Sevimli

Muhammaddiyor ISLOMOV: "BARChA YoMON VOQEALAR BEKORChILIKDAN" Yoxud 4 ta tilda so`zlasha oladigan Filippindagi o`zbekistonlik eng yosh rahbar

Madaniyat 16.12.2017, 11:00
Muhammaddiyor  ISLOMOV: "BARChA YoMON VOQEALAR  BEKORChILIKDAN" Yoxud 4 ta tilda so`zlasha oladigan Filippindagi o`zbekistonlik eng yosh rahbar

"Bugun boshqalar istamaydigan ishni qil. Shunda ertaga boshqalarning orzusidagi hayotda yashaysan", degan edi amerikalik rok musiqachi va aktyor Jared Leto. Bejiz bu fikrni yodga olmadim. Galdagi qahramonimiz Muhammaddiyor Islomov ayni shu yo`ldan borib, bugun Xalqaro sayyohlik tarmoqlari kompaniyasining Filippin davlatidagi filialida ish boshqaruvchi lavozimida mehnat qilyapti...

— Muhammaddiyor, aynan Riga davlat texnika universitetiga hujjat topshirib, xorijda tahsil olish istagiga nima turtki bo`lgan?

— Maktab paytlarimdanoq har bir yangilikka qiziqish bilan qaraganman va bu qiziqishlarim ko`p narsalarni o`qib-o`rganishga majbur qilgan. Har doim atrofdagilarga yaxshi tomonlama ta`sir o`tkazish menga zavq bag`ishlagan. 10 yoshlar chamasi edim, menejer bo`lishga qiziqish uyg`ongan. Istaklarimga erishmagunimcha hech qachon ortga chekin­mas va har qancha qiyin­chilik bo`lsa engishga tayyor edim. 9-sinfni tamomlaganimda ingliz tilida bemalol gap­lasha olardim. Shuningdek, xalqaro darajada ish yuritishim uchun ko`p tillarni bilishim zarurligini anglardim. Xonobod shahridagi 5-o`rta umumta`lim maktabni tamomlab, 2008 yil Andijon Davlat universiteti qoshidagi akademik liseyga o`qishga kirdim. O`qishdan bo`sh vaqtimda ingliz tilini yanada chuqurroq o`rganish maqsadida Andijon viloyatidagi “Edelweiss Progress Center” nomli maktabdan tashqari ikki yillik kursda o`qidim. Liseyni tamomlagach, Riga texnika universiteti (RTU)ning “Entrepreneurship and Management BCs” fakultetiga hujjat topshirdim. O`zbekistondagi oliy o`quv yurtlariga sira hujjat topshirmaganman. Boisi dunyo darajasida bilim olish vaqti kelganini angladim va dunyo ko`rib, o`z dunyoqarashimni kengaytirib, bilimga bo`lgan chanqog`imni to`l­di­rish maqsadida 2011 yil Latviya davlatining Riga shahriga jo`nab ketdim.

— Yaqinlaringiz xorijda tahsil olib, ishlashingizga qanday qarashgan?

— Yolg`iz o`g`il bo`lganim bois oila-a`zo­la­rim chet elga chi­qi­shim­ga qarshilik qilgan. Hech bir ishni yarim yo`lda qoldirmaganim bois uydagilarni bir amallab ko`ndirdim.

— Musofirchilik oson emas, sizda bu jarayon qanday kechdi?

— Musofirchilik qiyin bo`ladi, deyish­gandi. Lekin bu qadar mushkul bo`lishi xayolimga kelmagandi. 18 yoshli talaba yaqin­la­ridan yiroqda kunduzi o`qish, kechki payt ish va bundan ham bo`sh vaqtida kutubxona va sport zaliga doimiy qatnar edi. Balki shular “stress”ni engishga yordam bergandir?

— Bo`sh vaqt tushunchasi sizga qanchalik yaqin yo begona?

— Dunyoda bo`layotgan barcha yomon voqealar — bo`sh vaqt natijasi! Bolaligimda onam bir soat ham bo`sh qo`ymasdi. Har xil to`garaklarga borardim yoki onamning o`zi erinmay men bilan shug`ullanardi. Bo`sh vaqtni qanday o`tkazish, bu — kelajakda qanday odam bo`lib etishishni ang­latadi. Hatto hozir bo`sh vaqtim bo`lganida ko`proq kitob o`qigan bo`lardim. Yangi narsa o`rganish uchun eng yaxshi vaqt, bu — 20 yil oldin edi. Navbatdagi eng yaxshi payt, bu — HOZIR!

