AsosiyJamiyat

Daromad to`g`risida deklarasiya nima uchun 1 aprelga qadar taqdim etilishi lozim?

18 mart kuni Milliy matbuot markazida «Jismoniy shaxslarning jami yillik daromadlarini deklarasiyalash tizimining o`ziga xos xususiyatlari» mavzusidagi matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Bu haqda DSQ axborot xizmati xabar beradi.

O`zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo`mitasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanidan ko`zlangan asosiy maqsad, ikki yoki undan ortiq manbalardan daromad olgan jismoniy shaxslar tomonidan jami yillik daromadlari haqida deklarasiyani taqdim etish tartiblari, muddati va soliqlarni hisoblashning o`ziga xos xususiyatlari hamda joriy yildan boshlab bu borada soliq qonunchiligiga kiritilgan o`zgartirish va qo`shimchalar mazmun-mohiyatidan keng jamoatchilikni xabardor qilishdan iborat bo`ldi.

Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi rezidentlarining Soliq kodeksining 189-moddasida qayd etilgan daromadlariga, deklarasiya asosida soliq solinadi.

Bunday daromadlarga mulkiy daromadlar, agar bu daromadlarga to`lov manbaida soliq solinmagan bo`lsa, jismoniy shaxslarning fan, adabiyot va san`at asarlarini yaratganlik hamda ulardan foydalanganlik uchun mualliflik haqi tariqasida olgan daromadlari, asosiy bo`lmagan ish joyidan olingan moddiy naf tarzidagi daromadlari, ikki yoki undan ko`p manbadan olingan soliq solinadigan daromadlari, O`zbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi manbalardan olingan daromadlari, soliq agentlari bo`lmagan manbalardan olingan daromadlari kiradi.

Jismoniy shaxslar ushbu daromadlari bo`yicha jami yillik deklarasiyani doimiy yashash joyidagi davlat soliq xizmati organiga hisobot yilidan keyingi yilning 1 aprelidan kechiktirmay taqdim etishi lozim. Deklarasiya doimiy yashash joyidagi davlat soliq xizmati organiga shaxsan borib topshirish, pochta orqali buyurtma xat shaklida, shuningdek elektron shaklda taqdim etilishi mumkin.

Shu o`rinda qayd etish joizki, agar jismoniy shaxsning asosiy bo`lmagan ish joyidan olgan daromadidan uning arizasiga ko`ra soliq eng yuqori stavka asosida ushlab qolingan bo`lsa, deklarasiya taqdim etilmaydi.

Mol-mulkini ijaraga berish orqali daromad olayotgan jismoniy shaxslar tomonidan, ijaradan daromadlar paydo bo`lgan kundan e`tiboran birinchi oy tugaganidan keyin besh kunlik muddatda dastlabki deklarasiya hamda hisobot yilidan keyingi yilning 1 aprelidan kechiktirmay doimiy yashash joyidagi davlat soliq xizmati organiga jami yillik daromadlari to`g`risida deklarasiya taqdim etilishi lozim. Mol-mulkni ijaraga berishdan daromad olish tugagan taqdirda jismoniy shaxs doimiy yashash joyidagi davlat soliq xizmati organini bu haqda yozma xabardor etishi lozim.

Shu o`rinda, soliq to`lovchida «Mol-mulk ijarasidan olinadigan daromadlarga eng kam stavkada soliq solinsa, yil yakuni bilan hech qanday qo`shimcha daromad solig`i hisoblanmaydi. Nima uchun 1 aprelga qadar jami yillik daromad to`g`risida deklarasiya taqdim etilishi lozim?», - degan savol tug`ilishi mumkin.

Jismoniy shaxsga daromad solig`idan imtiyoz olish huquqi aynan ushbu deklarasiya asosida beriladi. Bundan ko`rinadiki, jami yillik daromadlari to`g`risidagi deklarasiyaning taqdim etilishi faqat jismoniy shaxsning manfaati uchun xizmat qiladi.

O`zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi 574- va 603-moddalariga hamda Uy-joy kodeksi 86-moddasiga muvofiq fuqarolar o`rtasida tuzilgan ko`chmas mulkni - uy-joyni va noturar joyni ijaraga berish shartnomasi notarial tasdiqlanishi shart. Ijara shartnomasining bo`lmasligi yoxud uning majburiy notarial tasdiqlanishiga rioya qilmaslik O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksi 159¹-moddasiga muvofiq eng kam ish haqining besh baravaridan o`n baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo`ladi.

Jismoniy shaxslar daromadlari to`g`risidagi deklarasiya asosida hisoblab chiqarilgan daromad solig`ini o`tgan soliq davridan keyingi yilning 1 iyunidan kechiktirmay to`lashlari lozim.

Deklarasiya o`z vaqtida taqdim etilmasa, davlat soliq xizmati organi o`zidagi mavjud ma`lumotlar asosida jismoniy shaxs tomonidan to`lanishi lozim bo`lgan soliq summasini eng yuqori stavka bo`yicha hisoblash va soliq to`lovchiga to`lanishi lozim bo`lgan soliq summasi to`g`risida bildirishnoma berish huquqiga ega.

Daromadlari to`g`risidagi deklarasiyani taqdim etmagan, o`z vaqtida taqdim etmagan yoki uni atayin noto`g`ri ma`lumotlarni ko`rsatgan holda taqdim etgan fuqarolarga nisbatan O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksi 174-moddasi uchinchi qismida eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima qo`llanilishi belgilab qo`yilgan.

O`zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi 181-moddasiga binoan mol-mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlarga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`ining belgilangan eng kam stavkasi bo`yicha soliq solinadi. 2014 yilda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`ining eng kam stavkasi 7,5 % miqdorida belgilangan.

Amaldagi qonunchilik talablariga ko`ra, jismoniy shaxslar tomonidan turar joylarni ketma-ket keladigan o`n ikki oylik davr ichida bir martadan ortiq realizasiya qilishdan olinadigan daromadlarga soliq solinishi belgilab qo`yilgan.

O`n ikki oylik davr - turar joyni birinchi marta realizasiya qilingan sanadan boshlab hisoblanadi. Ko`chmas mulk - turar joy o`n ikki oylik davr ichida ikkinchi va keyingi bor realizasiya qilinganda soliq solinishi kerak bo`lgan daromadlar birinchi ko`chmas mulk - turar joy fondi ob`ektini realizasiya qilishni hisobga olgan holda aniqlanadi.

Ko`chmas mulk ob`ektlari - u turar joy bo`lsa ham, noturar joy fondi bo`lsa ham - realizasiya qilinishidan olingan daromadlarga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`ining eng kam stavkasi bo`yicha soliq solinadi.

Matbuot anjumanida Davlat soliq qo`mitasi xodimlari ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan berilgan barcha savollarga batafsil javob berdilar.

    Boshqa yangiliklar