O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, ta`lim, madaniyat va sport masalalari qo`mitasida «O`zarxiv» agentligi bosh direktorining «O`zbekistonda arxiv ishining holati va uning huquqiy asoslarini takomillashtirishning dolzarb masalalari to`g`risida»gi axboroti eshituvi bo`lib o`tdi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o`rinbosari U.Muhammadiev, Fan, ta`lim, madaniyat va sport masalalari qo`mitasi raisi A.Mamatov, «O`zarxiv» agentligi bosh direktori A.Abdullaev va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida arxiv ishini takomillashtirish masalasiga alohida e`tibor qaratilayotganini ta`kidladi, deya xabar beradi O`zA.
Arxiv hujjatlarini fuqarolar, jamiyat va davlatning ijtimoiy, madaniy, ilmiy va boshqa ehtiyojlarini qondirishga xizmat qilishini ta`minlash davlatimiz siyosatining muhim yo`nalishlaridan biridir. Shu maqsadda arxiv hujjatlarini ro`yxatdan o`tkazish, jamlash, hisobga olish, saqlash, ulardan foydalanishni tashkil etish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Arxiv ishi sohasidagi faoliyatni tashkil etish va boshqarishda 2010 yil 15 iyunda qabul qilingan «Arxiv ishi to`g`risida»gi qonun va boshqa qator me`yoriy-huquqiy hujjatlar muhim asos bo`lib xizmat qilayotir. Sohada yaratilgan mukammal qonunchilik tizimi arxivlarning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, elektron arxiv fondlarini tashkil etish, hujjatlarni qayta tiklash hamda raqamlashtirishning zamonaviy uskunalari bilan jihozlashda yangi istiqbollarni ochmoqda.
2014 yilga kelib mamlakatimizda 102 davlat, 111 idoralararo xo`jalik hisobidagi shaxsiy tarkib hujjatlari arxivi va idoraviy arxivlardagi milliy arxiv fondi hujjatlari qariyb 9,6 million saqlov birligiga etgan. Davlat arxivlarida milliy tarixiy ahamiyatga ega bo`lgan 555 ming saqlov birligidan ziyod alohida noyob hujjat to`plangan. Keyingi yillarda xorijiy mamlakatlardan 2,5 mingdan ortiq tarixiy, ilmiy, siyosiy, madaniy hujjatlarning nusxalari olib kelindi.
Investisiya dasturi doirasida 2009-2013 yillarda 19 yangi arxiv binosi qurildi, 5 arxiv binosi rekonstruksiya qilindi. Natijada arxivlar balansida bo`lgan binolar 2013 yilda qariyb 95 foizga etib, 2,7 million saqlov birligidagi hujjatlarni saqlash imkoniyatini yaratdi.
Davlat arxivlari tomonidan 2013 yilda 135 mingdan ortiq ijtimoiy-huquqiy so`rovga javob berilgan. Bu ko`rsatkich 2010 yilga nisbatan 164 foiz ko`pdir.
Tadbirda arxiv ishi bilan bog`liq hujjatlarni raqamlashtirish, markaziy davlat arxivlarini qo`shimcha texnik uskunalar bilan jihozlash, zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng joriy etish, sug`urta fondini qayta tiklash, kadrlarning kasb bilim va malakasini oshirish, arxiv hujjatlarining xalqaro va mamlakat ko`rgazmalarini o`tkazish, sohaga oid ma`lumotlar elektron bazalarini to`liq shakllantirish kabi masalalar atroflicha muhokama etildi.