O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi “Yoshlar press-klubi”da 16-17 dekabr kunlari bo`lib o`tadigan “Imidj” yosh dizaynerlar televizion tanlovi oldidan matbuot anjumani o`tkazildi. Matbuot anjumanida tanlovning asosiy maqsad va vazifalari hamda unda kutilayotgan natijalar haqida so`z bordi.
— Mazkur tanlovda yosh dizaynerlar quyidagi ikki yo`nalish bo`yicha o`zaro bellashadi: birinchi yo`nalish, maktab formasi modellari hamda ikkinchi yo`nalish, “Yoshlar ittifoki” logotipi bilan erkin kiyimlar, aksessuarlar dizaynini yaratish, — deydi Yosh dizaynerlar Kengashi rahbari Dilnoza Umirzoqova. — Shuningdek, tanlovda professional hamda havaskor dizaynerlar ishtirok etadi. Joriy yilning noyabr oyi davomida ikkala yo`nalish bo`yicha eskizlar qabul qilindi hamda 1-dekabr kuni mutaxassislardan iborat hay`at a`zolari jami 983 nafar ishtirokchidan 20 nafar ishtirokchini tanlab oldi. 10 kun davomida esa Yosh dizaynerlar Kengashi tomonidan tanlab olingan dizaynerlarning g`oyalarini mukammallashtirish, matolar tanlash va andozalarini ishlab chiqishga ko`maklashildi va 70 ta model tayyorlandi.
— “Imidj” yosh dizaynerlar televizion tanlovida dizayner sifatida ishtirok etmoqdaman. Yaratgan to`plamlarim 3 qismga bo`linadi. 1-qismda 1-sinfdan 4-sinfgacha bo`lgan o`quvchilar uchun maktab formasi, 2-qismda o`rta sinflar ya`ni 5-sinfdan 8-sinfgacha bo`lgan o`quvchilar uchun maktab formasi, 3-qismda esa bu kattalar ya`ni 9-sinfdan 11-sinfgacha bo`lgan o`quvchilar uchun mo`ljallangan maktab formalaridir, — deydi K.Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti 3-bosqich talabasi, tanlov ishtirokchisi Mohinur Turopova. — Yaratgan to`plamlarimda, asosan ranglarga, bichimga va eng asosiysi, o`quvchilar uchun qulay bo`lishini inobatga olganman. Ular har tomonlama o`quvchilarga mos bo`lishi kerak. Maktab formalari nafaqat dizayni bilan balki sifat tomonlama ham talabga javob berishi lozim. Bu yangi kolleksiyamni yaratish jarayonida o`quvchilarning antropologik xususiyatlariga e`tibor qaratdim ya`ni ularning rivojlanishiga qarab, bichimlarni tanladim. Shuningdek, ranglarni ham shunga moslashtirishga harakat qildim. Chunki O`zbekiston havo iqlimini hisobga olgan holda to`plamlarim uchun to`qroq ranglardan foydalandim. Bular to`q ko`k, to`q kulrang va to`q anor ranglaridir. Bu ranglar birinchi o`rinda bir-birlari bilan yaxshi chiqishadi hamda hozirgi zamon talabiga javob beradi. Tanlagan ranglarim e`tiborni juda jalb etmaydi. Bichimlar esa o`zbek milliy mentalitetimizdan kelib chiqqan holda qilingan. O`ylaymanki, maktab formalari bo`yicha tayyorlagan to`plamlarim barchaga manzur bo`ladi
Eslatib o`tamiz, yosh dizaynerlar taqdim etgan ishlar O`zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan http://yi.uz/site/votes manzilida xalq ovoziga qo`yilgan. Albatta, ovoz berishni unutmang!






