AsosiySiyosat

ShAVKAT MIRZIYoEV MDH DAVLATLARI RAHBARLARINING NORASMIY UChRAShUVIDA IShTIROK ETDI

' ShAVKAT MIRZIYoEV MDH DAVLATLARI RAHBARLARINING NORASMIY UChRAShUVIDA IShTIROK ETDI'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yil 26 dekabr kuni Moskva shahrida bo`lib o`tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Davlat rahbarlari kengashining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi. Bu haqda O`zbekiston Prezidenti matbuot xizmati ma`lum qildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevni Novo-Ogaryovo qarorgohida Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin kutib oldi.

Suratga tushish marosimidan so`ng MDH davlat rahbarlarining uchrashuvi boshlandi.

Vladimir Putin davlat rahbarlarini tashrifi bilan qutlab, Rossiyaning MDHga raisligi yakunlari haqida to`xtalib o`tdi. Joriy yil o`zaro integrasiyani mustahkamlash va tashkilot nufuzini oshirish bo`yicha muhim ishlar amalga oshirilganini ta`kidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoev joriy yilda O`zbekistonning MDH mamlakatlari bilan hamkorligi yanada mustahkamlanib, tovar ayirboshlash hajmi sezilarli oshganini ta`kidladi. O`zaro manfaatli hamkorlik a`zo davlatlarni uzviy bog`lab turishi, ushbu uchrashuv aloqalarga yangi sur`at bag`ishlashini qayd etdi.

2018 yil Rossiyada bo`ladigan voqealar muhim ahamiyatga ega ekani, Prezident saylovida Rossiya xalqi munosib nomzodga ovoz berajagi ta`kidlandi.

Uchrashuvda Hamdo`stlik davlatlari o`rtasida turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish, xavfsizlikni mustahkamlash, mintaqaga tahdid va xatarlarning oldini olish masalalariga e`tibor qaratildi.

Ma`lumki, O`zbekiston MDH doirasidagi hamkorlikda faol ishtirok etib kelmoqda. Mamlakatimizning ushbu tashkilotga a`zo davlatlar bilan turli sohalardagi aloqalari izchil rivojlanmoqda. Prezidentimiz shu yil 10-11 oktyabr kunlari Sochi shahrida bo`lib o`tgan MDH Davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etdi. 3 noyabr kuni poytaxtimizda Hukumat rahbarlari kengashi yig`ilishi o`tkazildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida davlatimizning tashqi siyosatidagi ustuvorliklar ham aytib o`tildi. Mamlakatimiz, jumladan, Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi bilan aloqalarni yangi bosqichda davom ettirayotgani ta`kidlandi. “O`zbekistonning tashqi siyosatida Markaziy Osiyo – bosh ustuvor yo`nalish” tamoyili asosida qo`shni davlatlar bilan munosabatlar mustahkamlandi. Bu Hamdo`stlik doirasidagi aloqalar rivojida ham muhim o`rin tutadi.

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

    Boshqa yangiliklar