1

O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI TURKIYa HAMKORLIK VA MUVOFIQLAShTIRISh AGENTLIGI PREZIDENTINI QABUL QILDI

Siyosat 20.12.2017, 12:14
O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI TURKIYa HAMKORLIK VA MUVOFIQLAShTIRISh AGENTLIGI PREZIDENTINI QABUL QILDI

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatimizga tashrif buyurgan Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) prezidenti Serdar Chamni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, joriy yilning 25-26 oktyabr kunlari Turkiyaga amalga oshirilgan davlat tashrifi mamlakatlarimiz o`rtasidagi munosabatlarni strategik hamkorlik darajasiga olib chiqqanini mamnuniyat bilan ta`kidladi.

Turkiyalik hamkorlar bilan birgalikda savdo, sanoat, investisiya, transport, turizm, sog`liqni saqlash, ta`lim va boshqa sohalarda istiqbolli dastur va loyihalar amalga oshirilayotgani ijobiy baholandi.

Uchrashuvda TIKAning mamlakatimizdagi faoliyatini yanada kengaytirish va yangi bosqichga olib chiqish muhimligi qayd etildi.

O`zbekistonda Agentlik tomonidan shu kungacha 23,6 million dollar miqdoridagi 700 ga yaqin grant loyihalari amalga oshirilgan.

Suhbatda ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo`nalishlarini belgilab olish, bu borada TIKAning O`zbekistondagi faoliyatini aniq loyihalar asosida va tizimli ravishda rivojlantirish zarurligi alohida ta`kidlandi.

Bu borada “Yo`l xaritasi”ni qisqa muddatda ishlab chiqib, uni amalga oshirishga kirishish muhimligi, shu munosabat bilan iqtisodiy, madaniy, ta`lim, sog`liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, turizm va ijtimoiy ahamiyatga molik boshqa qator sohalarda amalga oshirilayotgan loyiha va dasturlar hajmini bir necha barobar ko`paytirish bo`yicha kelishib olindi.

TIKA rahbari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo`g`on hamda ushbu mamlakat Bosh vaziri Binali Yildirimning ezgu tilaklarini etkazdi.

Serdar Cham davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni to`liq qo`llab-quvvatlashini, bu yo`lda bor kuch-g`ayratini safarbar etgan holda, ularni hayotga o`z vaqtida va samarali tatbiq etishga Turkiya tomoni tayyor ekanini bildirdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1