AsosiyJamiyat

ISLOM KARIMOVGA TEGIShLI BO`LGAN YuZLAB MUHIM VIDEOMATERIALLAR ILK BOR KENG OMMAGA HAVOLA ETILADI

'ISLOM KARIMOVGA TEGIShLI BO`LGAN YuZLAB MUHIM VIDEOMATERIALLAR ILK BOR KENG OMMAGA HAVOLA ETILADI'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovga tegishli bo`lgan yuzlab muhim tarixiy hujjatlar, shaxsiy buyumlar, rasmlar, suratlar va videomateriallar ilk bor keng ommaga havola etiladi.

O`zA muxbiri bu haqda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma`rifiy yodgorlik majmuasi rahbari, tarix fanlari doktori, professor Temur Shirinov bilan suhbatlashdi.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 25 yanvarda qabul qilingan "O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to`g`risida"gi hamda 2017 yil 25 apreldagi "O`zbekiston Prezidenti huzuridagi O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma`rifiy yodgorlik majmuasi faoliyatini tashkil etish to`g`risida"gi qarorlariga muvofiq izchil ishlar amalga oshirilmoqda. O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma`rifiy yodgorlik majmuasi tashkil etildi. Ko`cha va xiyobonlar, me`moriy inshootlar va ta`lim muassasalariga u kishining nomi berildi. Birinchi Prezidentimiz hayoti va faoliyatiga bag`ishlangan ilmiy-ma`rifiy seminarlar o`tkazilmoqda.

– O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma`rifiy yodgorlik majmuasi uchun nega aynan Oqsaroy qarorgohi tanlandi?

– Islom Karimov shaxsining tarixiy rolini abadiylashtirish, shuningdek, Ilmiy-ma`rifiy yodgorlik majmuasini tashkil qilishning tashabbuskori Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevdir. Davlatimiz rahbari majmuani Birinchi Prezidentimizning sobiq qarorgohida joylashtirish, uning ish kabinetini Islom Karimov hayotligida qanday ko`rinishda bo`lsa, o`sha holda o`zgarmas qilib saqlab qolish taklifini bildirdi.

Shavkat Mirziyoev O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning tarixiy o`rni va mamlakatimiz ko`p asrlik o`tmishidagi ulkan xizmatlarini yuksak hurmat-e`tibor bilan munosib e`tirof etdi. Xususan, davlatimiz rahbari ta`kidlaganidek, "Birinchi Prezidentimiz o`tgan asrning 90-yillarida keskin muammolar, millatlararo mojarolar girdobiga tushib qolgan yurtimizni o`zining yuksak rahbarlik salohiyati, jasorat va matonati bilan mudhish fojialardan omon saqlab qoldi, Vatanimizni katta taraqqiyot yo`liga olib chiqdi. Bu yo`lda o`zining kuch-g`ayrati, aql-zakovati, bilim va tajribasini ayamadi. Bu, hech shubhasiz, tom ma`noda qahramonlik va fidoyilik namunasi bo`lib, tariximizda mangu muhrlanib qoladi".

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma`rifiy yodgorlik majmuasining umumiy maydoni 9,6 gektarni tashkil etadi. Majmua Oqsaroy qarorgohi, ko`rgazmalar zali, kutubxona, anjumanlar zali va ma`muriy binolarni o`z ichiga oladi. O`zbek xalqining iftixoriga aylangan Oqsaroyda Islom Karimov muzeyi ham joylashgan.

Toshkent va Samarqand shaharlarida Buyuk Yo`lboshchimizning haykallari o`rnatilgani, 2018 yil yanvar oyida Samarqandda yodgorlik majmuasining ochilishi xalqimizning unga nisbatan, mamlakatimiz mustaqilligini qo`lga kiritish, milliy davlatchiligimizni qurishga qo`shgan ulkan hissasiga hurmat va ehtiromi ifodasidir. Bu yosh avlodni Islom Karimov hayoti va faoliyati misolida vatanparvarlik, Vatan taqdiriga daxldorlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi shubhasiz.

– Majmua zimmasiga qanday vazifalar yuklatilgan?

