O`zbekiston respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 fevralda qabul qilingan «Pul muomalasini yanada takomillashtirish va bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda hisob-kitoblarni rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi PQ-2777-sonli qarori aholiga to`lovlarni amalga oshirishda qulaylik yaratishga qaratilgan.
Ushbu qarorga asosan 2017 yilning 1 martidan boshlab chakana savdo va xizmat ko`rsatish sohasidagi tadbirkorlik sub`ektlari, shu jumladan, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan o`z faoliyatini aholidan to`lovlarni bank plastik kartochkalari orqali qabul qiladigan hisob-kitob terminallari o`rnatmasdan amalga oshirilishi taqiqlandi.
Agar chakana savdo va pullik xizmat ko`rsatish sohasidagi tadbirkorlik subektlari tomonidan sotilayotgan tovarlar va ko`rsatilayotgan xizmatlar uchun naqd pul yoki plastik kartochkalar orqali to`lov shakliga qarab narxlarni sun`iy ravishda oshirish yoki kamaytirish holatlariga yo`l qo`yilsa, bu hisob-kitob terminallaridan foydalanishning belgilangan tartibini buzish deb hisoblanib, eng kam ish haqining 30 barobari miqdorida jarima qo`llanishiga sabab bo`ladi.
Qarorga muvofiq, davlat soliq xizmati organlari tomonidan tadbirkorlik subektlarida naqd pul yoki plastik kartochkalar orqali to`lov shakliga qarab sun`iy ravishda narxlarni oshirish yoki kamaytirish, nazorat-kassa mashinalari, hisob-kitob terminallarini qo`llash, shuningdek, belgilangan tartibdagi talonlar va xarid cheklari berilishi, naqd pul tushumlarini to`liq va o`z vaqtida inkassasiya qilinishi yuzasidan tashkil etiladigan tekshiruvlar Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi ruxsatnomasi asosida o`tkaziladigan soliq tekshiruvlar hisoblanmasligi belgilab qo`yildi.
Bunday nazorat tadbirlarini amalga oshirishda birinchi navbatda huquqbuzarlik profilaktikasiga asosiy e`tibor qaratilib, hujjatli tekshirish o`tkazish qat`iyan ma`n etiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, yana bir bor eslatib o`tamiz:
agar sotib olgan mahsulotingiz uchun xarid cheki bermagan, to`lovlarni bank plastik kartochkalari orqali amalga oshirishni rad etgan, narxlarni asossiz ravishda oshirgan savdo va xizmat ko`rsatish shoxobchalari haqida ma`lumotga ega bo`lsangiz, O`zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo`mitasining 244-98-98 raqamli «Ishonch telefoni»ga xabar bering!
21.12.2017 11:15
HUQUQBUZARLIKLAR IShONCh RAQAMLARI ORQALI NAZORAT QILINADI






