O`zbekiston respublikasi Markaziy banki jismoniy shaxslarning xalqaro pul o`tkazmalari to`g`risida rasmiy bayonot berdi.
Bugungi kunda O`zbekiston Respublikasining tijorat banklari jismoniy shaxslarning xalqaro pul o`tkazmalarini amalga oshiruvchi ko`plab xorijiy to`lov tizimlari bilan hamkorlik qilmoqda.
Ba`zi to`lov tizimlari kapitalining amalga oshirayotgan operasiyalari hajmiga nisbatan nomutanosibligi hamda reyting ko`rsatkichlarining pastligi ular tomonidan o`z moliyaviy majburiyatlarini bajarmaslik xavfi mavjudligidan dalolat beradi.
Shu munosabat bilan, respublika banklari va aholisining ehtimoliy yo`qotishlarini oldini olish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan jismoniy shaxslarning xalqaro pul o`tkazmalarini pul mablag`lari butligini kafolatlovchi shartlarda amalga oshirish tartibi joriy qilindi. Jumladan, yuqori kredit reytingiga ega bo`lmagan to`lov tizimi operatorlari avans to`lovlarini amalga oshirishlari yoki sug`urta depozitlarini joylashtirishlari yohud bank kafolatlarini taqdim qilishlari shart.
Respublika banklari bir qator to`lov tizimi operatorlari bilan operasiyalarni yuqoridagi talablarga muvofiq o`tkazish bo`yicha kelishuvga erishdilar, shu munosabat bilan, jismoniy shaxslarning xalqaro pul o`tkazmalari odatdagi tartibda amalga oshiriladi.
Hozirgi vaqtda va bundan keyin ham O`zbekiston Respublikasida jismoniy shaxslarning xalqaro pul o`tkazmalari hech qanday cheklovlarsiz amalga oshiriladi hamda fuqarolarga pul mablag`lari qaysi valyutada o`tkazilgan bo`lsa, xuddi o`sha valyutada beriladi.