– Ilmiy-ma`rifiy yodgorlik majmuasining asosiy vazifalari Islom Karimovning zamonaviy O`zbekiston asoschisi va me`mori, O`zbekistonning mustaqillik yillarida erishgan yutuqlari bunyodkori, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi nufuzini mustahkamlagan buyuk shaxs sifatidagi hayoti va faoliyatini, shuningdek, uning axloqiy va insoniy fazilatlarini o`rganishdan iborat. Bunday yondashuv mamlakatimizning mustaqil davlat sifatida shakllanishi va rivojlanishini namoyish qilish, aholi, avvalo yoshlar va xorijlik mehmonlarni O`zbekistonning mustaqil taraqqiyot yo`li bilan tanishtirish, yurtimiz yutuqlarini targ`ib qilish hamda yosh avlodni tarixiy va siyosiy madaniyat ruhida tarbiyalashga qaratilgan.

Majmua xodimlari Islom Karimov hayoti va faoliyati bilan bog`liq kitob, katalog, buklet va boshqa materiallarni nashr qilish va tarqatish, kolleksiya va buyumlarni saqlash, hisobini yuritish va ko`rgazmalarga qo`yish, muzey ashyolari va to`plamlari ma`lumotlar bazasini shakllantirish, yuritish va yangilab borish bilan shug`ullanadi. Shuningdek, biz muzey ashyolari va to`plamlarini bosma va elektron shaklda O`zbekiston Respublikasi Milliy muzey fondiga kiritish bo`yicha takliflar ham tayyorlashimiz mumkin.

O`ziga yuklatilgan vazifalarni ijro etish maqsadida yodgorlik majmuasi xalqaro tashkilotlar, joylardagi davlat va xo`jalik boshqaruvi, davlat hokimiyati va o`zini o`zi boshqarish organlari, yuridik va jismoniy shaxslar bilan o`zaro aloqalar o`rnatgan. Milliy qonunchilikka muvofiq, bu erda tarixiy ashyolar, moddiy madaniyat yodgorliklari va arxiv hujjatlarini munosib saqlash, asrab-avaylash, hisobini yuritish, o`rganish va ulardan foydalanishni ta`minlash uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Nashr qilinayotgan bosma, kinematografik, badiiy va boshqa materiallar hamda mahsulotlardagi ma`lumotlarning tarixiy haqiqatga mosligi yuzasidan ekspert xulosasini taqdim etamiz. Shuningdek, majmuaga O`zbekiston va davlat qurilishi sohasida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, madaniyat, ilm-fan, ta`lim, ma`rifat, sport, san`at va ijod sohalarida izlanayotgan yosh iste`dodlar uchun grant va stipendiyalar ta`sis etish va tayinlash huquqi berilgan.

Majmuada Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy kutubxonasi va boshqa ma`rifat maskanlari bilan hamkorlik qiladigan maxsus kutubxona tashkil etildi, birgalikda ma`rifiy tadbirlar o`tkazilmoqda. Bugungi kunda xalqaro muzeylar hamjamiyati manfaatlarini ifoda etish, madaniy yodgorliklarni himoya qilish, saqlash va etkazish bilan shug`ullanuvchi ICOM xalqaro tashkilotiga qo`shilish bo`yicha ish olib borilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, majmua negizida rasmiy doiralar vakillari, mamlakatimiz va xorijning taniqli siyosat, fan va jamoat arboblari ishtirokida O`zbekiston tarixi va davlatchiligiga bag`ishlangan anjuman, simpozium, seminar, brifing, davra suhbatlari, Islom Abdug`anievich Karimovni shaxsan tanigan, bilgan odamlarning xotiralari bilan tanishuv kechalarini tashkil etish ko`zda tutilgan.

Ayni paytda majmua O`zbekistonda va chet ellarda madaniy-ma`rifiy tadbirlar uyushtirishi, maslahat va boshqa turdagi faoliyat bilan shug`ullanishi mumkin.

– Majmua negizida qanday ilmiy va ma`rifiy ishlar olib boriladi?

– Majmua negizida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning hayoti va faoliyatini, jumladan, uning rahnamoligida amalga oshirilgan iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va ma`naviy-madaniy islohotlarni o`rganish bo`yicha ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil etish ko`zda tutilgan. Shuningdek, Birinchi Prezidentimizning hayoti va faoliyatiga bag`ishlangan dissertasiya ishlarining ilmiy mavzulari ishlab chiqiladi va belgilangan tartibda kelishiladi.

