AsosiyJamiyat

Prezident Islom Karimov o`zbek xalqini Navro`z ayyomi bilan qutladi

        Aziz yurtdoshlarim, qadrdonlarim!

         Muhtaram mehmonlar!

         Biz Vatanimiz va el-yurtimizning tarixiy sana va ayyomlariga bag`ishlangan bayramlarni katta tayyorgarlik va xursandchilik bilan o`tkazamiz.

         Lekin, hech ikkilanmasdan aytish mumkin: ayni shu kunlarda qutlug` qadamlari bilan diyorimizga kirib kelayotgan, bahor, yasharish va yangilanish ramzi, sharqona yangi yil debochasi bo`lmish Navro`zi olamni kutib olish va o`tkazish marosimlari va xursandchiligini hech qaysi bayram bilan solishtirib, qiyoslab bo`lmaydi, albatta.

         Bugun, shu fursatdan foydalanib, mana shu go`zal maydonda bayramona kayfiyat bilan jamuljam bo`lib o`tirgan siz, azizlarga, sizlarning timsolingizda butun xalqimizga o`zimning chuqur hurmat-ehtiromimni, mehr-muhabbatimni bildirib, Navro`z ayyomi bilan tabriklash – men uchun katta baxt.

         Aziz do`stlarim!

         Navro`z ayyomini xalqimiz naqadar orziqib va intizor bo`lib kutib olayotgani, bu bayramni eng qadimiy va asl milliy bayram sifatida ana shunday ardoqlab o`tkazishimiz, hech shubhasiz, bejiz emas va bunda chuqur ma`no-mazmun bor.

         Buning sababini avvalo Navro`z g`oyalarida ming yillar davomida, “Avesto” zamonlaridan buyon xalqimizning bezavol saqlanib kelayotgan qadimiy urf-odat va udumlari mujassam topganida, hamohang bo`lganida ko`rishimiz darkor.

         Bunday munosabat – avvalo ko`hna va buyuk tariximizga, ulug` ajdodlarimiz qoldirgan merosga, boy madaniyatimizga hurmat-ehtirom bilan qarash deganidir. Shu bilan birga, bunday munosabat – uzoq va yaqin o`tmishimiz davomida, o`ta murakkab damlarda qanday qiyin bo`lmasin, qanday og`ir sinovlardan o`tishga to`g`ri kelmasin, muqaddas qadriyatlarimizga xiyonat qilmasdan, ularga doimo sadoqatli bo`lib yashayotganimiz, ularni e`zozlab, avaylab, yangi avlodga etkazib kelayotganimizning yorqin ifodasi va tasdig`idir, desak, ayni haqiqatni aytgan bo`lamiz.

         Navro`zi olam o`lkamizga qadam qo`yishi bilan har birimiz yon-atrofimizdagi mavjudotning uyg`onishi, kurtaklar va gul-chechaklar ochilishi, eru ko`k bag`rida yuz berayotgan o`zgarishlardan, bahor nafasidan bahramand bo`lamiz, ona tabiatimizning uzviy va ajralmas bir qismi ekanimizni beixtiyor chuqur his qilamiz.

         Ayni shu pallada xuddiki tabiat olami bilan uyg`un va mushtarak bo`lib, bu osuda hayotni har bir kunining qadriga etib, shukronalik hissiyoti bilan yashash kerakligini yana va yana bir bor anglaymiz.

         Bunday ajoyib lahzalarda millati, tili, dinidan qat`i nazar, yurtimizda yashayotgan har qaysi inson, har qaysi oila shodu xurramlik bilan bahor sog`inchi va orzu-niyatlarini, yorug` chehrasini namoyon etishga intiladi.

         Shu fayzli, shodiyona kunlarda har qanday gina va arazlar, nizo va adovatlar unutiladi, yurtdoshlarimiz sumalak, halim, ko`ksomsa kabi tansiq taomlar tortilgan dasturxonlar atrofida to`planib, qalbini dunyoga keng ochib, Navro`z ne`matlarini, bayram quvonchini yaqinlari, yoru birodarlari bilan baham ko`rishni istaydi.

         Barcha-barchaga sog`liq-omonlik, baxt-saodat tilaydi, tabarruk keksalarni ziyorat qilishga, ularning duosini olishga hozir bo`ladi.

