Gollandiyadagi bir ajoyib qishloq o`zining biror jihati bilan boshqa oddiy qishloqlardan farq qilmaydi. Unda 150 nafarga yaqin aholi yashaydi. Ular ham boshqalarga o`xshab ovqatlanadilar, uxlaydilar va do`konma-do`kon yuradilar. Biroq eng qizig`i, ular doimiy va puxta nazorat ostidalar.
Biz sizlarga keksalar orasida keng tarqalgan kasallik – demensiyaga chalinganlarga g`amxo`rlik qilinadigan o`ziga xos makon – shifoxona haqida so`zlab bermoqchimiz.
Bunday shifoxona ochish g`oyasi 2009 yili Ivonn vann Amerongenda paydo bo`ldi. U uzoq vaqt qariyalar uyida ishlagan, shu bois keksalar xastaliklarini yaxshi biladi. Bir kuni u o`ziga o`zi: “Aslida ota-onalarimiz uchun bunday hayotni ravo ko`rmaymiz-ku”, – deydi. Shunday qilib, Xogeveyk (Hogeweyk) g`oyasi paydo bo`ladi. Bemorlar palatalarda diqqinafas bo`lib o`tirmaydilar, aksincha, oddiy hayot tarzi bilan yashaydilar, hatto psixiatriya shifoxonasi davolanayotganlarini ham anglamaydilar. Ushbu kompleks yashash binolari, hiyobon, bog`, maydon, sartaroshxona va hatto kichikroq teatrdan iborat. Binolar bemorlarning xotirasi ishlashdan to`xtab qolgan davrga moslab 50-, 70- va hatto 2000 yillar uslubida qurilgan. Har bir yangi bemor o`z didiga mos joyni tanlashi mumkin. Bemorlar 5–6 kishi bo`lib, bir yoki ikki vasiy otalig`ida yashaydilar. Ivonn vann Amerongenning aytishicha, bemorlar uchun doimiy muloqot va tashqi dunyo bilan aloqada bo`lish muhimdir – shu tarzda ular ular o`zlarini xotirjam sezadilar va kasallikning avj olishiga yo`l qo`yilmaydi. Tadqiqotlar shuni ko`rsatadiki, yolg`izlik kashandalik singari zararli va semirib ketishdan ikki barobar xavfliroqdir. Bir keksa bemor onaxonning turmush o`rtog`i bergan reportajda shunday deydi: “Bu “ochiq” makonda odamlar fasllar almashinuvini kuzatishlari, issiq yoki sovuq tushayotganini his etishlari mumkin. Restoranga borishlari, choyxo`rlik qilishlari, istagan joylariga sayr qilishlari mumkin”. Shifoxonada xizmat ko`rsatuvchi xodimlar ham bo`lib, ular o`zlarini go`yo kassachi, ishchi yoki boshqa tusda ko`rsatadilar. Keksalar ko`pligini va kassada umuman pul olmasliklarini hisobga olmaganda, bu er chindan ham butun boshli qishloqqa o`xshaydi. Xogeveykda har bir keksa odamga do`stona munosabatda bo`lishadi hamda har jabhada qo`llab-quvvatlashadi.
2013 yili kompleks demensiya bilan og`rigan kishilarga g`amxo`rlik ko`rsatilishining yangi konsepsiyasi uchun Highly Commended Award mukofotiga sazovor bo`ldi. Tasavvur qilish mushkulku-ya, lekin bemorlarga uyda hamshira qaragandan ko`ra shu erda yashab yurishlari arzonroq tushar ekan. Qolaversa, shifoxona Amsterdamga yaqin, qavm-qarindoshlar tez-tez kelib bemorlarni ko`rib ketishlari mumkin.