Islom Karimov hayoti va faoliyatining turli jihatlariga bag`ishlangan mahorat saboqlari, ijodiy kecha, ko`rgazma, seminar, ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etish rejalashtirilgan. Maktab, lisey, kollej o`qituvchilari uchun fuqarolik jamiyati asoslari, davlat boshqaruvi nazariyasi va amaliyoti, milliy g`oya, O`zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyasi, ma`naviyat asoslari, mamlakatimizning eng yangi tarixi bo`yicha maxsus qisqa muddatli tayyorlov o`quvlari o`tkaziladi.

– Muzeyni tashkil etish ishlari, unda qo`llanadigan texnologiyalar haqida so`zlab bersangiz.

– Muzey ekspozisiyasi noyob hujjatlar va Birinchi Prezidentimizning shaxsiy buyumlaridan iborat bo`ladi. Masalan, bu erda "Mugunxva" Katta ordeni (Koreya Respublikasi), Italiya Respublikasi Katta Xoch Sohibining "Xizmatlari uchun" ordeni, "Oltin Burgut" ordeni (Qozog`iston), Xalqaro Olimpiya qo`mitasining Oltin medali, Osiyo Paralimpiya qo`mitasining Oltin ordeni, Xalqaro havaskorlar sambo federasiyasi Oltin ordeni hamda Islom Karimov hayotligida sazovor bo`lgan boshqa mukofotlar namoyish etiladi.

Muzeyda sovg`alar, esdaliklar, foto va videomateriallar, rasmlar to`plami jamlanadi. Islom Karimovga turli materiallardan ishlangan va turfa badiiy uslublarda chizilgan ko`plab portretlar sovg`a qilingani unga nisbatan ulkan hurmat-e`tibordan dalolat beradi.

Muzey fondi va ekspozisiyalari tasdiqlangan konsepsiyaga muvofiq tarixiy ashyolar, moddiy yodgorliklar, arxiv hujjatlaridan shakllantirilmoqda. Buyuk Yo`lboshchimizning hayoti va faoliyatidan so`zlovchi bir necha ming eksponat tayyorlash ko`zda tutilgan.

Muzey unga keluvchilarni ulkan multimedia ma`lumotlari bazasi bilan tanishtirish uchun eng yangi texnika vositalari, qo`shimcha voqelik proeksion tizimlari, keng formatli ekranlar, ilg`or interfaol axborot portlari bilan jihozlanadi. Bugungi kunda Islom Karimovga bag`ishlangan materiallar joylashtirib borilayotgan sayt faoliyat yuritmoqda, unda virtual sayohatlar o`tkazish uchun 3D panoramalar imkoniyatlaridan foydalanilmoqda.

– Majmua tomonidan O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash bo`yicha qanday tadbirlar tashkil etiladi?

– Birinchi Prezidentimiz tavalludining 80 yilligini nishonlash doirasida O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimov faoliyatiga bag`ishlangan kitob, Islom Karimovning “Yoshlar bugungi va ertangi hayotimizning hal qiluvchi kuchidir”, “Yuksak ma`naviyat – engilmas kuch” asarlari, shuningdek, “Prezidentga maktublar” kitobi taqdimotlarini o`tkazish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Samarqandda “Islom Karimov – O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoschisi” mavzuida xalqaro ilmiy konferensiya o`tkazish ko`zda tutilgan. Shuningdek, 2018 yilning birinchi choragida “Islom Karimov xotirasiga bag`ishlangan eng yaxshi ilmiy-ommabop maqola” tanlovi g`oliblarini taqdirlash marosimi o`tkaziladi. Tanlov ishtirokchilarining eng namunali ishlari alohida to`plamda nashr qilinadi va majmuamiz rasmiy saytida joylashtiriladi.

Barcha ta`lim muassasalarida bo`lgani kabi majmuada ham taniqli adib va olimlar ishtirokida O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti xotirasiga bag`ishlangan uchrashuvlar tashkil etiladi.

Buyuk shaxslarning ishlari tarix silsilasi va butun xalqlar taqdirini belgilab beradi. Buyuk davlat arbobi va siyosatchi, mustaqil O`zbekiston asoschisi va Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz ma`naviyati va turmush darajasini yuksaltirishga qaratilgan ulkan bunyodkorlik ishlari va keng miqyosli islohotlarni amalga oshirgan shaxs sifatida tarix zarvaraqlarida mangu muhrlanadi.

O`zA muxbiri
Roman BONDARChUK
suhbatlashdi.

    Boshqa yangiliklar