O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Xo`jayli tumanidagi barpo etilayotgan zamonaviy logistika markazida fermer xo`jalik rahbari Qutlimurat Panaev bilan suhbatlashib, Germaniyada 11 yil davomida chorvachilik bo`yicha ishlagan doktor Alisher Qurbanovga Qoraqalpog`istonga qaytib ishlayotgani uchun Kaptiva avtomashinasini sovg`a qilgani haqida ma`lumot berib o`tgan edik.
Xo`sh Alisher Qurbonov nima uchun va qanday qilib yana Qoraqalpog`istonga qaytdi. “Erkin Qaraqalpaqstan” nashri bu savolga javob olish uchun A.Qurbonov bilan suhbatlashdi.
“2017 yili "Panaev farms" fermer xo`jaligi rahbari Islam Panaev Germaniyaga seminttal nasilli qoramol sotib olishga bordi. Shunda men unga 60 bosh seminttal nasilli mol, Avstriyadan 300 bosh echki sotib olishda o`z maslahatlarim bilan yordamlashdim. Sentyabr oyida qishloqqa navbatdagi mehnat dam olishiga kelganimda, shu olib bergan mollarning holatini ko`rish maqsadida fermer xo`jaligida bo`lganimda bu erdagi ishlarda o`zgarish kiritish shart va tartibga solish zarur bo`lgan holatlarni ko`rdim.
Ana shundan boshlab ushbu xo`jalikning ishlarini to`g`ri tashkillashtirish va iqtisodiy tomondan tartibga solish bo`yicha o`zimning masalahatlarimni berib, menendjer lavozimida ishlab kelmoqdaman. Hozir bu xo`jalikning chorvachilikdagi holati ancha yaxshi tomonga o`zgardi. Bahorda sotib olib kelingan mollarimizning soni 130 boshga etdi. Shuningdek, fermada Gollandiyadan olib kelingan golshteyn nasilli qoramollar ham boqilmoqda. Hozirgi kunlari ularning har biridan kuniga o`rtacha 20 litrdan sut sog`ib olinib, o`zlarimizda qayta ishlanib, "Panamilk" markasi bilan 55 turdagi sut mahsulotlari tayyorlanib, savdo o`rinlariga etkazib berilmoqda”, - deydi Alisher Qurbonov.