1

Davron ALIJONOV: "O`zbek do`ppisini dunyoga tanitmoqchiman!” Yoxud 52 ta davlatda bo`lgan sayohatchi

Madaniyat 16.12.2017, 10:19
Davron ALIJONOV: "O`zbek do`ppisini dunyoga tanitmoqchiman!” Yoxud 52 ta davlatda bo`lgan sayohatchi

Instagram ijtimoiy tarmog`idagi sa³ifasiga noodatiy rasmlar joylab boradigan sayohatchi Davron Alijonovni ko`rib, Mark Tvenning "20 yildan so`ng ºilgan ishingiz emas, bajarolmaganlaringiz uchun afsuslanasiz", degan fikri yodimga tushdi. Sayohat qilish istagi bilan yongan Davronning boshqa xalqlar mada­niyati bilan yaqindan tanishish orzusi ushaldi. Havo yo`llari tashkilotining xodimiga aylanishi uning istagi "yo`li"ni yaqin qildi...

— Davron, sayohat qilishni qachondan boshlagansiz va bu istakka nima turtki bo`lgan?

— Sayohat qilishni talabalik paytlarimda boshlaganman. Yaponiyaning “Risumeykan” Osiyo va Tinch okeani universiteti hamda Latviyaning Riga texnika universitetida o`qiganman. Yaponiya shaharlariga, Latviyada o`qigan kezlarim esa Evropa bo`ylab do`stlar davrasida sayohat qilishni boshlaganman. Sayohatlarimning ko`pi ish yuzasidan. Tashkilot xodimi sifatida yirik havo yo`llari tashkilotlaridan aviachiptalarga to`qson foizli chegirmalarim bor. Sayohatlarimda bu imkoniyatlarimdan foydalanaman.

— Umringizning qancha qismi sayohatda o`tadi?

— Agar bir oylik vaqt oralig`ida olsak, teng yarmi uyda — Dubayda, qolgani ish va sayohatlar bilan o`tadi. Dubaydagi “Emirates” aviakompaniyasi baza shahar hisoblanadi. Bu tashkilot barcha xodimlarni yashash joyi bilan ta`minlaydi. Shu bois Dubayda yashayman, ota-onam esa Andijonda.

— Vatan, yaqinlardan uzoqda yurganingizda sog`inch hissini qanday engasiz?

— Vatan sog`inchini engish tushunchasi og`riqli masala. Boisi bu his doim ustun keladi. Vatan ostonadan boshlanadi, deyiladi. Aytmoqchimanki, uyga — Andijonga tez-tez borib turishga intilaman. Sayohatlarimning chala qolib ketishiga ba`zan Vatan sog`inchi – yurtga qaytishim sabab bo`ladi. Sayohatlardan toliqqan holda kelganimda, Vatanning bir burchagiga kelgandek bo`lish uchun Dubaydagi uyimni o`zbekona ruhda bezaganman.

— Yaqinlaringiz sayohat qilishingizga qanday qarashgan?

— Uyimdagilar kinoya bilan meni “jahongashta o`g`limiz!” deb atashadi. Dunyo ko`rgan inson ko`p bilimga ega bo`lishiga ishonishadi. Shu bois uyimdagilarning sayohatlarimga fikrlari ijobiy. Ayniqsa, turli davlatlardan sovg`alar olib borsam, xursand bo`lishadi (kuladi).

— Ijtimoiy tarmoqlarda “teazeal” sahifasini ommalashtirish fikri qachon uyg`ondi?

—Sayohatlarim avvalida uydagilar, do`stlarim uchungina esdalik rasmlar suratga olganman. Ommalashib ketadi, deb o`ylamagandim. Loyihaga “teazeal” deya nom berishim sababi, bu — choyga bo`lgan ishtiyoqim. Biz o`zbeklarda bu bevosita piyola bilan bog`liq. Tea – choy, zeal – g`ayrat. “Teazeal” so`zini esa ikkita bir-biriga aloqasi yo`q so`zlarni birlashtirgan holda yasadim. Do`ppi kiyib yurishni esa yoqtiraman. Shuning uchun bu yangilik bo`lmadi. Arab kandurasi, Yapon kimonosi yo Sinxlar bosh kiyimi turbanni ko`rganda, odamlar ularning qaerdanligini darrov biladi. Do`ppi haqida esa dunyo xalqlari etarlicha ma`lumotga ega emas. Agar dunyo bo`ylab do`ppi kiyib yursam, atrofdagilar u haqda so`rashadi va men ularga do`ppi o`zbekning bosh kiyimi ekani, bezak­lari haqida so`zlab beraman. Qisqa vaqt ichida rasmlarimni boshqa odamlarning sahifalarida ko`ra boshladim. Demak, ular buni ijobiy qabul qildi. Bundan ruhlangan holda loyihaga e`tiborimni kuchaytirdim.

