Futbolga befarq bo`lmagan yurtdoshlarimizni shu kunlarda “O`zbekiston milliy terma jamoasiga kim bosh murabbiy bo`lib keladi?” degan savol javobi qiziqtirayotgani shubhasiz. Bu borada internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlarda juda ko`p fikrlar, taxminlar bildirilayapti. Mana shunday pallada O`zbekiston futbol federasiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov masalaga bir oz oydinlik kiritdi: “O`zbekiston milliy terma jamoasiga tez orada xorijdan kuchli murabbiy olib kelinadi. Bu murabbiy, albatta, o`z terma jamoasi bilan jahon chempionatiga yo`l olgan, katta tajribaga ega murabbiy bo`ladi”.
O`FF rahbari o`sha mutaxassisning ismini oshkor qilmay ommaning qiziqishini yanada kuchaytirib yubordi. Xo`sh, kim o`sha sirli mutaxassis? Qaerdan? Bu bo`yicha hademay rasmiy ma`lumot taqdim etiladi. Unga qadar “Xalq so`zi onlayn” nashri bunga aniqlik kiritishga urinib ko`rdi. Qanday qilib deysizmi? U. Ahmadjonovning mana bu gapiga yaxshilab e`tibor bering-a: “Bu murabbiy, albatta, o`z terma jamoasi bilan jahon chempionatiga yo`l olgan, katta tajribaga ega murabbiy bo`ladi...”
Biz shu fikr asosda o`z terma jamoasi bilan jahon chempionatiga chiqqan hamda katta tajribaga ega nomzod-murabbiylar reytingini tuzib ko`rdik.
Birinchi nomzod — Gus Xiddink. Gollandiyalik mutaxassis terma jamoalarni JChga olib chiqish va yaxshi natija qayd etish bo`yicha peshqadamlardan biri, tajribali mutaxassis sanaladi. Jumladan, 1998 yili Fransiyada o`tkazilgan mundialda uning bosh murabbiyligidagi Niderlandiya yarim finalgacha etib borgandi. 2002 yilda Yaponiya va Janubiy Koreyadagi musobaqada Gus boshchiligidagi koreys futbolchilari bronza medal bilan taqdirlandi. 2006 yilda esa Avstraliyani so`nggi 32 yil ichida ilk marta JChga olib chiqdi va nimchorak finalgacha borishga erishdi. 2008 yilgi Evropa chempionatida Rossiya terma jamoasini boshqargan murabbiy bronza medal bilan taqdirlandi.
Ikkinchi nomzod — Diego Armando Maradona. 58 yoshli afsonaviy futbolchi, mutaxassis 2008 — 2010 yillar davomida Argentina termasiga murabbiylik qildi hamda jamoani mundialda chorak finalgacha olib bordi.
Uchinchi nomzod — Lui Van Gal. Yana bir gollandiyalik mutaxassis 2014 yili Braziliyada bo`lib o`tgan jahon chempionatida Niderlandiyani yarim finalgacha olib chiqib, 3-o`rin uchun kechgan bahsda mezbonlarni yirik hisobda mag`lubiyatga uchratgan hamda jamoasiga bronza medalni taqdim qilishga erishgan.
To`rtinchi nomzod — Visente Del Boske. 2010 yili JARda bo`lib o`tgan mundialda Ispaniya terma jamoasini chempion qilishga muvaffaq bo`lgan.
Beshinchi nomzod — Fabio Kapello. 72 yoshli don Fabio 2010 yilgi JChga Angliya terma jamoasini olib chiqishga erishgan. Rossiya terma jamoasini esa 12 yillik tanaffusdan keyin 2014 yilgi JChga olib chiqqan.
Bundan tashqari, Bora Milutonovich, Dik Advokat, Loran Blan, Yurgen Klinsmann kabi murabbiylar ham bo`lishi mumkin.
Yuqoridagilarni rasmiy ma`lumot deb emas, “Xalq so`zi onlayn”ning taxmini, deb qarashingizni so`rardik. Biz shunchaki Umid Ahmadjonovning so`zlari “mag`zini chaqib” ko`rishga urindik xolos. Terma jamoamizga kuchli va tajribali murabbiy kelishini hammamiz xohlaymiz. Zero, jahon chempionatiga chiqishni anchadan beri kutamiz...






