1

Etakchi dizaynerlar tomonidan o`zbek qizlari uchun bejirim sport kiyimlari tayyorlanadi

Jamiyat 05.04.2014, 10:24
Etakchi dizaynerlar tomonidan o`zbek qizlari uchun bejirim sport kiyimlari tayyorlanadi

Bugungi kunda dunyoda moda sanoati kun sayin o`zgarib borayotgan bo`lsa-da, xotin-qizlar liboslarining chiroyli va bejirim bo`lishi lozimligi haqidagi barcha zamonlarga xos talab ahamiyatini yo`qotmasdan kelmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2002 yil 24 oktyabrda qabul qilingan “O`zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg`armasini tuzish to`g`risida” va 2004 yil 29 avgustdagi “O`zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg`armasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmonlari bu borada muhim dasturilamal bo`lib xizmat qilayotir. Ushbu hujjatlarga muvofiq to`qimachilik korxonalarida qizlar uchun ommaviy ishlab chiqarilayotgan sport kiyimlarining bir qismi har yili davlatimiz rahbari nomidan ularga sovg`a qilinmoqda.

 Sog`lom bola yili, deb nomlangan joriy yilda ham bu an`ana davom ettirilmoqda, deya xabar beradi O`zA. Prezidentimiz tashabbusi bilan qizlar uchun  100 ming donadan ziyod bejirim sport kiyimlarini tayyorlashga doir loyiha amalga oshirilayotir. Bu gal yurtimizning eng chekka tumanlarida yashayotgan turli yoshdagi qizlarga ham bayram tantanalari uchun alohida mo`ljallangan sport kiyimlari sovg`a sifatida beriladi.

Bu borada  katta tayyorgarlik ishlari ko`rildi. “Osiyo ramzi” dizaynerlar va modelerlar uyushmasi, Toshkent to`qimachilik va engil sanoat instituti, «Sharq liboslari» dizaynerlik markazi hamda “O`zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi mutaxassislaridan iborat maxsus ishchi guruhi tuzildi. Shuningdek, bu jarayonga «O`zteks-Chirchiq», «Konteks», «Investteks», «Gul ren teks», «Arje feyshn» kabi mamlakatimizdagi  ixtisoslashtirilgan yirik to`qimachilik korxonalari ham jalb etildi.

“Osiyo ramzi” dizaynerlar va modelerlar uyushmasi raisi Xolida Komilovaning aytishicha, mutaxassislar barcha yoshdagi qizlar uchun qariyb ellik turdagi sport kiyimlari modelini ishlab chiqqan. Milliy xususiyatlar, iqlim va mahalliy sharoitlar inobatga olingan holda o`n ikkita model ommaviy ishlab chiqarish uchun tanlab olindi. Ushbu kiyimlar tarkibiga  sintetik tola qo`shilgan matolardan tayyorlanmoqda. Bu, o`z navbatida, ushbu liboslarning xususiyatlarini yaxshilab, shakli va zarur sanitariya-gigiena ko`rsatkichlarini saqlab qolishga yordam beradi.

Ayni paytda qizlar uchun mo`ljallangan bejirim sport kiyimlarini ishlab chiqarishga tayyorgarlik ishlari nihoyasiga etkazildi. Dizaynerlar an`anaviy naqshlar va boshqa bezak elementlaridan foydalanib, mato va rang uyg`unligini ta`minlagan holda yangi liboslar kolleksiyasida bolalar va o`smirlarning turmush tarzi, dunyoqarashi hamda fe`l-atvorini aks ettirishga alohida e`tibor qaratdi. Bolalar sportini rivojlantirish jamg`armasi «O`zteks-Chirchiq» qo`shma korxonasi bilan ana shunday sport liboslarini ishlab chiqarish to`g`risida shartnoma tuzdi.

“O`zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasining tikuvchilik-trikotaj ishlab chiqarishni rivojlantirish boshqarmasi boshlig`i Qahhorbek Mo`ydinovning ta`kidlashicha, buning uchun «O`zteks-Chirchiq» qo`shma korxonasi tanlangani bejiz emas. Mazkur korxona yuqori texnologiyali ishlab chiqarish uskunalari, o`zining fizika-kimyo tajriba laboratoriyasiga ega. Bu erda libos ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan barcha materiallar har tomonlama sifat nazoratidan o`tkaziladi. Ishlab chiqaruvchilar va dizaynerlarning yaqin hamkorligi samarasida milliy ranglar uyg`unligi va Evropaning zamonaviy moda an`analarini o`zida mujassam etgan tayyor mahsulotlar rangining yorqinligi bilan ajralib turadi.

Ushbu korxona yaqin kunlarda mahsulotni Bolalar sportini rivojlantirish jamg`armasiga etkazib beradi va yangi, bejirim sport kiyimlari qizlarga sovg`a sifatida taqdim etiladi. Qizlar, shubhasiz, bu liboslarni faxr bilan kiyib yuradi. Davlatimiz rahbarining sovg`asi qizlarning ayrimlarini katta sportga da`vat etsa, boshqalari uchun sportda katta g`alabalar sari rag`batdir.

 

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1