Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari davlat qo`mitasida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali faoliyati – davlat organlari tomonidan aholi murojaatlariga munosabat holati, joriy qilinayotgan interaktiv xizmatlar tahlili, mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish borasidagi chora-tadbirlarga bag`ishlangan muhokama tashkil etildi. Muhokamada bir qator vazirlik va davlat organlari mas`ul rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etdilar. Bu haqda qo`mita axborot xizmati xabar beradi.
Tadbirda Yagona portal faoliyati har tomonlama, xususan tanqidiy nuqtai nazardan o`rganib chiqildi. Xususan, fuqarolar tomonidan Yagona portal orqali vazirlik va davlat idoralariga yuborilayotgan aholi murojaatalariga o`z vaqtida munosabat bildirmaslik holatlari tahlil qilinib, tegishli davlat organlariga bu bo`yicha tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirish bo`yicha tavsiyalar berildi.
Shuningdek, davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari tomonidan fuqarolar murojaatlariga nisbatan bildirilayotgan munosabat – javob xatlarining sifatiga ham to`xtalib o`tilib, Yagona portal orqali kelib tushgan fuqaro murojaatlariga nisbatan ba`zi bir davlat idoralari tomonidan taqdim etilayotgan aksariyat ma`lumotlar aholi tomonidan qoniqarsiz, deb hisoblanayotgani ta`kidlandi.
Davlat va xo`jalik boshqaruvi organlariga mazkur masalalarni o`z vaqtida bartaraf etish, Yagona portal orqali kelib tushayotgan aholi murojaatalariga o`z vaqtida va yuqori darajada munosabat bildirish bo`yicha chora-tadbirlarni qabul qilish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Yig`ilish doirasida tadbirkorlik sub`ektlariga ko`rsatilayotgan xizmatlar sifati va sonini yanada oshirish masalalari ham alohida o`rganib chiqildi.
Vazirlik va davlat idoralari vakillari tomonidan aholi va tadbirkorlik sub`ektlariga ko`rsatilayotgan elektron xizmatlar, Yagona portal orqali taqdim qilinayotgan interaktiv xizmatlar, murojaatlarni ko`rib chiqish holati, boshqaruvda AKTni joriy qilish bo`yicha tahliliy ma`lumotlar, qarashlar va mulohazalar, yangi loyihalar va joriy qilinishi rejalashtirilgan xizmatlar xususidagi taqdimotlari bilan chiqish qildilar.
Yig`ilish yakuni bo`yicha Davlat aloqa qo`mitasi tomonidan Yagona portal orqali kelib tushgan murojaatlarni vazirlik va idoralarning haftalik yig`ilishlarida tanqidiy ko`rib chiqilishi tavsiya etildi hamda 2014 yilning ikkinchi choragida aholi va tadbirkorlik sub`ektlari uchun joriy qilinishi ko`zda tutilgan interaktiv davlat xizmatlarining aniq ro`yxatini belgilash va ishlarni hamkorlikda tashkil etish kelishib olindi.





