1

O`ZBEKISTONDA MILLIY ANTIDOPING AGENTLIGI TUZILADI

Jamiyat 04.01.2018, 11:57
O`ZBEKISTONDA MILLIY ANTIDOPING AGENTLIGI TUZILADI

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi faoliyatini tashkil etish to`g`risida”gi Qarorni imzoladi.

Mazkur qaror avvalambor, sog`lom va halol sportni targ`ibot qilish hamda Butunjahon antidoping agentligining kodeks va standartlarini O`zbekistonda samarali amalga oshirish, O`zbekiston Respublikasi sportchilarining 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo`lib o`tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o`yinlariga tayyorgarligiga barcha shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgandir.

Shu o`rinda, Sportda dopingga qarshi kurash bo`yicha xalqaro konvensiyani barcha a`zo davlatlar katorida O`zbekiston Respublikasi 2010 yilda ratifikasiya etganini alohida ta`kidlash joiz.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi zimmasiga Butunjahon antidoping agentligining antidoping boshqaruvi va menejmenti (ADAMS) maxsus dasturini respublikamizda joriy etish va qo`llash mas`uliyati yuklatilgan. Mazkur dastur orqali Agentlikni faoliyatini samarali tashkil etish va butunjahon tezkor ma`lumotlar bazasi axborotlaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi hamda musobaqa va musobaqalardan tashqari bo`lgan davr mobaynida doping-test jarayonlaridan O`zbekiston sportchilari o`tishi to`g`risida aniq axborot shakllanadi va doping-nazorat tizimi tashkil etiladi. Ayniqsa, O`zbekiston sportchilari dori vositalaridan terapevtik maqsadlarda foydalanishi va taqiqlangan dori vositalaridan foydalanmasligi to`g`risida aniq tavsiyalar berish mexanizmi va samarali antidoping tizimi joriy etiladi.

Qaror bilan, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Milliy olimpiya qo`mitasi huzuridagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazining “Milliy antidoping xizmati” negizida “Sport psixologiyasi bo`limi”ni tashkil etish ko`zda tutilgan. Shuningdek, Agentlik tarkibida 3 ta bo`lim va 2 ta komissiya tashkil etilishi natijasida sportchilar, murabbiylar, sport tibbiyoti xodimlari va boshqa mutaxassislarga sog`lom va halol sportni targ`iboti hamda taqiqlangan dori vositalari yoki uslublar nazoratini ta`minlash kabi dopingga qarshi kurashish borasidagi qator muhim vazifalarni amalga oshirish belgilab berilgan.

Bu borada Agentlikka doping orqali sportchilarga etkaziladigan zarar, inson sog`lig`i uchun doping qabul qilishning salbiy oqibatlari to`g`risida sport jamoatchiligini xabardor etish, Butunjahon antidoping agentligining dasturlari va loyihalarini amalga oshirish, halqaro tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirishga alohida e`tibor qaratish zarurligi belgilangan.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarori mamlakatimizda sog`lom va halol sportni targ`ib etish va har tomonlama rag`batlantirish masalasiga davlat tomonidan qaratilayotgan yuksak e`tiborning yaqqol namunasidir.

Qarorning to`liq matni matbuotda e`lon qilinadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1