O`zbekiston Respublikasining Oliy sudi tomonidan ishlab chiqilgan O`zbekiston Respublikasining bir qator kodekslarini tasdiqlashni nazarda tutuvchi qonunlar Oliy Majlisi Senatining 20 dekbar kuni bo`lib o`tgan o`n uchinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan ko`rib chiqildi. Izohlanishicha, mazkur qonunlar “Sudlar to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonuniga, "O`zbekiston Respublikasining Fuqarolik prosessual va Xo`jalik prosessual kodekslariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi O`zbekiston Respublikasining 2017 yil 12 apreldagi qonuni ijrosini ta`minlash maqsadida muhokamaga kiritilgan.
“O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik prosessual kodeksini tasdiqlash to`g`risida”gi, “O`zbekiston Respublikasining Iqtisodiy prosessual kodeksini tasdiqlash to`g`risida”gi hamda “O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy sud ishlarini yuritish to`g`risidagi kodeksini tasdiqlash haqida”gi qonunlar... Senatorlarga ko`rib chiqish uchun kiritilgan mazkur qonunlar sud-huquq sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini aks ettiradi. Mazkur islohotlar sud tizimini izchil demokratlashtirishga, sud hokimiyati mustaqilligi to`g`risidagi konstitusiyaviy prinsipga so`zsiz rioya etilishini ta`minlashga, inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan.
Kodekslarni ishlab chiqishda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 oktyabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi, 2017 yil 7 fevraldagi “O`zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo`yicha Harakatlar strategiyasi to`g`risida”gi, 2017 yil 21 fevraldagi “O`zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmonlarida hamda 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan talablar e`tiborga olindi.
“O`zbekiston Respublikasining Fuqarolik prosessual kodeksini tasdiqlash to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasining qonunini ko`rib chiqish davomida senatorlar ushbu huquqiy hujjat 1997 yil 30 avgustda qabul qilingan O`zbekiston Respublikasining amaldagi Fuqarolik prosessual kodeksi normalari va qoidalari asosida ishlab chiqilganligini qayd etdilar. Mazkur normalar va qoidalar zamon talabini, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida keltirilgan farmonlari bilan tasdiqlangan dasturlarni hisobga olgan holda hamda Kodeksda mavjud nuqsonlarni bartaraf etish maqsadida takomillashtirildi. Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.
“O`zbekiston Respublikasining Iqtisodiy prosessual kodeksini tasdiqlash to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasining qonuni ko`rib chiqilayotganda Kodeks O`zbekiston Respublikasining amaldagi Xo`jalik prosessual kodeksining zamon talablarini hisobga olib va amaldagi qonun hujjatlarida mavjud bo`lgan nuqsonlarni bartaraf etish maqsadida takomillashtirilgan normalari asosida ishlab chiqilganligi ta`kidlandi. Masalan, Kodeksda ayrim nizolarni (chet ellik shaxslar – O`zbekiston Respublikasi norezidentlari ishtirokidagi ishlarni; xorijiy sudlar va arbitrajlar qarorlarini e`tirof etish hamda ijro etish to`g`risidagi ishlarni) ko`rib chiqish viloyat darajasidagi iqtisodiy sudlar sudloviga kiritildi.
Nizolar tez ko`rib chiqilishini ta`minlash maqsadida sudlovga taalluqlilikning umumiy qoidasi o`zgartirildi (yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga da`volar ular ro`yxatdan o`tkazilgan joy bo`yicha sudga taqdim etiladi).
Fuqarolik prosessual kodeksida bo`lganidek, shartlashilgan (ixtiyoriy) vakillar ro`yxati keltirilmoqda, shuningdek, sudda vakil sifatida ishlarni ko`rib chiqish bo`yicha professional faoliyat bilan faqat advokatlar shug`ullanishlari mumkin.
“O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy sud ishlarini yuritish to`g`risidagi kodeksini tasdiqlash haqida”gi O`zbekiston Respublikasining qonunini ko`rib chiqishda ta`kidlanishicha, ma`muriy sohalardagi hamda boshqa huquqiy munosabatlar borasida fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, ushbu sohalarda qonuniylikni mustahkamlash va huquqbuzarliklarning oldini olishga ko`maklashish, qonun va sudga hurmat munosabatini shakllantirish Kodeksda ma`muriy sud ishlarini yuritishning muhim vazifalari etib belgilangan.
Shu munosabat bilan Kodeksda bir tarafdan davlat organlari va (yoki) ularning mansabdor shaxslari hamda boshqa tarafdan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar, tashkilotlar o`rtasidagi ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar bo`yicha ish yuritish tartibini, shuningdek, boshqa ommaviy munosabatlardan kelib chiqadigan talablar bo`yicha ishlar yuritilishi tartibga solinadi.
Kodeks ma`muriy sud ishlarini yuritishning tamoyillarini mustahkamlaydi. Odil sudlovning faqat sudlar tomonidan hamda fuqarolarning qonun va sud oldida tengligi asosida amalga oshirilishi, sudyalarning mustaqilligi va faqat qonunga bo`ysunishi, taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi, sud ishlari yuritiladigan til, sudda ish ko`rishning oshkoraligi, sudda ishni ko`rishning bevositaligi va og`zakiligi, ishlarni qonun hujjatlari asosida hal qilish va boshqa tamoyillar shular jumlasidandir.
Sud tizimi faoliyati samaradorligini va aholining odil sudlovga erishish darajasini oshirish maqsadida Kodeksda sud majlisini audio va videoyozuvga olish imkoniyati nazarda tutilgan. Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.