Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari pirotexnika vositalarining noqonuniy olib kirilishiga doir bir qator bojxona qoidabuzarliklarini fosh etishdi.
Jumladan, qo`shni davlatdan kirib kelgan fuqaro J.Jo`raev xolislar ishtirokida shaxysiy ko`rikdan o`tkazilganida, ushbu shaxs kurtkasi ostidan englariga 800 ming so`mlik 960 dona bengal shamchiroqlari pirotexnika vositasini yashirib olib kirishga uringani fosh bo`ldi.
Bojxonachilarning ko`zini shamg`alat qilishga uringanlarning yana biri – fuqaro A.Jo`raevdir. Bojxona nazorati zonasiga kirib kelar ekan, ushbu shaxs ham kurtkasi cho`ntaklariga yashirilgan va oyog`iga yopishtirib bog`langan jami narxi 1 mln. so`mdan ortiq bo`lgan 550 dona paqildoqlar, 20 dona petarda va 840 dona bengal shamchiroqlaridan iborat pirotexnika vositalarini hech kim sezmaydi deb yanglishgan edi.
Xuddi shu usulni qo`llab, ya`ni oyog`ining boldir qismiga bog`lab olgancha, pirotexnika vositalarini olib kirishga uringan fuqarolar B.Mambetov va S.Baymaxamatovlarga ham qing`ir rejalari naf bermadi. Ushbu shaxslar salkam 1.5 mln. so`mlik 1872 dona bengal shamchiroqlarini yashirincha olib kirishayotgan paytda to`xtatib qolindi.
Shuningdek, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbir davomida yirik miqdordagi pirotexnika vositalarining yashirin olib kirilishiga chek qo`yildi.
“Oqko`prik” temir yo`l stansiyasida qo`shni davlatdan kirib kelgan yuk poezdi vagonlaridan biri belgilangan tartibda bojxona ko`rigidan o`tkazilganida, yuklar orasida 5 turdagi salkam 219 kg. pirotexnika buyumlari noqonuniy ravishda olib kirilganligi fosh bo`ldi.
Yo`l-yuk kuzatuv hujjatlarida qayd etilmagan ushbu tovarlarning umumiy qiymati 38 mln. 640 ming so`mdan ortar ekan.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Raqamlarga murojaat qilsak, joriy yilning o`tgan davri mobaniyda respublikamiz bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 78 ta bojxona qoidabuzarliklari natijasida qiymati salkam 102 mln. so`mlik 63,5 ming donadan ortiq pirotexnika vositalarining noqonuniy olib o`tilishiga chek qo`yildi.






