AsosiyShou-biznes

Badiiy akademiyada koreys rassomlarining ko`rgazmasi ochildi

O`zbekiston Badiiy akademiyasining Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvonsaroyida Koreya Respublikasi rassomlarining ko`rgazmasi ochildi.

O`zbekiston Badiiy akademiyasi va Koreya tasviriy san`at uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur ko`rgazmaning ochilishida turli vazirlik va idoralar, ijodiy tashkilotlar, mamlakatimizda faoliyat ko`rsatayotgan diplomatik korpus vakillari, rassomlar, san`at ixlosmandlari ishtirok etdi, deya xabar beradi O`zA.

Ko`rgazmaning ochilishida O`zbekiston bilan Janubiy Koreya o`rtasidagi hamkorlik barcha sohalar qatori madaniyat va san`at yo`nalishlarida ham izchil taraqqiy etib borayotgani ta`kidlandi. Mamlakatimizda koreys rassomlarining badiiy va fotoko`rgazmalari, koreys kinosi kunlarini o`tkazish, Janubiy Koreyada esa O`zbekiston san`ati yutuqlarini aks ettirgan ko`rgazmalar, konsertlar tashkil etish yaxshi an`anaga aylangan.

Poytaxtimizda ochilgan ushbu ko`rgazma mamlakatlarimiz o`rtasidagi madaniy hamkorlikning yana bir ifodasi bo`ldi. Unda koreyalik musavvirlar hamda yurtimizda yashab, ijod qilayotgan koreys millatiga mansub rassomlarning uch yuzdan ortiq asari namoyish etilmoqda.

Ko`rgazmadan o`rin olgan asarlar, yorqin ranglarda aks ettirilgan turfa kompozisiyalar san`at ixlosmandlarida katta taassurot qoldirmoqda.

 

    Boshqa yangiliklar