AsosiyJamiyat

2013 yilda aloqa sifatidan 1498 kishi shikoyat qilgan

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari davlat qo`mitasida Telekommunikasiya tarmog`ining ish sifati Kengashining 2013 yil yakunlariga bag`ishlangan selektor yig`ilishi bo`lib o`tdi, deya xabar beradi qo`mita axborot xizmati.

Yig`ilishda aholiga telekommunikasiya xizmatlarini ko`rsatuvchi operatorlar, provayder va boshqa sub`ektlar ishtirok etdilar.

Selektor yig`ilishida ma`lumotlar uzatish va Internet xizmatlarida sifat masalasi, 2013 yilda “O`zbektelekom” AK va boshqa operator, provayderlar tomonidan ko`rsatilayotgan xizmatlar va ularning holati, magistral, zona ichi va mahalliy liniyalar hamda telekommunikasiya tarmoqlarida aloqa barqarorligi va sifatini ta`minlash bo`yicha amalga oshirilgan ishlar tahlili, xizmatlarni ko`rsatish bilan bog`liq aholi tomonidan kelib tushayotgan murojaatlar bilan ishlash holati, profilaktik ishlarni amalga oshirish rejasi, joriy va kapitap ta`mirlash ishlari muhokama qilindi.

Yig`ilish mobaynida telekommunikasiya tarmoqlarida kengaytirish va ta`mirlash, zamonaviylashtirish ishlarini olib borish aloqa va ma`lumotlar uzatish sifatini oshirishga xizmat qilishi ta`kidlanib, mas`ul tashkilotlarga telekommunikasiya tarmoqlaridan foydalanishni tashkil etish bo`yicha kerakli chora-tadbirlarni ishlab chiqish, zarur jihozlar bilan ta`minlash, O`zbekiston Respublikasi telekommunikasiya tarmoqlarini avtomatlashtirilgan boshqarish tizimini yaratish loyihasini yakuniga etkazish, aholi arizalari va shikoyatlari bilan ishlash tizimini qayta ko`rib chiqish vazifalari yuklatildi.

“O`zbektelekom” AK tomonidan taqdim etilgan ma`lumotlarga ko`ra, 2013 yilda aholi tomonidan aloqa va telekommunikasiya sohasida ko`rsatilayotgan xizmatlar sifati yuzasidan 1564 ta murojaat kelib tushgan bo`lib, ulardan 1498 tasini shikoyatlar tashkil etadi. Tekshiruvlar chog`ida mazkur shikoyatlar bilan bog`liq holatlarning 30 foizi (478 tasi) aloqa xizmatlarini ko`rsatuvchi muassasalar aybi bilan yuzaga kelgan.

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari sohasida nazorat bo`yicha davlat inspeksiyasi tomonidan taqdim etilgan statistikaga muvofiq, 2013 yilda Inspeksiyaga mobil aloqa sifatiga daxldor 65 ta shikoyat kelib tushgan bo`lib, tekshiruvlar mobaynida ulardan 22 tasi asosli deb topilgan. Mazkur murojaatlarning 33 tasi yoki 51 foizi nosoz yoki sifatsiz aloqa xizmatini ko`rsatish, 23 ta murojaat (35%) tarif rejalari va xizmatlari to`lovlarining oshirilishi, 7 tasi (10%) internet-xizmatlar va 2 tasi (3%) raqamlarni prefikslash bilan bog`liq. Mazkur masalal yuzasidan boshqa operatorlar faoliyati ham atroflicha o`rganilib, barcha operator va provayderlarga aholi murojaatlari bilan yaqindan ishlash, ulardan sohani yanada rivojlantirishda foydalanish, jamoatchilik bilan aloqalarni mustahkamlash bo`yicha qat`iy vazifalar qo`yildi.

Mobil aloqa operatorlari tomonidan tarmoqlarni rivojlantirish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar, investisiyalarni jalb qilish, yangi xizmatlarni joriy qilish va takomillashtirish, xizmat ko`rsatish samaradorligini oshirish yuzasidan ma`lumot berildi.

Selektor yig`ilishi yakunida aloqa sifatini yanada oshirish, sifatli telekommunikasiya va mobil aloqa xizmatlarini ko`rsatish bo`yicha jadal choralarni amalga oshirish, telekommunikasiya tarmoqlari resurslaridan samarali foydalanish, malakali texnik xodimlar bilim va ko`nikmalarini muntazam oshirib borish, sifat ko`rsatkichlarini ta`minlashda rahbar xodimlar va mutaxassislar mas`uliyatini oshirish bo`yicha Kengash qarori qabul qilindi va barcha mas`ul tashkilotlarga aniq taklif hamda topshiriqlar yuklatildi. 
 

    Boshqa yangiliklar