1

O`ZBEKISTON VA AQSh PREZIDENTLARINING TELEFON ORQALI MULOQOT O`TDI

Siyosat 20.12.2017, 14:46
O`ZBEKISTON VA AQSh PREZIDENTLARINING TELEFON ORQALI MULOQOT O`TDI

Bugun O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan Amerika Qo`shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp o`rtasida telefon orqali muloqot bo`lib o`tdi.

Ikki davlat rahbarlari ko`p qirrali O`zbekiston-Amerika hamkorligining bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar.

O`zbekiston va AQSh rahbarlarining 2017 yil may oyida Ar-Riyod shahrida va joriy yil sentyabrda Nyu-Yorkda bo`lib o`tgan uchrashuvlari siyosat va xavfsizlik, savdo, investisiya, moliya, texnologiyalar sohalarida va madaniy-gumanitar yo`nalishdagi hamkorlik sezilarli darajada faollashishiga xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari Prezident Donald Trampga O`zbekiston delegasiyasining BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ishtirok etish maqsadida AQShga tashrifi chog`ida uyushtirilgan samimiy qabul, shuningdek, AQSh-O`zbekiston savdo palatasi tomonidan tashkil etilgan yirik biznes-forum ishtirokchilariga yo`llagan tabrik so`zi va ushbu anjumanni qo`llab-quvvatlagani uchun chuqur minnatdorlik izhor etdi.

O`z navbatida AQSh Prezidenti O`zbekiston xalqiga chuqur hurmat-ehtiromini bildirib, uning mehnatkashligi tahsinga loyiq ekanini ta`kidladi. U mamlakatimizda amalga oshirilayotgan, demokratik va iqtisodiy islohotlarning yangi bosqichi, jumladan fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlash, qonun ustuvorligini ta`minlash, iqtisodiyotni liberallashtirish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan aniq tadbirlarni yana bir bor qo`llab-quvvatlashini bildirdi.

Shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashildi.

Mintaqaviy xavfsizlikni ta`minlash, Afg`onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurash masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

AQSh Prezidenti O`zbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan yaxshi qo`shnichilik munosabatlarini rivojlantirish va kooperasiyani faollashtirishga qaratilgan, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan ochiq va konstruktiv tashqi siyosati va faol sa`y-harakatlarini qo`llab-quvvatlashini ta`kidladi.

Davlat rahbarlari Afg`onistonni iqtisodiy tiklashda uni xalqaro miqyosda keng qo`llab-quvvatlash muhimligini qayd etdilar. Shu ma`noda Afg`oniston Prezidentining dekabr oyidagi O`zbekistonga tashrifi chog`ida erishilgan muayyan loyihalarni amalga oshirish borasidagi kelishuvlarga yuksak baho berildi.

O`zbekiston va AQSh Prezidentlari o`zaro hurmat, ishonch va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillari asosida ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga sodiqligini ta`kidladilar.

Ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishning istiqbolli rejalarini birgalikda ko`rib chiqish maqsadida Prezident Donald Tramp mamlakatimiz rahbariga AQShga rasmiy tashrif bilan borishni taklif etdi.

Suhbat yakunida ikki mamlakat rahbarlari bir-birini kirib kelayotgan 2018 yil bilan tabriklab, eng ezgu tilaklarni izhor qildilar.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1