O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Senatning Fan, ta`lim, madaniyat va sport masalalari qo`mitasi tomonidan «Aholi va davolash muassasalarini dori-darmon bilan ta`minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar: aholi bilan muloqot, amaliyot va xalqaro tajriba» mavzusida davra suhbati o`tkazildi.
Unda senatorlar, Sog`liqni saqlash, Adliya, Tashqi savdo, Moliya, Iqtisodiyot vazirliklari, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko`maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasi, Davlat soliq qo`mitasi, Davlat bojxona qo`mitasi, Markaziy bank, Savdo-sanoat palatasi, Fanlar akademiyasi, Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi, tadbirkorlik sub`ektlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Qo`mita raisi Z.Nizomxo`jaev, sog`liqni saqlash vazirining birinchi o`rinbosari B.Yusupaliev, Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi direktori o`rinbosari N.Ibragimov, moliya vaziri o`rinbosari A.Karimov va boshqalar mamlakatimizda aholining dori vositalariga bo`lgan ehtiyojini qondirishga va farmasevtika sanoatini rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilayotgani hamda ushbu sohaning me`yoriy-huquqiy negizi takomillashtirilayotganini ta`kidladi.
Qisqa davr ichida «Dori vositalari va farmasevtika faoliyati to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahriri va O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 31 oktyabrdagi «Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta`minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to`g`risida»gi, 2017 yil 14 fevraldagi «Dori vositalarini va tibbiyot buyumlarini sotish, farmasevtika faoliyatini lisenziyalash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi, 17 iyuldagi «Aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta`minlash tizimini takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarorlari hamda 7 noyabrdagi «Farmasevtika tarmog`ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi farmoni qabul qilindi.
Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida, bugungi kunda O`zbekistonda faoliyat ko`rsatayotgan 150 dan ziyod farmasevtika korxonasi tomonidan tibbiyot amaliyotida foydalanishga ruxsat etilgan va davlat ro`yxatidan o`tkazilgan qariyb 2,5 ming dori vositasi va 200 ga yaqin tibbiyot buyumi ishlab chiqarilmoqda. Mamlakatimizning 33 farmasevtika korxonasiga xalqaro sifat standartlari tizimi joriy etildi. Ana shunday korxonalarning 19 tasi o`z mahsulotlarini AQSh, Fransiya, Germaniya va Evropa Ittifoqining boshqa mamlakatlariga eksport qilmoqda. Farmasevtika sohasiga investisiyalar kiritilishi hisobiga 26 qo`shma korxona tashkil etildi.
Shunga qaramasdan ehtiyoj kuchli bo`lgan dori vositalarining mamlakatimiz korxonalari tomonidan ishlab chiqarilmayotganligi sababli ichki bozorning asosiy qismini hamon import yo`li bilan olib kiriladigan mahsulotlar tashkil qilmoqda. Aksariyat dorixonalarda dorilarning Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan reseptlar bo`yicha sotilishiga rioya qilinmayapti.
Tadbirda dori vositalari va tibbiyot buyumlari savdosi qoidalarini buzganlik uchun mas`uliyatni kuchaytirish hamda sohani jadal rivojlantirish yuzasidan fikr-mulohazalar yuritildi. Aholi va davolash muassasalarini sifatli dori-darmon bilan ta`minlashning muhim masalalari va xalqaro tajriba muhokama etildi. Farmasevtika sohasida tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatini qo`llab-quvvatlashning muhim jihatlariga e`tibor qaratildi.






