Senatning navbatdagi yalpi majlisida ma`qullangan qonunlardan biri bu O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risidagi Qonundir.
Adliya vazirligining telegramdagi “Huquqiy axborot” kanalida izohlanishicha, qonun bilan alimentlar olishga ehtiyoji bo`lgan bolalarning huquqlarini himoya qilish maqsadida aliment to`lashdan bo`yin tovlash muddati 3 oydan 2 oyga qisqartirilmoqda. Bu muddat tugagach aliment to`lamagan shaxs jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Bundan tashqari, alimentlar to`lanishini ta`minlash maqsadida Jinoyat kodeksi agar shaxs aliment majburiyatlarini qoplagan taqdirda, uni javobgarlikdan ozod qilish to`g`risidagi qoida bilan to`ldirildi.
Oila kodeksiga bola ta`minoti uchun alimentlar ko`chmas yoki ko`char mulk tarzida yoxud boshqa qimmatli ashyoni berish yo`li bilan oldindan to`lanishi mumkinligi haqida norma kiritildi.
Shuningdek xabarda qayd etilishicha, ushbu qonun haqida qo`shimcha batafsil ma`lumot tez orada taqdim etiladi. Qonun Prezident tomonidan imzolanib, qonunda belgilangan tartibda e`lon qilingach, yuridik kuchga ega bo`ladi.






