin vaqt ichida uning majlisini o`tkazishga kelishib olindi.

Gumanitar hamkorlik masalalari muhokama qilinar ekan, O`zbekiston va Qirg`iziston xalqlarining urf-odatlari, madaniyati, qadriyatlari mushtarakligi ta`kidlandi. Bizning tilimiz, dinimiz, tarix va merosimiz bir. Bu jihatlar madaniy-gumanitar aloqalar rivojida muhim omil bo`lmoqda. O`zbekistonda qirg`iz tili va madaniyati, Qirg`izistonda o`zbek tili va madaniyatini o`rganishga alohida e`tibor qaratilyapti.

Buning natijasi o`laroq, joriy yilda Qirg`iziston teatr ijodkorlari Farg`ona vodiysida, o`zbekistonlik san`atkorlar O`sh, O`zgan, Aravon, Novqat, Qorasuv, Jalolobod shaharlarida ijodiy safarda bo`ldi. Qirg`izistonda O`zbekiston madaniyati kunlari o`tkazildi.

Davlat rahbarlarining kelishuviga binoan kelasi yil O`zbekistonda xalqlarimiz intiqib kutgan Qirg`iziston madaniyat kunlari bo`lib o`tadi. Shu bilan birga, 2018 yilda ikki xalq Qirg`izistonning atoqli adibi Chingiz Aytmatov yubileyini keng nishonlaydi.

Shu munosabat bilan Qirg`iziston Respublikasi Prezidenti davlatimiz rahbariga O`zbekiston Milliy universitetida zabardast qirg`iz o`g`loni Chingiz Aytmatovning hayoti va ijodiga bag`ishlangan doimiy ko`rgazma tashkil qilish to`g`risida qaror qabul qilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1