Qaltis savollarga dangal javob beradigan O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Hosila RAHIMOVAning fikrlari barchaga birdek qiziq bo`lsa, ajabmas...
— Hosila opa, so`nggi bir oy davomida internet “yulduzi”ga aylandingiz. Sizni bu qadar “mashhur” qilgan to`ydagi raqsingizni o`zingiz “sahnalashtirganmisiz”?
— Pichingingizni tushundim, lekin internet “yulduzi” bo`lish hammaga ham nasib qilavermaydi (kuladi). Konsertimga muntazam keladigan muxlislarim yaxshi biladi, sahnada “yonaman”, sho`xligimni raqsdagi shijoatim bilan chiqaraman. Xalq orasida “san`atkorni jini tutdi”, degan gap bor-ku. Shu ma`noda folklor chegara bilmaydi! To`yda bir burchakka bekinib, harakatlarimni videoga olib, “Hosila ichib olibdi”, degan gaplarni tarqatgan “muxlisim” konsertda bundan-da yuqori shijoat bilan raqsga tushishimni bilmasligi aniq. Videoni tarqatgan odam o`zimga murojaat qilganida, kerak bo`lsa, qon tahlillarim orqali ichmaganimni isbotlagan bo`lardim.
Bu raqsimda behayo qiliqlar yo`q, ochiq-sochiq libosda ham emasman. To`g`ri, beo`xshov harakat bo`lishi mumkin. Lekin raqslarimdan uyalmayman! O`sha muxlisim o`zimga murojaat qilsa, konsert dasturimga bepul chipta berardim va konsertda to`ydagidan yuz karra ko`proq shijoat bilan raqsga tushishimga amin bo`lardi. Xalqdan olgan energiyamni xalqqa qaytaraman, xolos.
— “Istiqlol” san`at saroyida to`liq jonli ijroda konsert berolmaydigan O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Hosila Rahimova xalq xizmatlarida ham fonogrammadan foydalanadimi, yo`qsa, shaxt bilan raqsga tusholmasdingiz?
— To`liq jonli ijroda konsert bermasligimni tan olaman va bundan uyalmayman ham. Maqom qo`shiqlarimnigina jonli ijroda kuylayman. Qolgan “blok”larda fonogrammadan foydalanishimning boisi muxlislarim bilan tengma-teng raqsga tushishni istayman. Xonandaning muxlis shijoatiga sustkashlik bilan javob qaytarishga haqqi yo`q. Haqsiz, xalq xizmatlarida ham folklor qo`shiqlarimni fonogrammada kuylayman, lekin maqom bundan mustasno.

— Nega doim to`ylar bilan “mashhur” bo`lasiz, hech o`ylab ko`rganmisiz?
— Sakrab raqsga tushganim, yugurganim kabi yana shunday videolar tarqalsa, hayratlanmayman. Hosila Rahimovaning muxlislari ham hayron bo`lishmaydi. Bu raqslar shunchaki folklor va muxlislardan zavqlanish hissi, xolos.
— To`ylarimizda turk, arab, fors, rus, inglizcha qo`shiqlar kuylanadi. O`zbekning to`yida o`zbekcha qo`shiqlarga vaqt etmaydi, eshitishga xohish ham yo`q. Professional san`atkor sifatida g`ashingiz kelmaydimi?
— Muxlisning talabi doim birinchi o`rinda. Balki to`yga kelgan mehmon boshqa tilda kuylanib, “xit”ga aylangan qo`shiqqa raqs tushgisi kelar. Agar mendan ham so`rashsa, boshqa tildagi qo`shiqni kuylab beraman. San`atkor sifatida bu g`ashimga tegmaydi. Turkcha “Of-of” qo`shig`ini kuylaganimda, turkiyaning “TRT” telekanali ijodkorlari “to`g`ri talaffuzda kuylabsiz!” deya shu qo`shiqqa o`zlari klip ham suratga olib berishgan. Ba`zi xonandalarga o`xshab, o`z repertuari yo`q xonanda emasman. Mualliflik qo`shiqlari yo`q, biroq to`yma-to`y yuradigan havaskorlarga maslahatim — o`z “men”ingizni toping, o`zingiz ijod qiling!
— Professional xonanda sifatida ijodingiz o`zingizni 100 foiz qoniqtiryaptimi?
— Yo`q! Boisi hali folklor yo`nalishida kuylashim kerak bo`lgan qo`shiqlar talaygina. Chekka-chekka qishloqlarga borganimda, momolardan so`rab o`rganib, zamonaviy sayqal berib, muxlislarga taqdim qilaman. Shunday ekan, hali ijodning cho`qqisiga chiqqanimcha yo`q.

— Maqom yo`nalishida ham tahsil olgansiz. Biroq bu yo`nalishda ijod qilib, maqomning rivojiga hissa qo`shmayotganingizga nima sabab?
— Haqsiz, maqom yo`nalishida ham tahsil olganman. Lekin “bu yo`nalishda ijod qilmayapsiz”, deyishingiz noo`rin. 2004 yilgi konsert dasturimdan boshlab, shu kungacha uch yo to`rtta maqomni jonli ijroda kuylashni an`anaga aylantirganman. To`g`ri, avvallari bu yo`nalishda musiqiy klip suratga olib, efirga berardim. Keyinchalik klip suratga olish va uni telekanallarda “aylantirish” katta mablag`ni talab qiladigan bo`ldi. Shu bois asosiy e`tiborni faqat folklor yo`nalishdagi qo`shiqlarimga qaratganman. Biroq maqom yo`nalishdagi qo`shiqlarim radiolarda yangrab turadi. Shuningdek, "Yutub"dagi shaxsiy kanalimga ham bu yo`nalishdagi kliplarim joylangan. Aytishim joiz, xalq xizmatlarida hech bo`lmasa, beshta maqomni jonli ijroda kuylayman.
— Unvon olgan xonanda bilan havaskorlarning bitta davra va sahnada turishi yoshlarni ustoz san`atkorlar darajasiga etishga bo`lgan intilishini to`yintirib qo`ymaydimi?
— Ikkovining bir sahnada turishi qaysidir ma`noda noo`rin va adolatsizlikdir. Lekin tanganing ikkinchi tarafini olsak, yoshlar unvon olgan san`atkorlar bilan bitta davrada bo`lsa, o`rnak oladi, nimalarnidir o`rganadi. Kezi kelsa, tanbeh eshitadi. Bu esa yoshlarning yuksaklarga parvoz qilishiga zamin bo`ladi. Bitta sahnada turishga hali erta yo falon qo`shig`ing talabga javob bermaydi, degan noo`rin tanqid yoshlarning ishtiyoqini so`ndirib qo`yishi mumkin. Yosh nihollarni “sindirib”, san`atimizni ertangi o`lmas asarlar mualliflaridan mahrum qilmaylik. Prezidentimizning unvon haqidagi fikrlari ham yoshlarni tirishqoqlik bilan ishlashiga turtki bo`ladi va “unvon oldim-ku, bo`ldi”, degan dangasalikdan ham xalos qiladi.
Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.