— Xalqaro say­yoh­­­lik tarmoqlari kom­­paniyasi tarixidagi eng yosh rahbar — ish boshqaruvchilik da­rajasiga ko`­ta­ril­­gu­nin­giz­gacha bo`lgan “yo`l”dagi “o`nqir-cho`n­qir”larda qoqilgan, yiqilgan va yana qad­din­giz­ni rostlagan bo`lishingiz tabiiy...

— Albatta, bu manzilga etib kelishning o`zi bo`lmaydi. Yuqori marralarni zabt etish uchun tinimsiz mehnat qilish va barcha erishmoqchi bo`lgan niyatlaringizga alohida e`tibor kerak. Ba`zi fanlarning imtihonidan o`tish uchun kamida 5-10 tagacha kitobni o`qib chiqish talab etilardi. Hammasidan qutilish uchun shunchaki voz kechish kifoya edi. Biroq bu men uchun begona bo`lgan. O`sha onda o`zimga rejalarim haqida eslatib, o`zimni shu qiyinchilik­larsiz erisha ol­­­masligimga ishon­tirardim.

RTUda ham o`z o`rnimni topib ol­dim. Darslarda faol qat­na­shish bilan bir qatorda har xil tashki­lotlarda ham judayam faol bo`lishga ha­rakat qil­gan­man. “International Evening” nomli­ yillik dasturda har bir talaba o`z yurti haqida yangilik va ma`lumotlar bilan taqdimot o`tkazardi. Shu dasturda qatnashib, ketma-ket 2 yil faxrli 1-o`rinni oldim. Begona yurtda yaqinlaridan uzoqda bo`lish juda qiyin. Lekin shu bilan bir qatorda bu jigarlaringizni ko`proq qadrlashga o`rgatar ekan. Latviya juda chiroyli davlat. Lekin “O`z uying — o`lan to`shaging”, deganlaridek, o`ndan ortiq davlatlarni ko`rgan bo`lsam-da, hech biri o`z vatanimdan afzal bo`lolmaydi.

— Vatan, yaqinlardan uzoqda yurganingizda sog`inch hissini qanday engasiz?

— Dadam tadbirkor, onam rus tili o`qi­tuv­chi­si. O`ziga to`q oilamiz. Lekin bu — dangasalik hissini singdirmasligi uchun doim harakat qilganman. Shu bois 18 yoshda mustaqil bo`lib, xorijda o`qidim va Amerikaning Latviyadagi filiali bo`lgan “International Travel Network” nomli aviakompaniyasining “Sales” bo`limiga ishga qabul qilindim. U erda 4 yil o`qish bilan bir qatorda “Sales floor travel agent” sifatida juda yaxshi ko`rsatkichlar bilan ishladim va o`qishni tugatgach, “Sales floor supervisor” lavozimiga ishga taklif qilishdi. Bu juda mas`uliyatli ish edi. Vazifam kompaniya foydasini oshirish bilan bir qatorda “Sales” agentlarga treninglar o`tkazishim bo`lgan. Eng yosh rahbar bo`lishimga qaramasdan, 2016 yilda rahbariyat tomonidan “Eng yaxshi ish boshqaruvchi” deb topilganman. 2017 yilning mart oyida kompaniyaning yana bir yangi ochilgan filialini boshqarishga taklif qilindim. Men uchun butunlay yangi davlat — Filippinga jo`nab ketdim. Filippinda ish boshlaganimga 9 oy bo`ldi.

— Sizga havas ko`zi bilan qa­raydigan yoshlarga shaxsiy mu­vaffaqiyat sirlaringiz bilan bo`lishsangiz...

— Unutmang, maq­sadga erishish qiyin bo`l­yap­ti­mi, demak, o`z rejalaringizga yana bir qadam yaqin­lashyapsiz. Agar bari shu qadar oson bo`lganida hamma xohlagan narsasiga erishgan bo`lardi. Qiyinchilik bilan erishilgani esa doim qadrli bo`ladi.

— Xorijdagi faoliyatingiz qachon­gacha davom etadi? Na­hot O`zbe­kis­tonga qaytib, o`z yo`na­li­shin­giz­dagi soha rivo­ji­ga hissa qo`shishni istamasangiz?

— Nasib bo`lsa, bahordan boshlab, shu paytga qadar olgan bilim va tajribamni O`zbekistonni rivojlantirishga qarataman. O`zbekistonda aynan sayyohlik va havo yo`llarini rivojlantirish uchun elektron chipta savdosini qayta ishlab chiqib, yangi ish o`rinlari yaratmoqchiman.

Cadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.

Sharhlar