— Piyola va do`ppi rasmlaringizning asosiy elementi sifatida tanlangan. Nega aynan piyola va do`ppi?

— Do`ppi kimligimni ko`rsatib turadi. Yoshlar orasida sayohatga qiziqqanlar ko`p, lekin do`ppi kiyib yurishni eskilik, deb qabul qiladiganlar ham yo`q emas. Do`ppi bu — urf emas, balki milliy bosh kiyim va yoshlar undan foydalanishi kerakligini shu sayohat uslubim bilan ularning hayot tarziga olib kirish uchun tanlaganman.

— Sayohatlar sizga nima beradi?

— O`sha davlatda yashovchi aholining turmush tarzi, madaniyati, urf-odatlari haqida tushunchalar beradi. Kitob­larda o`qigan bilimlarim bilan ko`rganlarimni solishtirish, ularning asl ma`nolarini tushunishga yordam beradi. Bu orqali esa dunyoqarashimni kengaytiraman.

— Nahot xuddi “Boburnoma”dek kitob yozish istagi tug`ilmagan bo`lsa?

— Hozircha sayohatlarim haqida blog yozib boryapman va “you tube” orqali odamlarga bo`lishyapman. Kitob yozish fikri ham tug`ilgan, albatta. Kelajakda bu fikrni balki amalda bajararman?!

— Eng yodda qolgan sayohatingiz qaysi?

— 52 ta davlat bir-biridan go`zal. Lekin eng afzali — buvim va singlim hamrohligida Samarqandga uyushtirgan sayohatimiz! Imom al-Buxoriy majmuasi va Birinchi Prezidentimizning xonadonlarida bo`lganimizda ko`zim yoshlangan... Sayohat davomida Temuriylar tarixiga oid ma`lumotlarni “instagram” hikoyalari orqali obunachilarimga ko`rsatganman. Chet davlatlar orasida eng sevimlisi — Turkiya. Bu davlatga bo`lajak turmush o`rtog`im bilan borganman. Aytishlaricha, Istanbuldagi “Galata” binosi yonida rasmga tushgan juftlik butun umr ajralmas ekan.

— Suvda, suv tubida, tog` cho`qqisida rasmga tushasiz, qo`rquv bo`lmaydimi? Noodatiy rasmlar uchun alohida fotograf yollaganmisiz?

— Ishoning, bu rasmlar sabab uydagilardan ko`p tanbeh eshitaman. Lekin qo`rquv hissi yo`q. Yaqin orada akulalar qurshovidagi rasmlarni havola qilmoqchiman (kuladi). Bunday noodatiy rasmlarni­ suratga olish uchun maxsus odamlar: fotograf, sayohat blogerlari yo sayohlik tashkilotidan yollangan ham­roh­lar yordami kerak bo`ladi. Odatda esa rasmlarim muallifi o`zim. Masofadan boshqariladigan uskunadan foydalanaman. Agar bo`lajak turmush o`rtog`im yonimda bo`lsa, fotograflik vazifasini a`lo darajada uddalaydi.

— Boradigan davlatlaringizni nima asosida tanlaysiz?

— Mashhur maskanlar asosida tanlayman. Har xillikni yaxshi ko`rganim sabab, bir gal Osiyo mamlakatlarini tanlasam, navbatdagi manzilim Evropada bo`lishni afzal bilaman. Bir oy avval oylik jadval beriladi. Lekin bu jadvalni o`zingizga moslab olish imkoni bor. Aniqrog`i, namunali xodimlar oylik rejalarni o`zi tuzadi.

— Vaqtni qanday taqsimlaysiz?

— Bu sayohatdan ancha avval rejalashtirishdan­ boshlanadi. Sayyohlik tashkilotlari bilan sayohatlar ancha qulay. Uyquga kamroq vaqt­ ajrataman. Boisi aynan shu uyqudan ajratib olgan­ ikki soatni borgan davlatimdagi qiziqarli mashg`ulotlarga ajrataman.

— Sayohatingiz qachongacha davom etadi?

— Sayohatlarim bevosita ishim bilan bog`liqligini inobatga olsak, hali borib ulgurmagan davlatlarim ko`p. Ularga o`zbekona muhit berish va evaziga loyiha muxlislariga xorijiy davlatlar haqida ma`lumotlar berishda davom etaman.

Hozircha 52 ta davlatda bo`lgan. Ko`p davlatlarni qisqa vaqt ichida etarlicha bilolmagani uchun bir necha bor qayta borgan.


Rus, ingliz, turk tillarini biladi. Yapon va latish tillaridan ham xabardor.

Cadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1