         Shu mo``tabar ayyomda bemorlar, etim-esirlarning, muhtoj insonlarning ko`nglini, ruhini ko`tarish, barcha savob ishlarni amalga oshirish – bularning    hammasi xalqimizning qon-qoni, ong-ongiga singib ketganidan, yaxshilik va ezgulikni doimo yuragida saqlab kelayotganidan darak beradi.

         Ayni shunday paytlarda o`zimga o`zim bir savol beraman. Dunyoda bizning mehribon, mehmondo`st xalqimizga o`xshagan xalqni topish mumkinmi o`zi? Aminman – hech qachon!

         Aziz do`stlarim, birodarlarim, bizning xalqimiz nimani istaydi? Avvalo, o`z yurtida va qo`shni mintaqalarda, butun olamda tinchlik-osoyishtalik hukm surishini, turli-turli hududlarda davom etayotgan mojaro va qarama-qarshiliklar kuch ishlatmasdan, faqatgina tinchlik yo`li bilan, siyosiy muzokaralar yo`li bilan hal qilinishini xohlaydi.

         O`z osmonining musaffo bo`lishini, tinchlik barqaror bo`lgan hayotni istaydigan xalqimiz o`zgalarga ham ayni shunday tilaklarni ravo ko`radi.

         Fursatdan foydalanib, bizga hurmat va ehtirom ko`rsatib, bugun mana shu davrada o`tirgan chet davlatlarning muhtaram elchilarini, xalqaro tashkilotlar vakillarini, butun diplomatik korpusni, olis va yaqindagi mamlakatlarning xalqlarini Navro`z bayrami bilan tabriklab, ularga ravnaq va farovonlik tilashga ijozat bergaysiz.

         Muhtaram do`stlarim!

         Mening istagim – mana shu shukuhli, tarovat sochilib turgan damlarda shu muazzam bog`da bizga mehr bilan boqib turgan buyuk Alisher Navoiy bobomizning “Har kunimiz Navro`z bo`lsin!” – degan tilaklari xuddi yangitdan qulog`imizga chalingandek tuyulsin, shunday xush kayfiyat siz, azizlarimga, butun el-yurtimizga doimo yor bo`lsin.

         Bugun hayotga kirib kelayotgan, bilagi kuch-quvvatga to`lib borayotgan yigit-qizlarimizning ochiq chehrasiga boqib, aytmoqchiman – barchamiz bir narsani esimizdan chiqarmasligimiz zarur: xalqaro jamoatchilik Vatanimizning taraqqiyoti haqida, dunyoning rivojlangan demokratik davlatlari qatoriga ko`tarilishimizni avvalo siz, unib-o`sib kelayotgan yoshlarimizning salohiyati, bilimga chanqoqligi va ilmu fan cho`qqilarini o`zlashtirishiga, etuk va barkamol avlod bo`lib etishingizga qarab, xalqaro jamoatchilik bizning nimalarga qodir ekanimizga baho beradi.

         Shuning uchun ham biz o`zligini, o`z qadr-qimmatini, Vatani oldidagi o`z burchini chuqur anglagan, o`z oldiga baland marralar qo`yib, dunyodagi barcha tengdoshlari bilan bellashuvga tayyor farzandlarimni bizning ishonchimiz va tayanchimiz, hal qiluvchi kuchimiz, deb yuksak qadrlaymiz va siz yoshlarimizni e`zozlab kamol toptirishda o`zimizni hech qachon ayamaymiz.

         Aziz va navqiron, ko`zni quvontiradigan bolalarim – Navro`zi olam barchangizga bahordek ochilish, baxt va omad, sevgi-muhabbat olib kelsin, eng ezgu orzularingizni ro`yobga chiqarish sizga nasib etsin.

         Aziz qadrdonlarim!

         Osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo`lsin!

         Xonadonlarimizdan mehr-oqibat, fayzu baraka arimasin!

         Tabarruk otalarimiz, munis onalarimizning umrlari uzoq bo`lsin, aka-ukalarimiz, opa-singillarimizning ko`nglidagi pok niyatlari ijobat bo`lsin!

         Navro`zi olam barchamizga muborak bo`lsin!

 

    Boshqa yangiliklar